Iqtisodchining korrupsiya to‘g‘risidagi mulohazalari

  • 21 yanvar 2019, 12:00
  • 1 260
  • Jamiyat
  • Iqtisodchining korrupsiya to‘g‘risidagi mulohazalari
    O‘zbekiston uchun eng kerakli islohot huquqni muhofaza qilish va adolat tizimini yo‘lga qo‘yish, deya fikr bildirgan iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uz'ga bergan intervyusida korrupsiya to‘g‘risida shaxsiy mulohazalarini bildirdi. Unga ko‘ra, korrupsiyaga kurash masalasiga bir tomonlama chora-tadbir qarash noto‘g‘ri bo‘ladi.

    – Singapurda korrupsiyaga qarshi kurashish byurosining faoliyati juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda u yerda ta’lim olgan yillaringizda ham yetarli ma’lumotga ega bo‘lgansiz. Iqtisodiyotda esa korrupsiya markaziy tushunchalardan biri hisoblanadi, u iqtisodiyotning sektorlariga ta’sir ko‘rsata oladi. Nima deb o‘ylaysiz, korrupsiya qaysidir darajada bo‘lishi kerakmi yoki tag-tomiri bilan uni yo‘qotish kerakmi? Nega Singapur hech qanday repressiyasiz bu masalani silliq hal qila oldi?

    – Iqtisodiyotda hamma narsa o‘z narxiga ega. Shuningdek, korrupsiya bilan kurashishning ham qiymati bor. Misol uchun, jamiyatda jinoyatlar ko‘rsatkichi nolga teng bo‘lsa, bu yaxshimi-yomonmi bilmaymiz. Chunki bunga erishish uchun ko‘p narsadan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Aniqrog‘i, jinoyatni yo‘qotish uchun hamma qamab qo‘yilsa, kuzatuv kameralari ostiga olinsa, bunday jamiyatda yashashni odamlar istamasligi mumkin. Qonunbuzarlik ko‘rsatkichi 0 emas, optimal holatda bo‘lishi kerak. 0 jinoyat – yaxshi jamiyat degani emas. Chunki bu erkinlik darajasining ham pastligini bildiradi.

    Nimaning evaziga nima qurbon qilinayotganini tahlil qila olish kerak. Xuddi shunday korrupsiya masalasida ham. Misol uchun, 90-yillarda Shimoliy Koreyada kuchli ocharchilik bo‘lgan, lekin korrupsiyaning hisobiga kam qurbon berilgan. Ya’ni askarlar qishloqlardan oziq-ovqatlarni olib chiqib ketishayotganda aholi pora berib bo‘lsa ham yegulik olib qolib, tirik qolishga erishgan. O‘z navbatida, 30-yillarda sovet ittifoqida ham ocharchilik bo‘lgan, pora berish yo‘qligi tufayli aholining qo‘lida yegulik qolmagan va minglab odamlar ochlikdan vafot etgan. Shu ma’noda, ma’lum darajadagi korrupsiya foydali bo‘lishi mumkin, lekin uni yuz foiz yaxshi, deb ham bo‘lmaydi.

    Iqtisodchi Garri Bekker «Jinoyat va jazo» maqolasida shunday holat bor: jinoyat uchun qo‘lga tushish ehtimoli kam, lekin jazo katta bo‘lsa, jinoyat sodir etilishi, aksi bo‘lsa, sodir etilmasligi mumkin. Knyaz Vyazemskiy degan odamning ham shunga o‘xshash gapi bor: «Rossiya qonunlari qat’iyligi ularning amal qilmasligi bilan izohlanadi».

    Jazoni ko‘paytirsangiz, jinoyat kamayishi mumkin. Lekin qonunning ishlash ehtimolini ko‘paytirsangiz, jinoyat chindan ham kamayadi.Insonlar ehtimolga ko‘proq e’tiborli, jazoga emas. Shimoliy Koreyada korrupsiya uchun jazo dahshatli, lekin bu bilan jinoyat ko‘rsatkichi kamayganligi yo‘q.

    Singapurda korrupsiya byurosining maqsadi – jinoyat qilganlarni jazolash emas, balki shu jinoyat ehtimoli mavjud bo‘lgan nuqtalarni nazorat qilish. Jinoyatchini qo‘lga tushirishga emas, jinoyatning sodir bo‘lish ehtimolini kamaytirishga ko‘proq e’tibor qaratishadi.

    – Korrupsiya ikki xil bo‘ladi. Mayda korrupsiya — kundalik hayotimizda ko‘p to‘qnashamiz, navbatni o‘tkazib yuborish, ma’lumotnoma berish... Yirik korrupsiya — pul oldi-berdisi bilan katta doiralarda ko‘proq uchraydi. Bizning jamiyatimiz har ikkisini ham ko‘rdi. Sizningcha, bularning qay biri ikkinchisiga qaraganda xavfliroq?

    – Ikkalasi ham yomonligiga shubha yo‘q. Katta korrupsiya ortida kuch bor. Korrupsiya noto‘g‘ri iqtisodiy qonunlarning sababchisi bo‘lib qolishi mumkin. Siz qonunni atayin korrupsiyaga imkon beradigan qilib yozishingiz mumkin. Bu ta’sir doirasining katta ekanligidan dalolat. Ular butun jamiyatning hayotini izdan chiqarishi mumkin. Kichik korrupsiyaning ham salbiy tomonlari bor. Bu befarqlikni keltirib chiqaradi. Achinarlisi nimada bilasizmi, bizning odamlarda korrupsiyaga nisbatan immunitet hosil bo‘lgan. Aslida unga jinoyat deb qarash kerak. Bu holatdan qo‘rquv yo‘q. Uni odatiy hol singari qabul qilishga odatlanganmiz.
    Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

    » » Iqtisodchining korrupsiya to‘g‘risidagi mulohazalari