Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasidagi «korrupsiya o‘chog‘i» fosh qilindi

  • 16 aprel 2019, 14:00
  • 865
  • Jamiyat
  • Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasidagi «korrupsiya o‘chog‘i» fosh qilindi
    Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahar, Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasidagi «korrupsiya o‘chog‘i» fosh qilindi. «Gazeta.uz»ga DSQ tomonidan ma’lum qilinishicha, tuman soliqchilari ustidan avvaldan muntazam ravishda shikoyatlar tushib turgan.

    «Ma’lum bo‘lishicha, tuman soliq inspeksiyasi xodimlari uzoq yillar davomida davlat yoki byudjet uchun emas, balki o‘zlarining qing‘ir maqsadlari yo‘lida ishlab kelgan. Ular korrupsiya to‘rini to‘qishgan va unga ilojsiz qolgan tadbirkorlarni tushirishgan. Natijada davlatning ijtimoiy fundamentini mustahkamlab, byudjetni to‘ldirishi lozim bo‘lgan mablag‘ ularning shaxsiy cho‘ntagiga tushar edi», — deyiladi DSQ tomonidan qilingan bayonotda.

    Ayni vaqtda ushbu holatga barham berish uchun ish olib borilmoqda. Xususan, DSQ raisining uch o‘rinbosari rahbarligidagi maxsus komissiya «qo‘mita xodimlarining noqonuniy ishlarini aniqlash» bilan band bo‘lib turibdi.

    Faktlar asosida korrupsiyada ayblangan xodimlar bosqichma-bosqich ishdan bo‘shatilmoqda. Qolganlar esa maxsus komissiya tomonidan attestatsiyadan o‘tkaziladi. Ma’lum bo‘lishicha, Shayxontohur tumanida 15 yil davomida biror marta rotatsiya bo‘lmagan va ayni holat xodimlarning o‘zaro til biriktirishiga olib kelgan.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 4 aprelda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Toshkent shahrining tuman soliq inspeksiyalari rahbariyati tarkibini yangilash qarori qabul qilingan edi. Unga ko‘ra Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Sergeli, Yunusobod, Bektemir va Shayxontohur tumanlari soliq inspeksiyalari rahbarlari ishdan bo‘shatilgan.

    Prezidentning tanqididan so‘ng DSQ darhol soliq organlari xodimlari tarkibi qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan edi. Maxsus komissiya esa tizimga «yangi qon» quyish bilan shug‘ullanmoqda.

    Manba: Xabar.uz

    » » Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasidagi «korrupsiya o‘chog‘i» fosh qilindi