00:05 / 07.05.2019
4 276

Madaniyat bo‘lmasa, kunduzi chiroq yoqib yurish foydasiz

Madaniyat bo‘lmasa, kunduzi chiroq yoqib yurish foydasiz
Biz kunduz kunlari juda yorug‘, quyoshli o‘lkada yashaymiz. Bunday sharoitda transport vositalari chirog‘ini yoqib yurish tartibining joriy etilishini noto‘g‘ri qaror deb bilaman. Maqolada mutasaddilar bu yo‘l-transport hodisalarining oldini olishi mumkinligini aytishmoqda.

Men shifokorman. Qirq yildan ortiq mashina haydab, biror marta ham yo‘l transport hodisasi sodir etmaganman. Katta tajribamdan kelib chiqib, yo‘l-transport hodisasini keltirib chiqaruvchi asosiy sabablar quyidagilar deb bilaman:

Birinchidan, transport vositasini haydashni mukammal bilmaydigan yoki osonlik bilan haydovchilik guvohnomasini qo‘lga kiritgan noshud haydovchilar;
Ikkinchidan, haydovchining boshqa yo‘l-transport qatnashchilarini hurmat qilmasligi, qolaversa manmanlik bilan men sendan kammanmi deya, transport vositasini quvib o‘tishi;
Uchinchidan, qoidaga amal qilmasdan, shoshma-shosharlik bilan tez harakat qilishi;
To‘rtinchidan, haydovchining to‘satdan sog‘lig‘i yomonlashuvi oqibatida yo‘l-transport hodisasi yuz berishi mumkin.

Kunduzi chiroq yoqib yurish tartibida meni tashvishga solayotgan asosiy masala shuki, transport vositalarining chiroqlarini yoqib yurishi havoda is gazini ko‘paytirib, ekologiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatishidir. Qanday qilib deysizmi?

Axir chiroqlarni yoqib yurish muayyan miqdorda mashina motoriga ortiqcha yuklov, bu esa yonilg‘ining ortiqcha sarfi deganidir. Qolaversa, bu isrofgarchilik emasmi?

Hozirgi sharoitda ozgina bo‘lsa-da is gazini kamaytirish global muammo bo‘lib turibdi-ku. Aslida chiroqni kunduzi ham yoqib yurish faqatgina tumanli ob-havoda va katta burilishlarda yordam berishi mumkin.

Ekolog olimlar nima sababdan jim? Ular avtotransport vositasining harakatida har qanday qo‘shimcha yonilg‘i sarfi tabiatga ziyon ekanini yaxshi bilishadi-ku.

Maqsad yo‘l-transport hodisalarining oldini olish ekan, uning uchun chiroqlarni yoqib yurishni talab qilish emas, aksincha birinchi navbatda, avto­transport vositasi haydovchilarining va piyodalarning bilim saviyasini, haydovchilik madaniyatini oshirish dolzarb vazifa. Yo‘l qoidasiga rioya etish inson umri garovi ekanini har bir fuqaro onggiga singdirish zarur!

Men xalqimning kelajagini, sog‘lig‘ini va atmosferani zaharli chiqindi bilan ifloslanishi kamayishini o‘ylab o‘z fikrimni bildirdim.

Nig‘matjon EShMUHAMMEDOV,
tibbiyot fanlari nomzodi, shifokor

Manba: "Oila davrasida"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Madaniyat bo‘lmasa, kunduzi chiroq yoqib yurish foydasiz