Xiaomi xonani 15 soniyada sovutuvchi Mijia Air Conditioner Strong Wind Pro’ni chiqardi

Xiaomi kompaniyasi quvvati 2,2 kW dan yuqori boʻlgan yangi Mijia Air Conditioner Strong Wind Pro pol konditsionerini taqdim etdi. Mazkur qurilma katta maydonli xonalarni tezkor sovutish va isitish uchun moʻljallangan boʻlib, yuqori unumdorligi bilan ajralib turadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi konditsioner soatiga 1820 m3 havo oqimini hosil qiladi, uning havo tarqatish tizimi esa 115 darajali qamrovni taʼminlab, xonada "koʻrinmas hududlar" qolmasligini kafolatlaydi. Qurilma asosini kuchli ikki silindrli kompressor tashkil etadi: u xonani sovutishni 15 soniyada, isitishni esa 30 soniyada boshlashga qodir. Intensiv rejimda haroratni bor-yoʻgʻi 10 daqiqa ichida 8°C ga tushirish mumkin.
Energiya samaradorligi boʻyicha yuqori APF 5.31 klassiga mansub boʻlgan ushbu model mis issiqlik almashinuvchilari (kondensator va bugʻlatgich) bilan jihozlangan. Bu nafaqat samaradorlikni oshiradi, balki qurilmaning chidamliligini ham taʼminlaydi. Ishlab chiqaruvchi mahsulot uchun 10 yilgacha kafolat bermoqda.
Mijia Air Conditioner Strong Wind Pro Xiaomi ekotizimiga toʻliq integratsiya qilingan: u masofadan boshqarish, dasturiy taʼminotni simsiz yangilash (OTA) va boshqa aqlli qurilmalar bilan oʻzaro aloqa qilish funksiyalarini qoʻllab-quvvatlaydi. Hozirda yangilik Xitoy bozorida 950 dollar atrofida sotuvga chiqdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!