AQSh banki mijozlar maʼlumotlarini sunʼiy intellektga oshkor qilib qoʻydi

Pensilvaniya, Ogayo va Gʻarbiy Virjiniya shtatlarida faoliyat yurituvchi Community Bank kiberxavfsizlik bilan bogʻliq jiddiy hodisa yuz berganini maʼlum qildi. Bank mijozlarining ism-sharifi, tugʻilgan sanasi va ijtimoiy sugʻurta raqamlari kabi maxfiy maʼlumotlari oshkor boʻlib ketgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
AQSh Qimmatli qogʻozlar va birjalar komissiyasiga taqdim etilgan 8-K shaklidagi hisobotga koʻra, maʼlumotlar sizib chiqishiga "ruxsat etilmagan sunʼiy intellekt dasturiy taʼminotidan" foydalanilgani sabab boʻlgan. Bank rahbariyati ushbu maʼlumotlarning oʻta maxfiyligi va hajmi tufayli hodisani ochiqlashga qaror qilgan.
Mutaxassislarning fikricha, bank xodimlaridan biri mijozlarga oid maʼlumotlarni onlayn AI chatbotiga yuklagan boʻlishi mumkin. Bu esa maxfiy maʼlumotlarning uchinchi tomon – chatbot ishlab chiqaruvchisi qoʻliga tushish xavfini keltirib chiqargan.
Community Bank qancha mijoz jabr koʻrgani yoki aynan qaysi sunʼiy intellekt ilovasi ishlatilganini hozircha ochiqlamadi. Bank ayni damda taʼsir doirasiga tushgan maʼlumotlarni tahlil qilmoqda va qonunchilikka muvofiq jabrlangan mijozlarga xabarnomalar yuborishni boshlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!