Shayx yigitning popugini pasaytirib qo‘ydi...

  • 15 dekabr 2019, 00:17
  • 3 246
  • Jamiyat
  • Shayx yigitning popugini pasaytirib qo‘ydi...
    Shayx Sha’roviy rahimahulloh aytadilar “Haddan tashqari mutaassib yigitlardan biri bilan munozara qilib turgandim. Undan “Musulmon davlatlaridan biridagi tungi klubni portlatib yuborish halolmi yoki harommi?” deb so‘radim. U “Albatta, halol va u yerdagilarni o‘ldirish joiz” dedi. Men undan “Agar ularni gunoh sodir etib turganlarida o‘ldirsang, boradigan joyi nima bo‘ladi?” desam, u “Albatta, do‘zax” dedi. Undan yana “Shayton insonlarni (oxiratda) qayerga kirishlarini istaydi?” deb so‘rasam, u “Do‘zaxga, albatta” deb javob berdi. Shunda men “Demak, sizlar bilan shaytonning maqsadi bir ekan-da! Ya’ni odamlarni do‘zaxga kiritish” dedim”.

    Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonlarning musulmon bo‘lishlarini, do‘zaxdan qutulib qolishlarini qattiq istar, shu bois hammaning hidoyat topishiga haris edilar.

    Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yahudiy xizmatkorlari bor edi. (Bir kuni) u kasal bo‘lib qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning holidan xabar olgani bordilar. Uning boshi tarafiga o‘tirib: «Islomni qabul qil», desalar, u oldida turgan otasiga qaradi. Otasi: «Abul Qosimga (bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kunyalari) itoat qil», dedi. U yigit Islomni qabul qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiqib ketayotib: «Uni (yigitni) do‘zaxdan xalos qilgan Allohga hamd bo‘lsin», dedilar». Imom Buxoriy rivoyati.

    Shayx Sha’roviy rahimahulloh munozara so‘nggida yigitga bunday deganlar: “Insonlarning hidoyat topishlarini va do‘zaxdan qutulishlarini qattiq xohlaydigan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan sizlarning o‘rtangizdagi farqni o‘ylab ko‘r! Sizlar bir vodiyda bo‘lsangiz, Habib sollallohu alayhi vasallam boshqa vodiydalar”.

    Shayx Sha’roviy rahimahulloh o‘sha yigitga tungi klubda ayshu ishrat qilayotganlarni o‘ldirish o‘rniga, ularni to‘g‘ri yo‘lga chorlash, hidoyat ustida yashashlari uchun harakat qilish lozimligini tushuntirmoqchi bo‘lganlar.

    Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

    Manba: Azon.uz

    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Shayx yigitning popugini pasaytirib qo‘ydi...