Stilta kompaniyasi patentlarni tahlil qilish uchun 10,5 million dollar jalb qildi

Tadbirkor Oskar Blok va uning hamkorlari intellektual mulk sohasidagi murakkab jarayonlarni avtomatlashtirishga qaratilgan Stilta sunʼiy intellekt platformasini ishga tushirdi. Loyiha patentlar bilan bogʻliq sud jarayonlari va tadqiqot ishlarini tezlashtirish hamda arzonlashtirishni maqsad qilgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Stilta startapi Andreessen Horowitz (a16z) boshchiligidagi investitsiya raundida 10,5 million dollar mablagʻ toʻpladi. Shuningdek, ushbu moliyalashtirishda Y Combinator hamda OpenAI, Legora va Lovable kabi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Platforma ishlash prinsipi boʻyicha tajribali yuristlar jamoasini eslatadi. Foydalanuvchi patent raqamini tizimga kiritgach, sunʼiy intellekt agentlari tarmoq orqali oʻxshash patentlarni qidiradi, sud tarixini tahlil qiladi va dalillarga asoslangan batafsil hisobotlarni taqdim etadi.
Blokning taʼkidlashicha, koʻplab kompaniyalar oʻz patentlaridan foydalanmaydi yoki ularni toʻgʻri tahlil qila olmaydi, chunki bu jarayon juda qimmat va vaqt talab qiladi. Stilta aynan shu toʻsiqni olib tashlab, kompaniyalarga oʻz intellektual mulkining yashirin qiymatini ochishga yordam beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!