Qarshi klubi O‘zbekiston Kubogini yutib, OCHL saralashi uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritganida, yangi mavsumda moliyaviy ahvol ancha yaxshilanishidan umid qilgan edim. Afsuski, hech narsa o‘zgarmaydigan ko‘rinadi. Rahbariyat o‘z "stil"ida davom etayotgandek. Ana-mana, deguncha, "Baniyas" bilan o‘yin. Klub esa, Sharof Muhitdinovning transferini rasman e’lon qilishni uddalay olmadi. Kuchli legionerlar haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. "Nasaf" so‘nggi yillarda nafaqat Qashqadaryo, balki butun O‘zbekiston xalqining sevimli jamoasiga aylanib ulgurdi. Shunday ekan, endi ayrim insonlar xalq klubi bilan xohlaganini qilishi mumkin emas!
"Nasaf" xalqaro maydonda yurtimiz sharafini himoya qiladi. Boz ustiga, agar "Baniyas"dan o‘tsa, "Sug‘diyona"ni ham o‘zi bilan OFK tasnifidagi musobaqaga olib chiqishi mumkin. Bunday muhim pallada sifatli transferlar "ajdarlar" uchun ayni muddao bo‘lishi aniq. Afsuski, klub Abdilaye Diakiyete futbolchi bilan yuzaga kelgan mojaro sababli hali o‘z tarkibini kuchaytira olgani yo‘q. Eng achinarlisi shunda-ki, bu klub rahbarlarining e’tiborsizligi sababli yuzaga kelgan vaziyat. FIFA ogohlantirish xatini o‘z vaqtida yuborgan, biroq hech kim jamoa pochtasini tekshirib ko‘rishga vaqt topmagan.
Natijada, FIFA jamoaga transfer taqiqini qo‘ydi. Kichik e’tiborsizlik sababli muhim o‘yinlar oldidan Berdiyev jamoani qanday kuchaytirish haqida bosh qotirishga majbur. Menga kelgan ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, o‘z vaqtida bu masala borasida ish olib borilganida, hammasi arzimagan pul evaziga bosdi-bosdi bo‘lib ketishi kerak edi. Endi, o‘zi shundoq ham akademiyadagi tarbiyalanuvchilarga oziq-ovqat yetkaza olmayotgan "Nasaf" 100 ming dollar jarima to‘lashi shart.
Eh, e’tiborsizlik qursin, e’tiborsizlik! O‘zi avvalroq, 2020 yilda klubni OFK litsenziyasidan o‘tkazish masalasida qilingan hafsalasizlik jamoaga qimmatga tushgandi. Balki qo‘lida puli, tarkibida kuchli futbolchilari yo‘q Ro‘ziqul Berdiyev "Nasaf" bilan natija qayd etishiga ishonishmagandir. Yana kim biladi deysiz?!
So‘nggi yillarda o‘zbek futboliga yangi nomlarni yetkazib berishdan to‘xtamayotgan "Nasaf"ning akademiyasiga ortiqcha ta’rif berishning hojati yo‘q. Klubda turli lavozimlarda ishlagan va hozirda ham faoliyat olib borayotgan insonlar bilan suhbatlashgach, bugun akademiyadagi bolalarning ahvoliga havas qilib bo‘lmasligini chuqur his etdim. Adashmasam, 5 yanvar sanasida yegulik taqchilligi kuzatilgach, klub bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev yonidan xarajat qilib, yigitlarga ul-bul olib borgan. Zar qadrini zargardan boshqa yana kim ham bilardi?! Klub rahbarlari akademiyadan chiqayotgan futbolchilar bilan maqtanishga haqqi bor, ammo bu mantiqqa qanchalik to‘g‘ri keladi?
Ortda qolgan 10 yil davomida Berdiyevning "Nasaf"i ko‘plab futbolchilarni yangi darajaga olib chiqdi. Shunga qaramay, keling, hisob-kitob qilamiz. Har yili klub akademiyasini 40-50 nafar yosh futbolchi bitiradi. Ularning soni 10 yilda 400 yoki 500 bo‘ladi. "Nasaf" esa, nari borsa 60-70 tasini jamoada olib qoladi. Bu tarbiyalanuvchilarning atigi 20 foizi katta futbolda o‘z "non"ini topib ketadi, degani. Akademiya Berdiyevdan-da kattaroq kuch bo‘lsa, nega qolgan 80 foiz futbolchilar MTJ u yoqda tursin, Superliganing grandlari darajasiga ham ko‘tarila olmaydi? Mayli, bu savol o‘z yo‘liga.
Meni boshqa narsa o‘yga soldi. Agar "yulduzlar fabrikasi" singari iste’dodlarni yetkazib berayotgan akademiyada ahvol shu darajada og‘ir bo‘lsa, qolgan klublarda nimalar bo‘lyapti? Faqat bugungi kun bilan fikr yuritishdan yiroqman, biroq so‘nggi 5 yil ichida "Nasaf"ning qaysi yosh toifasidagi jamoasi O‘zbekistonda tengsizga aylandi? O‘zbekiston U14 va U16 jamoalari ishtirok etgan O‘zbekiston chempionati bahslarini to‘liq tomosha qildim. Sizni ishontirib aytishim mumkin-ki, klubning bu yoshdagi futbolchilari asosiy jamoa singari g‘oliblik uchun da’vogarlik qila olmadi.
Ha, "Nasaf" U16 finalga qadar yetib bordi, ammo "Paxtakor" bilan o‘yinda klass yaqqol ko‘zga tashlandi. "Ajdarlar" o‘sha bahsda maydonda raqibga barcha jihatlarda yengildi. O‘smirlarning taktik ko‘nikmasi, maydondagi intellekt va fikrlashi, jismonan hamda ruhan tayyorgarligi raqibnikidan ancha pastroq ekanligini yaqqol ko‘zga tashlandi. Bu "Nasaf"ning asosiy jamoasi yutuqlari fonida ko‘rinmay ketishi mumkin. (Videoda O‘zbekiston U16 chempionati final bahsida qarshiliklar darvozasiga kiritilgan 4-gol).
Yoshlar futboli-ku, mayli, ammo "Nasaf"ning futzal jamoasi-chi? Bu umuman boshqa mavzu, ammo o‘rni kelganida fikrimni bildirib o‘taman. Yaqinda ish yuzasidan O‘zbekiston futzal oliy ligasidan 5-turidan o‘rin egallagan barcha bahsini tomosha qildim. Men futzal mutaxassisi emasman, ammo oddiy narsalarni tushunaman. Yuqori pog‘onalar uchun kurash olib boradigan jamoalarda futzalchilar soni kamida 12-15 ta bo‘lishi shart. 2 ta to‘rtlik va ularni charchab qolganda almashtirishga qodir yana 3-4 o‘yinchi. Har holda, futzalchilar soni ko‘p bo‘lsa, qolganlar parketda "svejiy"roq to‘p tepishi mumkin.
Ochig‘i, "Nasaf"ning AGMKga qarshi uchrashuvini ko‘rib, qarshilik futzalchilarga rahmim keldi. Olmaliqliklar tarkibida kuchli futzalchilar bilan birgalikda, teng kuchli ikkita to‘rtlik bor. "Nasaf" esa, o‘sha bahsga bor-yo‘g‘i 7 ta o‘yinchi bilan keldi. Zaxiradigalarning darajasi va ulardan biri darvozabon ekanligini inobatga olsak, 6 ta futzalchi! Tasavvur qilyapsanmi, Karl, 6ta!
Achinarlisi shunda-ki, "ajdarlar"ning asosiy tarkibidagi yigitlar klass jihatidan O‘zbekiston chempionatidagi birorta futzalchidan kam emas, lekin kuchli charchoq sababli o‘yin yakunida gollar o‘tkazib yuboraverdi. Nahotki, butun boshli Qashqadaryoda to‘liq 12 ta futzalchi topilmagan bo‘lsa? Raqib son jihatidan ko‘p ekanligi uchungina mag‘lubiyatga uchrayotgan "ajdarlar"ni tashqaridan tomosha qilib, ularga achinib ketdim. Bilmadim, balki klubda bir vaqtning o‘zida 15 futzalchidan iborat jamoaga maosh to‘lash imkoniyati yo‘qdir. Yoki boshqa sabab bormikan?!
Jamoaga oid bundan ham achchiqroq haqiqatlar haqida yozishim mumkin edi, ammo "Nasaf" muxlislari bundan ortig‘ini hazm qila olmasligi mumkin. Aslida, shu mavzuga oid jurnalistik surishtiruv olib bormoqchi edik. Afsuski, klubga aloqador hech kim yordam berishni istamadi. Kimdir ishini yo‘qotishdan qo‘rqdi, boshqasi kamerada ko‘rinish berishdan bosh tortdi. "Och qornim tinch qulog‘im" maqolini shiorga aylantirganlardan xafa emasman. Barchaning o‘z haqiqati bor. Men esa, bular haqida bila turib, indamay o‘zimni futbolimiz uchun jon kuydirayotgan jurnalistdek ko‘rsatishni o‘zimga ep ko‘rmadim.
"Nasaf" tizimida bo‘layotgan ishlar haqida bir emas, o‘nlab insonlar aytgan so‘zlar kayfiyatimni tushirib yubordi. Men bir tomonni eshitib xulosa chiqarishdan yiroqman. Shu bois, agar klub rahbarlari vaziyatga va men maqolada keltirib o‘tmagan boshqa ma’lumotlarga izoh bera olishsa, ularni eshitishga tayyorman. Balki, ulardan biri bizning "YouTube"dagi jonli efirimizda ishtirok etish va savollarimizga javob berish orqali vaziyatga oydinlik kiritish uchun o‘zida kuch topar.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Toshkentda vafot etgan rossiyalik jurnalist ishiga doir qo‘shimcha ma’lumot