18:10 / 12.01.2019
5 631

Madina shahrida o‘qish uchun pasportini soxtalashtirgan andijonlikka jazo tayinlandi

Madina shahrida o‘qish uchun pasportini soxtalashtirgan andijonlikka jazo tayinlandi
Madina shahridagi Jomeat ul-Islomiya Universitetida tahsil olmoqchi bo‘lib, fuqarolik pasportini soxtalashtirib, qariyb 10 yil Saudiya Arabistonida yashagan fuqaro D.Q.ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tuman sudi tomonidan 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bu haqda «Daryo» nashri xabar bermoqda.

Foto: «Daryo»
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tuman sudi raisi Nosirjon Rasulovning ma’lum qilishicha, Andijon shahrida yashagan 1976 yilda tug‘ilgan D.Q. 2008 yilning sentyabr oyida Saudiya Arabistonining Madina shahridagi Jomeat ul-Islomiya Universitetida o‘qish istagida qonunga xilof ravishda qo‘shni Qirg‘izistonning O‘sh viloyatiga o‘tib, u yerda tergovda aniqlashni imkoni bo‘lmagan shaxs yordamida 500 AQSh dollari evaziga o‘zining fotosurati tushirilgan, 1983 yil 19 martda tug‘ilgan Abdurahmon Ibragimov nomiga rasmiylashtirilgan qalbaki Qirg‘iziston Respublikasi fuqarolik pasportini olgan. So‘ngra undan foydalanib, xorijga chiqish ruxsatnomasi stikerni rasmiylashtirmasdan, 2008 yil 11 sentyabr kuni Bishkek-Istanbul-Jidda yo‘nalishidagi aviareys orqali Saudiya Arabistoniga borgan. Universitetga kira olmagach, bir necha shaxslardan diniy ta’lim olib yurgan.

2013 yil aprel oyida onasining betobligidan xabar topib, Madina-Istanbul-O‘sh yo‘nalishidagi aviareys orqali dastlab Qirg‘izistonning O‘sh shahriga kelib, Farg‘ona viloyati Vodil tumani hududidagi aylanma yo‘llar orqali belgilangan tartibni buzib, Andijon shahriga kelgan. Yashash manzilida bir necha kun bo‘lib, onasi vafotidan so‘ng yana o‘sha yo‘l orqali Arabistonga jo‘nab ketgan.

2017 yilda Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan qirollikda noqonuniy yashab kelayotgan fuqarolarni davlatdan chiqib ketishlari haqida qaror qabul qilinganidan so‘ng Qozog‘istonning Chimkent shahriga ko‘chib o‘tgan. Tanishlari yordamida ish topib fermada ishlayotganida 2018 yilning fevral oyida ichki ishlar xodimlari kelib, noqonuniy yurgani sababli vaqtinchalik bir oydan ortiq muddat davomida qamoqxonada saqlashgan.

2018 yilning aprel oyida qalbaki fuqarolik pasporti bilan Toshkent viloyatida joylashgan «G‘isht ko‘prik-avtoyo‘l» xalqaro o‘tkazish punkti orqali O‘zbekistonga kirib kelayotgan vaqtda harbiy qism chegara naryadi tomonidan ushlangan.

Sud hukmiga ko‘ra, u JKning 223-moddasi 2-qismi «v» bandi, 228-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topilgan va 59-moddasiga asosan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Jazoni o‘tash davomida yashash xonadonini kechki soat 21:00 dan tonggi soat 6:00 ga qadar tark etmaslik, nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash va ish joyini o‘zgartirmaslik haqidagi qo‘shimcha taqiqlar yuklangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Madina shahrida o‘qish uchun pasportini soxtalashtirgan andijonlikka jazo tayinlandi