10:26 / 25.10.2018
4 900

Xususiy tadbirkorlarga qator faoliyat turlari bilan shug‘ullanish taqiqlandi

Xususiy tadbirkorlarga qator faoliyat turlari bilan shug‘ullanish taqiqlandi
2019 yil 1 yanvardan yangi Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati kuchga kiradi, deb yozmoqda Norma.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida amaldagi Ro‘yxatga tuzatishlar loyihasi muhokama qilingan edi. Unda 8 ta faoliyat turini chiqarib tashlash taklif qilingan edi. Jamoatchilik tanqidiy munosabat bildirdi, muhokama vaqtida (15 kun) 16 ta taklif tushdi. Asosan, sharhlovchilar yakka tartibdagi tadbirkorlarning (keyingi o‘rinlarda – YaTT) bugungi kunda ruxsat etilgan u yoki bu faoliyatini bekor qilishga qarshi so‘z yuritganlar. Qayd etish joizki, ularning fikr-mulohazalari e’tiborga olindi va qabul qilingan tahriri loyihadan jiddiy farq qiladi.

Demak, keyingi yilning boshidan YaTT faoliyatida nimalar o‘zgaradi.

Birinchidan, ular tomonidan qurilish materiallari, sement, shifer, yog‘och va yog‘och mahsulotlari sotilishiga taqiq joriy etilmoqda. Bunda alkogolli va tamaki mahsulotlari, neft mahsulotlarining barcha turlari, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar yoxud bunday materiallar qo‘llanilgan buyumlar, audiovizual asarlar, fonogrammalar va EHM uchun yaratilgan dasturlar, yangi import avtomobillar va farmatsevtika tovarlarini sotishga hozir amalda bo‘lgan cheklovlar saqlanib qoladi.

Ikkinchidan, tovarlarni import qilish va keyinchalik ularni sotish sharti qo‘yildi - olib kirilayotgan tovarlarning narxi bir oyda 5000 AQSh dollari ekvivalentidan oshishi mumkin emas.

Uchinchidan, quyidagilar Ro‘yxatdan chiqarib tashlandi (1.01.2019 yildan YaTT amalga oshira olmaydilar):

• alyuminiy (plastik) profildan eshik, deraza va boshqa buyumlar tayyorlash;
• avtotransport vositalarini yuvish, salonni tozalash va shunga o‘xshash boshqa xizmatlar;
• pishloqdan mahsulotlar tayyorlash va sotish;
• vitraj ishlari (shisha, smalta va boshqa materiallardan tayyorlangan vitrajlar).

Davlat xizmatlari markazlari ro‘yxatdan chiqarilayotgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanayotgan YaTTga boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga qayta ro‘yxatdan o‘tishlarida (ya’ni yuridik shaxs tashkil etish) ko‘maklashadi.

Yana bir nechta faoliyat turlariga tuzatishlar kiritildi. Aniqlashtirilishicha, YaTT milliy non va patir tayyorlash va sotishlari (hozir – non-bulka mahsulotlari), aholi uchun turar va noturar joylarni ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishlari (hozir - qurilish, ta’mirlash va bezash bo‘yicha alohida ishlarni bajarish) mumkin, tikuv va trikotaj buyumlarini, bosh kiyimlarini va to‘qimachilik galantereyasidan buyumlarni tikish esa - aholining yakka tartibdagi buyurtmalari bo‘yicha amalga oshiriladi.

To‘rtinchidan, shuningdek ro‘yxat ayrim yo‘nalishlar bilan to‘ldirildi. Shu tariqa, YaTTda:

• salqin ichimliklar, ayron va go‘ja tayyorlash va quyib sotish;
• davlat-xususiy sherikchilikning oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalarini moddiy-texnik va uslubiy jihatdan ta’minlash shakli asosida tashkil etilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Hujjat 1.01.2019 yildan kuchga kiradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xususiy tadbirkorlarga qator faoliyat turlari bilan shug‘ullanish taqiqlandi