14:33 / 09.08.2017
6 445

"Xorijlik yigit bilan ketmoqchiman"

"Xorijlik yigit bilan ketmoqchiman"
— 24 yoshdaman. Yurtimizda ishlab yurgan xorijlik yigit bilan tanishib, bir-birimizni yoqtirib qoldik. Tanishganimizga ikki yil bo‘ldi. Yaqinda uning ish muddati tugab yurtiga ketdi. Ota-onamga bu haqda gapirishga qo‘rqaman. Chunki bilaman, baribir rozilik berishmaydi. Yigit esa: «Men bilan birga keta qol, olti oydan so‘ng qaytib kelamiz-da, to‘y qilishni aytamiz. Shunda ular rozi bo‘lishdan boshqa iloji qolmaydi», demoqda. Shunday yo‘l tutsam bo‘ladimi?
Muyassar, Xorazm viloyati.

Tahririyatdan:

— Juda noto‘g‘ri fikr. Ota-onadan yashirincha ish qilishning oqibati «voy» bo‘ladi. Sizning dunyoga kelishingizga sababchi bo‘lgan, oq yuvib oq taragan, qog‘ozdagi qanddek go‘zal tarbiyalagan ota-onani dog‘da qoldirib, allaqaydagi chet ellik yigit bilan o‘zingiz bilmagan yurt, notanish odamlarnikiga qay yurak, qay jur’at bilan borasiz? Va so‘ngra qay yuz bilan Vatanga qaytasiz? Bu sharmandalik, g‘irt ahmoqlik-ku! Bu muhabbat emas, qabohat! Jon qizim, ko‘zingizni oching! Tafakkur qilib ko‘ring, sizni bu yo‘lga boshlayotgan yigitda or-nomus bormi o‘zi?

Balki ularda bunday yo‘l tutish odat tusiga kirgan oddiy hodisa bo‘lsa ajabmas. Biz — o‘zbeklarda bu oriyat! Ota-onani tiriklayin go‘rga tiqish! Qolaversa, hayot tajribasiga ega bo‘lgan, xotin-qizlar masalalari bilan ishlab turli muammolarni o‘rgangan va natijasini ko‘rgan inson, ayol va ona sifatida maslahatim — o‘z yurtingizdagi, iloji bo‘lsa o‘z qishlog‘ingizdagi yigitga turmushga chiqishga harakat qiling.

Eng asosiysi, ota-onangiz, qarindosh-urug‘ingizga yaqin joyda yashaysiz. Bu esa o‘zimiz sezmagan katta baxt, qizim! Turmush masalasi faqat ishq-sevgi romantikasidangina iborat emas. Bizda oila muqaddas! Nikoh muqaddas! Ota-ona-muqaddas zotlar hisoblanadi. Bu muqaddaslikka xiyonat qilish gunoh, bolam. Unutmang, o‘zligini yo‘qotgan odam o‘zini tamoman yo‘qotadi.

Mehmon yigitimizga ham o‘z yurti, ota-onasi bag‘rida baxt va omadi kulib yashashini tilab qolamiz.


Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Xorijlik yigit bilan ketmoqchiman"