08:08 / 08.08.2017
7 090

«Ana senga «surpriz-u», mana senga «surpriz»… yoxud o‘zbek OAVsida «jinsiy erkinlik inqilobi»

 «Ana senga «surpriz-u», mana senga «surpriz»… yoxud o‘zbek OAVsida «jinsiy erkinlik inqilobi»
Bekorchilikdan internet titkilab, juda qiziq xabar o‘qib qoldim. Nima emish, 2050 yilga kelib insonlar… robot (!) bilan «uyat ish qilish» imkoniga ega bo‘larkan. Qanday qilib, deysizmi? Unda eshiting.

Mahalliy «idea.uz» nashrida qayd etilishicha, hozirgi texnologiya — robotlarning mukammallashib borayotgani, ularning insoniy qiyofaga yaqinlashtiradigan sun’iy terilar yaratilayotgani bunga imkon berarmish. Endi insonlar to‘shakdagi sherigini tashqi ko‘rinishi taniqli “kinoyulduzni” eslatadigan robotga almashtirishi va u bilan xayolidagi barcha jinsiy fantaziyalarini ro‘yobga chiqarishi mumkin emish.

Bu cho‘pchakni qayerdan olding, deysizmi? Hecham cho‘pchak emas. Bizning ommaviy axborot vositalar oldi-qochdi narsalar yozmaydi-ku. Noto‘g‘ri eshitmadingiz — «idea.uz» saytining «peshanasi»ga kichkina qilib bo‘lsa-da, «Sayt matbuot va axborot agentligida ro‘yxatdan o‘tgan», deb yozib qo‘yibdi.

Mana shunaqa. Yana sizlar taraqqiyotdan orqada qolayapmiz, deb noliganingiz-noligan. Shu xabarni o‘qigach, qiziqishib ketibmi, veb-saytni «ichak-chavog‘ini» ag‘darib tashladim. Ey, akalar, bu saytning turgan-bitgani «Sivilizasiya», «Demokratiya epkinlari», «jinsiy ozodlik» ekan!

Misol kerakmi? Marhamat! Qaysidir qalamingga qurt tushgur saytga test joylabdi. Uning ostiga esa ruschada «test orqali odamlar o‘zida gomoseksual belgilar bor yoki yo‘qligini taxmin qilishi mumkinligi, agar kimdir o‘zini «besoqolbozlik»da shubha qilsa, xavotir olmasligi, chunki u — yolg‘iz emasligi»ni bayon qilibdi. (Muallif o‘zini nazarda tutgan shekilli).

Xullas, endigina tupuraman deb og‘iz juftlayotganimda boshqa, asosan shou-biznesni yoritadigan «protoday.uz» degan saytda «Figurali uchish bo‘yicha chempion Redford figurachi do‘stining qo‘lini so‘radi» sarlavhali o‘zbekcha material, «bejirimgina» surati bilan e’lon qilinib turibdi-da…

Yo‘q, bular ko‘payib ketibdi. Birgina men va Alisher akamlarning «tupugi» bularga kamlik qilarkan. Agar hamma bir bo‘lib bularni «cho‘ktirmasa», nazorat qilmasa, ertaga bir jinsli nikohni qonuniylashtirish masalasini ko‘tarishdan ham tap tortishmaydi!

Ha, aytgancha, shaxsan menga «surprizlar» yoqmaydi!


Manba: Fayzbog.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Ana senga «surpriz-u», mana senga «surpriz»… yoxud o‘zbek OAVsida «jinsiy erkinlik inqilobi»