DeepSeek sunʼiy intellekt sohasida 45 milliard dollarlik bahoga erishmoqda

Xitoyning yarimoʻtkazgichlar sanoatidagi eng yirik davlat investitsiya fondi boʻlgan China Integrated Circuit Industry Investment Fund kompaniyasi DeepSeek startapiga sarmoya kiritish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Financial Times nashrining xabar berishicha, ushbu moliyalashtirish raundi natijasida sunʼiy intellekt laboratoriyasining qiymati 45 milliard dollarga yetishi mumkin. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Avvalroq, 2026-yilning aprel oyida DeepSeek kamida 300 million dollar mablagʻ jalb qilish boʻyicha muzokaralar olib borayotgani maʼlum boʻlgan edi. Oʻsha vaqtda Tencent va Alibaba kabi texnologiya gigantlari kompaniyani 20 milliard dollarga baholagan holda investitsiya kiritishni rejalashtirgan edi.
DeepSeek — bu ochiq kodli yirik til modellari (LLM) oilasini ishlab chiquvchi Xitoy kompaniyasi hisoblanadi. U ChatGPT va boshqa mashhur modellarga raqobatchi sifatida maydonga chiqqan boʻlib, ayniqsa, modellarni oʻqitishdagi kamroq xarajatlari bilan ajralib turadi.
Kompaniyaning sunʼiy intellekt texnologiyalari matn yaratish, dasturlash kodlarini yozish, murakkab mantiqiy masalalarni yechish va tasvirlar generatsiya qilish imkoniyatiga ega. Ushbu yangi investitsiya bosqichi DeepSeek kompaniyasining global sunʼiy intellekt bozoridagi mavqeini yanada mustahkamlashiga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!