“Siti”ning Liga kubogini qo‘lga kiritishdagi Husanov harakatlari (video)

“Siti”ning Liga kubogini qo‘lga kiritishdagi Husanov harakatlari (video)
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Abduqodir Husanov Angliya Liga kubogini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirdi.
  • “Manchester Siti” finalda “Arsenal”ni 2:0 hisobida mag‘lub etib, turnir bosh sovrinini o‘z tarixida 9-marta qo‘lga kiritdi.
  • Gollarni 60 va 64-daqiqalarda Niko O'Rayli urdi.
  • Husanov asosiy tarkibda to‘liq 90 daqiqa o‘ynadi, 32-daqiqada ogohlantirildi va Viktor Dyokereshni deyarli zararsizlantirib, ishonchli o‘yin namoyish etdi.

Londondagi mashhur Uembli stadioni arenasida Angliya Liga kubogining hal qiluvchi final bahsi bo‘lib o‘tdi. Bosh sovrin uchun kurashda "Manchester Siti" hamda "Arsenal" jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.

Uchrashuv “shaharliklar”ning 2:0 hisobidagi ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi. Bellashuv taqdirini ikkinchi bo‘limda Niko O’Rayli tomonidan kiritilgan ikki gol hal qildi. U 60 va 64-daqiqalarda raqib darvozasini ishg‘ol etib, jamoasiga oltin medallarni taqdim etdi.

Ushbu natija orqali “Manchester Siti” o‘z tarixida 9-marta mazkur turnir bosh sovrinini qo‘lga kiritdi. Endi manchesterliklar bu borada rekordchi "Liverpul" (10 ta kubok)ga yanada yaqinlashdi — farq atigi bitta sovrinni tashkil etmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov ham asosiy tarkibda maydonga tushib, to‘liq 90 daqiqa davomida faol harakat qildi. U 32-daqiqada Viktor Dyokereshga nisbatan qo‘pol o‘ynagani uchun ogohlantirildi, ammo shundan so‘ng o‘zini to‘liq qo‘lga olib, ishonchli o‘yin namoyish etdi.

Husanov so‘nggi uchrashuvlarda ko‘rsatgan barqaror va ishonchli o‘yini orqali murabbiylar ishonchini qozondi. U jarohat olgan Ruben Diash va turnirda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lmagan Mark Gexi o‘rnini munosib tarzda to‘ldirdi. Ayniqsa, u butun o‘yin davomida raqib hujumchisi Dyokereshni deyarli neytrallashtirib, darvozaga xavf tug‘ilishiga yo‘l qo‘ymadi.

Eng muhimi, ushbu g‘alaba orqali Abduqodir Husanov Angliya Liga kubogini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga muhrlandi. Bu sovrin uning Angliyadagi faoliyatidagi ilk katta yutug‘i bo‘lib, kelajakda yanada yirik zafarlar uchun mustahkam poydevor vazifasini o‘tashi kutilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar