Rossiyada yuzlab gektar maydonni qayta ishlovchi Feniks-E va Drofa-S dronlari taqdim etildi

Rostex tarkibiga kiruvchi “Rosel” xoldingi CIPR-2026 konferensiyasida qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan “Feniks-E” va “Drofa-S” nomli aqlli uchuvchisiz uchish apparatlarini ilk bor namoyish etdi. Ushbu tizimlar dalalar holatini monitoring qilish va ekinlarga ishlov berish uchun maxsus ishlab chiqilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Davlat korporatsiyasi vakillarining taʼkidlashicha, ushbu toʻliq mahalliy tizimlar yuzlab gektar maydonlarda inson mehnatini oʻrnini bosishga qodir. “Feniks-E” vertikal ravishda koʻtarilish va qoʻnish xususiyatiga ega samolyot turidagi apparat boʻlib, u elektr quvvati bilan ishlaydi. Uning asosiy vazifasi qishloq xoʻjaligi yerlarini kuzatish, ekinlar va oʻsimliklar holati haqidagi maʼlumotlarni real vaqt rejimida tashqi uchuvchi stansiyasiga uzatishdan iborat.
“Drofa-S” esa multirotorli sxema asosida yaratilgan boʻlib, u suyuq kimyoviy moddalar yoki sochiluvchan oʻgʻitlar solingan baklarni tashish imkoniyatiga ega. Mazkur dron bir vaqtning oʻzida ham hududni monitoring qilish, ham ekinlarga ishlov berish vazifalarini bajaradi. Har ikkala qurilma avtomatik rejimda ishlaydi, biroq zarurat tugʻilganda qoʻlda boshqarishga oʻtish imkoniyati ham mavjud.
Dronlar va yer usti stansiyalari oʻrtasidagi aloqa kanali xalaqitlardan himoyalangan va zaxira liniyalari bilan dublyaj qilingan. Bortdagi sunʼiy intellekt tizimlari va mashinali koʻrish (machine vision) elementlari oʻsimliklar holatini tahlil qiladi, muammoli hududlarni aniqlaydi va namlik darajasini belgilaydi.
“Feniks-E” va “Drofa-S” toʻliq mahalliy butlovchi qismlar asosida yigʻilgan boʻlib, sertifikatsiyadan oʻtgan va Rossiya sanoat mahsulotlari reyestriga kiritilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!