
2026 yilgi Jahon chempionati qur’asi oldidan o‘zbek futboli atrofidagi qizg‘in muhokamalar yana avjida. Sports.uz sayti musobaqadagi ishtirokimiz, ehtimoliy raqiblar va futbolchilarning kelajak imkoniyatlari haqida Sport TV’ning kreativ jurnalisti Abror Jo‘raqulov bilan qiziqarli suhbat uyushtirdi. Jurnalistning fikrlari nafaqat tahlil, balki muxlis ko‘zqarashini ham jonli aks ettiradi.
Qaysi raqiblar biz uchun eng qulay?
Abror Jo‘raqulov birinchi navbatda Meksika terma jamoasini xohlar ekan, bunga jiddiy sabab ham bor: agar Meksika tushsa, O‘zbekiston ochilish o‘yinini afsonaviy “Atsteka” stadionida o‘tkazishi mumkin. Jurnalistning ta’kidlashicha, birinchi savatdagi barcha raqiblar kuchli, ammo Kanada va Meksika biroz yengilroq tuyuladi.
Ikkinchi savatdan eng optimal variant sifatida Avstriya ko‘rsatildi. Jo‘raqulovning taxminlariga ko‘ra, bu raqib o‘yin uslubi va fizika jihatdan O‘zbekiston uchun mos kelishi mumkin. To‘rtinchi savatchadan esa Yangi Zelandiya yoki Gana tushsa, termamiz uchun ideal guruh shakllanishi aytib o‘tildi.
Jurnalistning umumiy xulosasiga ko‘ra:
Meksika — Avstriya — Yangi Zelandiya/Gana
— O‘zbekiston uchun eng maqbul va raqobatbardosh guruh bo‘lishi mumkin.
Guruhdan chiqa olamizmi?
Abror Jo‘raqulov bu savolga ishonch bilan javob beradi:
“Menimcha, guruhdan chiqishga quvvatimiz yetadi. Asosiy maqsad — birinchi bosqichni o‘tish, undan keyin esa vaziyatga qarab harakat qilamiz. Jamoamizga ishonaman”.
Uning fikriga ko‘ra, termamizning jamoaviy o‘yini, intizomi va individual mahoratlar to‘plami mundialda kamida 1/16 finalga yo‘l olish imkonini beradi.
Qaysi futbolchilar porlab chiqishi mumkin?
Suhbat davomida jurnalist e’tiborni bir qator futbolchilarga qaratdi. Ularning orasida:
Abbosbek Fayzullayev
Abrorning so‘zlariga ko‘ra, mundial Abbos uchun “portlash nuqtasi” bo‘lishi mumkin. Uni kasb sifatida kuzatib boradigan jurnalist sifatida, Fayzullayevning potensiali katta ekani va Jahon chempionatida kashf etiladigan yulduzlardan biriga aylanishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Xusniddin Aliqulov
Yevropaning kuchli chempionatlariga munosib himoyachi. Unga faqat katta sahna — ya’ni mundial kerak. 2026 yilgi musobaqa aynan o‘sha platformaga aylanishi mumkin.
Yoshlar va tajribalilar imkoniyati
Rustam Ashurmatov, Sherzod Nasrullayev, Akmal Mozgovoy kabi o‘yinchilarga yetarli o‘yin amaliyoti berilsa, ular ham o‘zini ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, Abduqodir Husanov “Manchester Siti” safida ham o‘ziga xos sinovdan o‘tadi. Mundial orqali unga bo‘lgan qiziqish yanada oshib borishi ehtimoli yuqori.
Xulosa
Abror Jo‘raqulovning fikrlari shuni ko‘rsatadiki, termamiz 2026 yilgi jahon chempionatida nafaqat ishtirokchi sifatida, balki raqobatbardosh jamoa sifatida maydonga tushadi. Uning ta’kidlashicha, asosiy maqsad — guruhdan chiqish. Qolgani esa o‘yin kayfiyati va maydondagi kurashga bog‘liq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.