O‘zbekistonda islomiy bank tizimi yangicha bosqichga o‘tadi

25 mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev islomiy moliya xizmatlarini joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda mamlakatda quyidagi islomiy moliyaviy mexanizmlarini amaliyotga kiritish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi: tovarni nasiyaga sotish orqali mijozlarni moliyalashtirish – murobaha; daromad yoki foyda taqsimlash sharti asosida mablag‘ jalb qilish – muzoraba; vakillik shartnomasi orqali mablag‘ berish yoki jalb etish – vakala; oldindan haq to‘lash asosida moliyalashtirish – salam va istisno; birgalikdagi faoliyat orqali moliyalashtirish – mushoraka; mol-mulkni islomiy ijaraga berish hamda qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa islomiy moliya vositalari.
Shuningdek, sotilgan tovarlar ustamasiga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanmaydi, investitsiyaviy omonatdan olingan daromad soliqdan ozod etiladi va islomiy ijara shartnomalari moliyaviy ijara hamda lizing bilan tenglashtiriladi.
Sohada tizimli boshqaruvni ta’minlash uchun Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil qilinadi. Shuningdek, islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatuvchi banklarda alohida kengashlar tuziladi. Ular standartlar ishlab chiqish, me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, bahsli masalalarga izoh berish, shartnomalar va ichki hujjatlarni ko‘rib chiqish hamda muvofiqlik nazoratini ta’minlash bilan shug‘ullanadi.
Joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyati yo‘lga qo‘yilishi, 2026–2030 yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu islohot orqali 2026–2030 yillarda qo‘shimcha 1 milliard dollar miqdorida investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, islomiy banklar faoliyatini joriy etishga oid qonun bu yilning 5 fevral kuni Senatda ma’qullangan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!