O‘zbekistonning mashhur jurnalist va shoiri Karim Bahriyev hayotdan ko‘z yumdi

O‘zbekistonning mahbub jurnalist va shoiri Karim Bahriyev og‘ir kasallik sabab 64 yoshida vafot etdi. Bu haqda Jurnalistlar uyushmasi maʼlumot berdi. Bir necha kun oldin u gemoragik insult tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan edi.
Karim Bahriyev 1962 yil 15 iyulda Samarqand viloyati, Urgut tumanida tug‘ilgan. U Samarqand davlat universiteti va keyin Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.
U o‘z hayoti davomida jurnalist, yozuvchi, tarjimon va siyosatchi sifatida faoliyat yuritdi. 1990–1995 yillarda parlament deputati sifatida ham ishladi. Turli yillarda «O‘zbekiston adabiyoti va sanʼati», “Maʼrifat” gazetalarida, «Jahon adabiyoti», “Dugonalar” nashrlarida faoliyat ko‘rsatdi va 90-yillarda “Hurriyat” gazetasi bosh muharriri lavozimida tanildi.
Karim Bahriyev ko‘plab ilmiy, ommabop va adabiy asarlarning muallifi edi. Uning sheʼriy to‘plamlari orasida «Sabr kosasining siniqlari», “Tomchidil” kabi kitoblar bor. Shuningdek, jurnalistika va huquq sohasida ham qator asarlar yozdi. 2000-yillar boshida nashr qilingan «So‘z erkinligi haqida so‘z» nomli kitobi katta shov-shuv uyg‘otgan edi.
So‘nggi yillarda u tarjima sohasida samarali faoliyat yuritdi. Karim Bahriyev Platon, Volter, Monten, Paskal, Vovenarg, Laroshfuko, Labryuyerning falsafiy asarlarini, jahon xalqlarining hikmatlarini, Genri Fordning «Mening hayotim», Jorj Oruellning “1984” va “Molxona”, Svetlana Alekseyevichning «Chernobil tavallosi» romanlarini, Malkolm Gladuelning «Daholar va uddaburonlar» asarlarini hamda Chingiz Aytmatov, Dino Bussati va Jovanni Papini hikoyalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Karim Bahriyev Jurnalistlar uyushmasi Jamoatchilik kengashi raisi, Yozuvchilar uyushmasi va Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi edi. Shuningdek, u Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida media huquqi va etikasi fanidan mutaxassis sifatida talabalarga dars berib kelayotgandi.
Uning bebaho merosi, yozgan asarlari va tarjimalari nafaqat adabiyot va jurnalistika sohasiga, balki butun jamiyatga ulkan hissa qo‘shdi. Bu buyuk shaxs haqida xotiralar muhabbat va hurmat bilan saqlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!