Qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar ro‘yxati ma’lum bo‘ldi

  • 21 dekabr 2019, 16:46
  • 766
  • Jamiyat
  • Qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar ro‘yxati ma’lum bo‘ldi
    Qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar va jismoniy nuqsonlar ro‘yxati, shuningdek fuqarolarning tibbiy tekshiruvdan o‘tish tartibi belgilanadi.
    Vazirlar Mahkamasining muhokama uchun e’lon qilingan qarori loyihasiga ko‘ra, qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar va jismoniy nuqsonlar ro‘yxati quyidagicha:

    Umumiy tibbiy moneliklar:
    1. Funksional faoliyatining buzilishi bilan kechuvchi a’zolarning tug‘ma nuqsonlari.
    2. Funksional buzilishlar turg‘un ifodalangan markaziy asab tizimining organik kasalliklari.
    3. Surunkali ruhiy xastaliklar va psixo-nevrologik dispanserlarda albatta majburiy dinamik kuzatuvga muhtoj bo‘lgan shu kasalliklarga teng bo‘ladigan holatlar, paroksizmal o‘zgarishlar bilan kechuvchi epilepsiya. Oraliq ruhiy kasalliklar yaqqol ifodalangan holatlarda tegishli ishlarga yaroqlilik masalasi psixo-nevrologik dispanserining komissiyasi tomonidan individual ravishda hal qilinadi.
    4. Yaqqol ifodalangan o‘zgarishlar bilan kechuvchi endokrin tizimining kasalliklari.
    5. Xavfli o‘smalar (davolangandan keyin mutlaq moneliklar bo‘lmagan hollarda masala individual hal qilinishi mumkin).
    6. Qon tizimining barcha kasalliklari (hamma bosqichlarida) (jumladan qon yaratuvchi tizimning kasalliklari).
    7. Gipertoniya kasalligining III bosqichi.
    8. Qon aylanishi yetishmovchiligi bilan asoratlangan yurak kasalliklari.
    9. Yaqqol ifodalangan o‘pka-yurak yetishmovchiligi bilan asoratlangan o‘pkaning surunkali kasalliklari.
    10. Nafas va qon aylanishining yaqqol ifodalangan funksional buzilishlari bilan kechuvchi bronxial astmaning og‘ir turi.
    11. Tuberkulyozning har qanday joylashgan faol turlari.
    12. Surunkali tez-tez qaytalanadigan va asoratlanishga moyil me’da va 12 barmoqli ichakning yara kasalligi.
    13. Jigar sirrozi va faol gepatitlar.
    14. Buyrak yetishmovchiligi bilan asoratlangan surunkali buyrak kasalliklari.
    15. Kollagenozlar.
    16. Kasbi bo‘yicha ish bajarishga xalaqit beruvchi turg‘un buzilishlari bo‘lgan bo‘g‘im kasalliklari.
    17. Homiladorlik va sut ajralish davri.
    18. Farzand ko‘rish istagi bo‘lgan ayollarda anamnezida odatdagi homila nuqsonlari va homiladorlikning oxiriga yetmasligi.
    19. Bachadondan qon ketishi bilan kechuvchi hayz ko‘rish funksiyasining buzilishlari.
    20. Glaukoma dekompensatsiya davrida.

    Qo‘shimcha tibbiy moneliklar:
    1. Qo‘l-oyoq va kaftlarining yo‘qligi.
    2. Periferik qon-tomir kasalliklari (obliteratsiyalovchi endartriit, vena va qon tomirlarining varikoz kengayishi va boshqalar).
    3.Periferik nerv tizimining surunkali kasalliklari.
    4.Terining tez-tez qaytalanib turuvchi surunkali kasalliklari.
    5. Ko‘rish o‘tkirligining korreksiya bilan bir ko‘zda–0,5 D dan kam, ikkinchisida–0,2 D dan kam yoki bir ko‘zda 0,7 D, ikkinchisida–umuman ko‘rishning yo‘qligi.
    6. Etiologiyasidan qat’i nazar, eshitish qobiliyatining bir yoki ikki tomonlama turg‘un darajada pasayishi (shivirlab gapirish 3 m dan kam).
    7. Markaziy nerv tizimining organik kasalliklari.
    8. Vestibulyar buzilishlar.

    Qurolga egalik qiluvchi fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, tibbiy ko‘riklar davlat tasarrufidagi hududiy davolash-profilaktika muassasasi tomonidan o‘tkaziladi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish davriyligi 1 yilda bir marta.

    Tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish paytida qurolga egalik qiluvchi ishlovchi fuqarolarning ish joyi (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlanadi.

    Qurolga egalik qiluvchi fuqaro tibbiy ko‘rikdan uchun tibbiy ko‘rikni o‘tkazuvchi davolash-profilaktika muassasasiga pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjati bilan kelishi lozim.

    Tibbiy ko‘riklarni o‘tkazish uchun tibbiy ko‘rikni o‘tkazuvchi davolash-profilaktika muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan tibbiy komissiya tashkil etiladi.

    Tibbiy ko‘rikdan o‘tuvchi qurolga egalik qiluvchi fuqaroda psixik kasalliklar (shizofreniya, epilepsiya, oligofreniya) mavjudligini tekshirishda ularning yashash joyidagi davolash-profilaktika muassasasining vrach-psixiatri tomonidan amalga oshiriladi.

    Tuman vrach-psixiatri bo‘lmagan taqdirda psixiatrik tekshirish tumanlararo yoki viloyat (shahar, respublika) psixonevrologiya dispanserining vrach-psixiatrlari tomonidan amalga oshiriladi.

    Agar qurolga egalik qiluvchi fuqaro psixik kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida tursa, unga bu haqda belgilangan namunadagi ma’lumotnoma beriladi. Agar qurolga egalik qiluvchi fuqaro psixik kasalliklar bo‘yicha hisobda turmasa va unda ruhiy buzilishlar aniqlanmasa, unga vrach-psixiatrning imzosi qo‘yilgan belgilangan namunadagi ma’lumotnoma beriladi.

    Ma’lumotnomalar ushbu davolash-profilaktika muassasasining muhri va rahbarning imzosi bilan tasdiqlanadi.

    Tibbiy komissiya tomonidan qurolga egalik qiluvchi fuqaroni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarni qayd etish maqsadida ambulator tibbiy karta yuritiladi. Ambulator tibbiy kartada tibbiy ko‘rikni o‘tkazishda ishtirok etgan har bir vrach va mutaxassislarning qurolga egalik qiluvchi fuqaro to‘g‘risidagi xulosalari ko‘rsatilishi kerak.

    Tibbiy ko‘rik natijasiga ko‘ra fuqaro qurolga egalik qilishda yaroqsiz deb topilganda, unga bu to‘g‘risida tibbiy ko‘rikni o‘tkazuvchi davolash-profilaktika muassasasining tibbiy-maslahat komissiyasining xulosasi beriladi va ushbu xulosaning nusxasi uch kunlik muddat ichida fuqaro yashash manziliga yuboriladi.

    Tibbiy ko‘rikning sifatli o‘tkazilishiga tibbiy ko‘rikdan o‘tkazuvchi davolash-profilaktika muassasasining rahbari javobgar hisoblanadi.
    Tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart bo‘lgan qurolga egalik qiluvchi fuqarolar tibbiy ko‘riklardan o‘tishdan bo‘yin tovlashga haqli emaslar.

    » » Qurolga egalik qilishga monelik qiladigan kasalliklar ro‘yxati ma’lum bo‘ldi