18:10 / 04.05.2017
10 361

Prezident qarori: Toshkent xalqaro aeroportiga Islom Karimov nomi beriladi

Prezident qarori: Toshkent xalqaro aeroportiga Islom Karimov nomi beriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Toshkent shahridagi xalqaro aeroportga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomini berish to‘g‘risida»gi qarori O‘zA da e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 yanvardagi PQ-2744-sonli "O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida"gi qarorining bajarilishini ta’minlash hamda aeroport infratuzilmasi faoliyati samaradorligini yanada oshirish, shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida zamonaviy talablarga muvofiq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash maqsadida:

1. "Toshkent" xalqaro aeroporti" davlat unitar korxonasiga Islom Karimov nomi berilsin.

2. Toshkent xalqaro aeroporti infratuzilmasi faoliyati samaradorligini yanada oshirish hamda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilashga doir kompleks chora-tadbirlar dasturining har tomonlama tayyorlanishini va asoslanishini ta’minlash maqsadida ilovaga muvofiq tarkibda Maxsus komissiya tashkil etilsin.

3. O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda quyidagi ustuvor vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlaydigan Kompleks chora-tadbirlar dasturini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun taqdim etsin:

rejim-qo‘riqlash chora-tadbirlari tizimlarini takomillashtirish, shuningdek, aeroportda zamonaviy, shu jumladan, axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish hisobiga yo‘lovchilarning bojxona, chegara va immigrasiya tartibotlaridan o‘tish vaqtini qisqartirish;

mavjud tarkibni tanqidiy tahlil qilish hamda bojxona, chegara va immigrasiya xizmatlari, ichki ishlar organlari va aeroportda xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi xodimlari barcha toifalarini tanlashga nisbatan talabchanlikni oshirish, ular tomonidan xizmat vakolatlarining har qanday tarzda suiiste’mol qilinishining oldini olish va ularga barham berish;

poytaxtga va respublikaga keladigan yo‘lovchilar, mehmonlar va xorijiy delegasiyalarga xizmat ko‘rsatishning yuqori darajasini ta’minlash, O‘zbekistonning bosh havo bandargohida o‘zbek xalqiga qadimdan xos bo‘lgan samimiy iltifot va mehmondo‘stlik muhitini yaratish;

zarur qulay shart-sharoitlarni yaratishni nazarda tutgan holda aeroportning tegishli infratuzilma xizmatlari faoliyati samaradorligini ta’minlash, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish va ularning bagaji bilan ishlashning texnologik jarayonini optimallashtirish;

kuzatib qoluvchilar va kutib oluvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, maxsus ajratilgan hududda avtotransportlar to‘xtash joylarini tashkil etish, obodonlashtirish masalalarini kompleks hal etish;

aeroportning barcha xizmatlari faoliyati samaradorligi va sifatini oshirish, shuningdek, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishning yanada qulay shart-sharoitlarini yaratish uchun ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va joriy etish.

4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident qarori: Toshkent xalqaro aeroportiga Islom Karimov nomi beriladi