16:35 / 05.12.2019
3 883

Azon ovozini eshitgan oʻgʻri...yalinishga tushdi

Azon ovozini eshitgan oʻgʻri...yalinishga tushdi
Bir gʻaroyib hodisaning guvohi boʻlganman. Bunga ancha yillar boʻlib ketdi, unda yosh bola edim, unchalik tushunib yetmaganman...

Oʻgʻrilar yoshi yigirmalar atrofidagi yigitning nimasinidir oʻgʻirlabdi shekilli, yigit sezib qolib talab qila boshladi. Oʻgʻri qoʻrqmasdan odamlar orasidan sekin uzoqlashib, yigitni avrab, chetga olib chiqib ketdi. Men “nima boʻlarkin?” deb, ularga sezdirmay orqasidan kuzatib bordim. Anchagina hilvat joyga borganda oʻgʻri yigitga poʻpisa qilishni boshladi. Oldirgan narsasi qimmatroq ekanmi, yigit ham boʻsh kelmay talab qilaverdi. Birdan oʻgʻri odam yigitning yuzlari, quloqlari aralash qilib shapati bilan ura boshladi. Yigitning esa qoʻl qaytarishga kuchi yetmasligi koʻrinib turgandi. Bir payt yigit ovozining boricha azon aytishni boshladi...

Nimadandir qoʻrqib ketgan oʻgʻri nafaqat urishdan toʻxtadi, balki, koʻzlari ola-kula boʻlib jon holatda yigitga yopishib, “Boʻldi, boʻldi dedim, ovozingni oʻchir, baqirma!” deb yalinishga tushib ketdi. Yigit tinmay azon aytar, u boʻlsa, bir qoʻli bilan quchoqlab, ikkinchi qoʻlining kaftlari bilan yigitning ogʻzini yopishga harakat qilardi. Yigit azonni toʻxtatmadi. Ovozining boricha aytaverdi.

Shu payt qayerdandir yana besh-olti odam paydo boʻldi, “bular koʻpayib ketdi, endi doʻpposlab ursa kerak” deb oʻylab turgandim, yoʻq, aksincha, ular yetib kelib “muazzin”ga yalina boshladi, “Jon uka, ovozingni oʻchir, oʻchirsang-chi ovozingni, beramiz narsalaringni, beramiz dedik-ku” deb yalinar, yonidagi ogʻzini ochib, dovdirab turgan bir kishiga “bersangchi, ber hammasini, oʻchiraylik ovozini” deb pitirchilardi...

U vaqtda men bir toʻda oʻgʻrining birgina yosh yigitdan nega qoʻrqib ketganini, oʻgʻrilar uchun eng uyat hisoblangan, yaʼni oʻgʻirlab olingan narsani qaytarib berish or boʻlgan ishni qilganini tushunmagandim. Keyinroq azonning hikmatini, azon aytilgan joydan jinu-shaytonlar tum-taraqay qochishini eshitganimdan keyingina oʻzimga hulosa chiqargandim...

Buyuklarimizdan Allohning kalomi boshqa soʻzlardan avval kirsin deb chaqaloq tugʻilsa azon aytilishini, rizq keng boʻlsin deb dehqonchilik yaxshi boʻlmagan joyda azon aytilishini, shayton qochsin deb ibodatning avvalida azon aytilishini ham eshitdim.

Azon ayting, shoyad el tinch boʻlsa, yurtimiz obod boʻlsa, zora sogʻ boʻlsak, gʻanimdan omon boʻlsak.
Siz ham azon ayting, masjidlarimizning minoralaridan ham yoqimli azon saslari eshitilsin, inshaAlloh zarar qilmaydi...

Salim Ayyubiy

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Azon ovozini eshitgan oʻgʻri...yalinishga tushdi