Jamshid Kenjayevni o‘ldirganlikda gumonlanayotgan Shodali Qilichov: "Uni o‘ldirishni xohlamagandik"

  • 22 yanvar 2019, 17:07
  • 4 316
  • Jamiyat
  • Jamshid Kenjayevni o‘ldirganlikda gumonlanayotgan Shodali Qilichov: "Uni o‘ldirishni xohlamagandik"
    21 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sudlanuvchilar Shodali Qilichov, Saidazim Kamoldinov, Alijon Hamrayev va Jahongir Yorqulovlarga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud majlisi boshlandi.

    2018 yilning 8 avgustidan 9 avgustiga o‘tar kechasi, taxminan, soat 00:25 larda Yunusobod tumanidagi Aurum 898 tungi klubi oldida janjal oqibatida erkin kurash bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi 25 yoshli Jamshid Kenjayev olamdan o‘tgan edi.

    Mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi Sarvar Karimov raisligida hamda xalq maslahatchilari A. Nishonov va M. Mirag‘zamovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqilmoqda.

    Ish bo‘yicha raislik qiluvchi S. Karimov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi «v», «j» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan Shodali Qilichov (1989 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus, «Aurum 898» tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlangan), O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi «g» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan Saidazim Kamoldinov (1994 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta, «Aurum 898» tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlanmagan), Alijon Hamrayev (1982 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta, «Aurum 898» tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlangan) va Jahongir Yorqulov (1992 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta, «Aurum 898» tungi klubida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan, muqaddam sudlanmagan) ga nisbatan jinoiy ish ko‘rilayotganligini e’lon qildi.

    «Repost.uz» sudlanuvchi Shodali Qilichevning ko‘rsatmalarini keltirib o‘tdi. Quyida uning ko‘rsatmasi to‘lig‘icha e’tiboringizga havola etiladi.

    Biz o‘sha kuni kechqurun ko‘chada ishlayotgandik. Mening vazifam tungi klubga kirayotgan mehmonlarni tekshirish edi. Chetroqda turgandim, shu payt Kenjayev kelib qoldi. U oq shim kiyib olgandi. U yerda klubda anchadan beri ishlayotgan qo‘riqchilar ham turgandi, Jamshid ular bilan so‘rashdi, men uning ismi Jamshid ekanligini keyinroq bildim.

    Eshik oldida Volodya turgandi. U Jamshidni ichkariga kiritmadi. Volodya Jamshidga «Narsalaringni shu yerda qoldir, bizga ishonmasang mashinangga tashlab kir, keyin ovolasan», dedi. Jamshidning qo‘lida pichoq bor edi. Men unga yaqinlashdim va pichoq bilan ichkariga kirish mumkin emasligini aytdim. Unga «Aka, qo‘lingizdagini tashlab, kirib ketavering, men bu yerga yangi kelganman», deb aytdim. Shunda Jamshid «Tur, yo‘qol», dedi. Biz mijozlarga hurmat bilan «siz»lab murojaat qilishimiz kerak.

    Eshik oldida onamning ukasi — tog‘am turgandi. U ham Jamshidga pichoq bilan ichkariga kirish mumkinmasligini aytganida, Jamshid tog‘amga qo‘pollik qilib «Ey, qo‘lingni tort!» dedi.

    Jamshid tog‘amga qo‘l ko‘tardi, tog‘am uni itarib yuborganida Jamshid yiqildi.

    Jamshidni itarishayotganlarida men bunday qilish mumkin emasligini aytdim. U pichog‘ini olib, bizga yaqinlasha boshladi. Keyin tog‘am Sheralining ko‘ksiga pichoq bilan bir marta zarba berdi. U yerda Jamshidning do‘sti ham bor edi. Aniq eslolmayapman…

    O‘sha paytda ahvolim shunaqa ediki, hozir tasvirlab berolmayman. Biz uni o‘ldirishni istamagandik, bunaqa maqsadimiz yo‘q edi. Shunchaki, uni qurolsizlantirmoqchi edik. U yerda mehmonlar, ayollar bor edi.

    Undan pichoqni tashlashini so‘radim, u tashlamadi, battar darg‘azab bo‘ldi. U pichoqni tog‘amning tomog‘iga tiradi, tog‘am «Pichoqni olinglar, pichoqni olinglar» deb takrorlardi.

    Tog‘amning ko‘ksidan qon oqa boshlagandi. Men pichoq bilan 5—6 marta Jamshidning boshiga urdim, shunday qilsam u pichoqni tashlaydi deb o‘ylagandim, lekin u tashlamadi. Uni o‘ldirish hayolimda ham yo‘q edi. U pichoqni tashlamaganini ko‘rib, o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. U jinsi va futbolka edi, usti qon bo‘lib ketdi. Nima qilayotganimni bilmay qoldim.

    Shundan keyin boshqa bolalar yugurib kelishdi, tez yordam chaqirishni aytib baqira boshlashdi. Biz ish vaqtida telefondan foydalanmaganimiz uchun hech kimda telefon yo‘q edi. Shu paytda IIB xodimi kelib qoldi. Biz unga pichoqlarni topshirdik, janjal tugadi. IIB xodimi yostiq olib kelishimizni aytdi, biz yostiqqa Jamshidning boshini qo‘ydik, suv olib kelib, tez yordamni kuta boshladik. Men pichoqni Amir degan bolaga bergandim, u tez yordam chaqirdi. Tez yordam taxminan 35 daqiqalarda keldi. Bungacha IIB xodimi hamma ma’lumotlarni yig‘di.

    Biz Jamshidni o‘ldirishni istamagandik, niyatimiz uni qurolsizlantirib ichkariga kiritish edi. Ichkarida ayollar, chet elliklar bor edi, shuning uchun maqsadimiz Jamshidni qurolsizlantirish edi.

    O‘ldirish hayolimda ham yo‘q edi, lekin ikki oyligimdan meni katta qilgan tog‘amga hujum qilganini ko‘rganimdan keyin o‘zimni tutolmay qoldim.

    Biz qochib ketsak ham bo‘lardi, lekin bu hayolimizga ham kelgani yo‘q. Men marhumning ota-onasi va rafiqasidan kechirim so‘rayman.
    Ma’lumot uchun, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha keyingi sud majlisi 23 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

    Manba: daryo.uz

    » » Jamshid Kenjayevni o‘ldirganlikda gumonlanayotgan Shodali Qilichov: "Uni o‘ldirishni xohlamagandik"