14:45 / 21.12.2019
3 411

Ojiza onaning o‘tinchi

Ojiza onaning o‘tinchi
(Bir mahallada onaning o‘g‘liga yozgan maktubiga ko‘zim tushdi. O‘qib juda ta’sirlandim. Qisqa bo‘lsa-da ko‘plarga ibrat bo‘lguvchi bu maktub onaizorning o‘z o‘g‘li orqali dunyodagi barcha o‘g‘illarga aytilgan dil so‘zlari go‘yo. O‘qing va tafakkur qiling. G‘animat bo‘lib turgan ota-onangizni hayotlik chog‘ida qadriga yeting).

Suyukli farzandim!
Kunlar kelib qarigan vaqtimda mening gap-so‘zlarim, ishlarim mantiqsiz tuyular. Sendan yagona o‘tinchim, o‘sha paytda meni tushunishga harakat qil, menga qimmatli vaqtingdan bir necha daqiqa ajrat …
Qo‘lim qaltirab, taomim tushib ketgan, liboslarimni kiyishga kuchim yetmagan vaqt menga sabr ila ko‘maklash.
Agar xushbo‘y va orasta bo‘lolmasam, meni malomat qilma. Bolaligingda seni xushbo‘y va orasta bo‘lishing uchun qilgan harakatlarimni yodingga ol. Farzandlaring ishini tushunmasam yo unga aqlim yetmasa, meni mazax qilma. Anglamaganlarimni bildirish uchun sen mening aqlim va ko‘zimga aylan. Senga kichikligingdan odob bergan, bilmaganlaringni o‘rgatgan ayol men bo‘laman!

Xotiram zaifligi, so‘zlarimni tushib qolishi, sen bilan gaplashish asnosida eskicha fikrlashlarim malol kelmasin. Chunki mening dunyodagi yagona saodatim faqatgina sen bilan suhbat qurish va ehtiyojlarimni ravo bo‘lishida menga ko‘makchi bo‘lishingdir.
O‘zimning yukim oyog‘imga tushib, bormoqchi bo‘lgan joyimga qiynalsam, o‘sha vaqt sen menga mehribon bo‘lgin! Yurishga kuching yetmagani uchun doim qo‘lingdan ushlab yetaklaganlarimni esla. O‘sha kun qo‘limdan tutib yurishga orlanma. Chunki, mening yoshimda qo‘lidan ushlaydigan insonni izlab qolishingni bilgin! Men hozir o‘lim to‘shagiga yotishga muntazir bo‘lib turibman. Meni oxirgi damlarimda yolg‘iz qo‘yma.

Necha yoshda bo‘lsang ham hali hamon sening kulishing, tabassuming meni xursand qiladi. Suhbatingdan meni mahrum qilma.
Tug‘ilishingdan oldin ham, keyin ham men sen bilan birga edim. Dunyodan o‘tar chog‘im esa sen men bilan birga bo‘lgin!

Tarjimon: “Hazrati Bilol” jome masjidi
imom-xatibi Ravshanbek O‘rinboyev
Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ojiza onaning o‘tinchi