Surxondaryoda ichki ishlar xodimini kaltaklagan erkak qo‘lga olindi

Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida qarz bahsi oqibatida sodir bo‘lgan mojaro vaqtida fuqarolardan biri ichki ishlar xodimiga hujum qilib, uni kaltakladi. Bu haqda viloyat IIB rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2 fevral kuni qarz masalasi yuzasidan bir guruh erkaklar fuqaroning uyiga kelib, janjal chiqargan va jamoat tartibini buzgan. Voqea joyiga yetib kelgan profilaktika inspektorlari holatni tinchlantirish va ishtirokchilarni IIBga olib borish chog‘ida ulardan biri — 1972 yilda tug‘ilgan fuqaro xodimlarga qarshi chiqib, kapitan R. Choriyevga bosh bilan zarba bergan.
Javobgarlikdan qutulish maqsadida u o‘zini hushidan ketgandek ko‘rsatgan. Shifoxonada tekshiruv vaqtida esa uning voyaga yetmagan o‘g‘li ham yetib kelib, yana bir inspektorga hujum qilgan, ammo tezda zarar sizlantirilgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va asosiy gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Uning voyaga yetmagan farzandi esa tilxat bilan qo‘yib yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, 9 mart kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida ham xizmat vazifasini bajarayotgan suv ta’minoti xodimi kaltaklangan edi. Jabrlangan xodimga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatilgan va holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limida surishtiruv ishlari olib borilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!