AQSh bazalari Erondan katta zarar ko'rdi

BBC tahliliga ko'ra, Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy bazalariga Eron tomonidan berilgan zarbalar janglarning dastlabki 14 kuni davomida taxminan 800 million dollar zarar yetkazdi. Yo'qotishlarning aksariyati mojaroning birinchi haftasida Eronning javob hujumlari bilan bog'liq bo'lgan.
Hisobotda aytilishicha, eng qimmat talafotlarning ayrimlari Iordaniyadagi AQSh aviabazasida qayd etilgan. Nishonlar orasida THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimi va AN/TPY-2 radari bo'lgani aytilmoqda. BBC ma'lumotiga ko'ra, faqat radarning o'zi taxminan 485 million dollarga baholanadi. Bundan tashqari, mintaqadagi AQSh bazalaridagi binolar va boshqa infratuzilma yana 310 million dollar zarar ko'rgan deb hisoblanmoqda.
Sun'iy yo'ldosh tasvirlari tahlili shuni ham ko'rsatadiki, Eron kamida uchta AQSh aviabazasiga bir necha bor zarba bergan: Quvaytdagi Ali Al Salem, Qatardagi Al Udeid va Saudiya Arabistonidagi Prince Sultan. BBC'ga ko'ra, takroriy hujumlar Eron muhim harbiy obyektlarni ataylab nishonga olganini ko'rsatadi.
Ayni paytda AQShning harbiy xarajatlari keskin oshdi. ABC News xabariga ko'ra, Pentagon rasmiylari senatorlarga yopiq brifingda Vashington urushning dastlabki olti kunida kamida 11,3 milliard dollar sarflaganini bildirgan. The Washington Post ham Pentagon harbiy amaliyotlarning ilk ikki kunidayoq o'q-dorilarga 5,6 milliard dollar sarflaganini yozdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!