Nika Kacharava jarohatdan so‘ng “Buxoro”da yangi energiya bilan maydonda

«Buxoro» hujumchisi Nika Kacharava klub matbuot xizmatiga intervyu berib, jarohatdan so‘ng maydonga qaytishi, jamoaga moslashishi va mavsumdagi maqsadlari haqida so‘zlab berdi.
«Jarohatdan keyin yana maydonga qaytganimdan juda xursandman. Keyingi bahslarda ham jamoamga yordam berishni intiqlik bilan kutyapman. Moslashuv jarayoni yaxshi va muvaffaqiyatli kechmoqda», — dedi Kacharava.
Hujumchi klubga o‘tish qarori haqida ham to‘xtalib, «Taklifni yil boshida oldim va uzoq o‘ylamadim. O‘zbekiston chempionati haqida ijobiy fikrlar eshitgan edim», — deya bildirdi.
Shuningdek, Superliga darajasini ham baholadi: «Hozircha bitta bahsda ishtirok etdim, to‘liq baho berishga erta. Ammo futbolchilar jismonan juda kuchli va tayyor ekanini ko‘rdim».
Kacharava jamoaning start natijalarini ham ijobiy baholadi: «Yaxshi boshladik, o‘yindan o‘yinga ishonch ortmoqda. Keyingi bahslarda ham shu ruhda davom etishimiz kerak».
Futbolga kirib kelishda otasining ta’siri katta bo‘lganini ham ta’kidladi: «Otam sabab futbolni tanlaganman, bolaligimdan uning o‘yinlarini kuzatib ulg‘ayganman».
Yakunda u muxlislarga murojaat qilib, jamoa muvaffaqiyatlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 4-turda buxoroliklar «Dinamo»ni 3:1 hisobida mag‘lub etdi va 10 ochko bilan turnir jadvalida 2-o‘rinni egallab turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!