14:00 / 15.03.2019
5 503

Shavkat Mirziyoyev mahkumlar va qamoqda saqlanayotgan shaxslarga aloqador yangi qonunni imzoladi

Shavkat Mirziyoyev mahkumlar va qamoqda saqlanayotgan shaxslarga aloqador yangi qonunni imzoladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Mahkumlarning hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunni imzoladi. Hujjat matni “Xalq soʻzi” tomonidan keltirilgan.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 6 fevralda qabul qilingan. Senat tomonidan 2019 yil 28 fevralda maʼqullangan.

Oʻzbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga quyidagi qoʻshimchalar kiritildi:

quyidagi mazmundagi 1974-modda bilan toʻldirildi:
“1974-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilish
Mansabdor shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oldidagi oʻz majburiyatlarini bajarmaslik, uning ishiga toʻsqinlik qilish, unga bila turib yolgʻon axborot berish, xuddi shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan murojaatlarni, xulosalarni, taqdimnomalarni, iltimosnomalarni koʻrib chiqmasdan qoldirish yoki ularni koʻrib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila turib qasddan ishonchsiz maʼlumotlarni taqdim etish, –

mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”;

Oʻzbekiston Respublikasining 1997 yil 24 aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi 392–I-sonli Qonuniga quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi:

141-moddaning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etildi:
“Jazoni ijro etish muassasalarining, qamoqda saqlash joylarining va maxsus qabulxonalarning (bundan buyon matnda qamoqda saqlash joylari deb yuritiladi) maʼmuriyati qamoqda turgan shaxslarning murojaatlarini Vakilga yigirma toʻrt soatdan kechiktirmay, muhrlangan tarzda yuboradi, telegrammalarni esa darhol yuboradi. Vakilning javobi koʻzdan kechirilishi mumkin emas va arz qiluvchiga zudlik bilan yetkazib beriladi.

Vakil shikoyatlar koʻrib chiqilayotganda, shuningdek fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi hollarini oʻz tashabbusi bilan tekshirayotganda qamoqda saqlash joylariga moneliksiz kirish huquqiga ega. Mazkur muassasalarning maʼmuriyati Vakilning xavfsizligini taʼminlaydi.

Qamoqda saqlash joylarining maʼmuriyati Vakilga qamoqda turgan shaxslar bilan moneliksiz va xoli uchrashish hamda suhbatlashish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlashi shart, uchrashuv va suhbat ushbu muassasalar xodimlari ularni koʻrib turadigan, lekin eshitmaydigan sharoitlarda xoli oʻtkaziladi”;

quyidagi mazmundagi 209-modda bilan toʻldirildi:
“209-modda. Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha faoliyati

Vakil qamoqda saqlash joylariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha choralar koʻradi.

Vakil qamoqda saqlash joylariga kirganida:
- qamoqda turgan shaxslarning soni haqida axborot oladi;
- qamoqda turgan shaxslarni saqlash va ular bilan muomalada boʻlish sharoitlarini oʻrganadi;
- qamoqda turgan shaxslar bilan, shuningdek qamoqda saqlash joylari maʼmuriyatining xodimlari bilan uchrashuvlar va suhbatlar, shu jumladan xoli uchrashuvlar va suhbatlar oʻtkazadi. Bunda mazkur uchrashuvlar va suhbatlar jarayoni borishining bayonnomasi yuritiladi, zarur boʻlganda texnika vositalaridan foydalaniladi;
- shaxsning qamoqda turishining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishadi va ularning koʻchirma nusxalarini oladi;
- qamoqda saqlash joylarining maʼmuriyatidan qamoqda turgan shaxsni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazishni, unga tibbiy, psixologik va boshqa yordam koʻrsatilishini talab qiladi, mazkur tadbirlar oʻtkazilayotganda ushbu shaxsning roziligi bilan hozir boʻladi;
- qamoqda saqlash joylarining maʼmuriyati rahbarlaridan qamoqda turgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalalari yuzasidan tushuntirishlar oladi;
- qamoqda saqlash joylari maʼmuriyatining gʻayriqonuniy harakatlariga (harakatsizligiga) chek qoʻyish uchun zudlik bilan choralar koʻradi;
- qamoqda turgan shaxslarni saqlash sharoitlari toʻgʻrisida xulosa tuzadi va uni tegishli tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga yuboradi;
- tegishli davlat organlariga ularning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar va takliflar kiritadi.

Vakil shaxslar turgan, oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan boshqa joylarda ham qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha mazkur moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan choralarni koʻradi.

Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha faoliyatiga koʻmaklashish uchun Vakil tomonidan ekspert guruhi tuziladi. Ekspert guruhi toʻgʻrisidagi nizom Vakil tomonidan tasdiqlanadi.

Ekspert guruhining tarkibi nodavlat notijorat tashkilotlarining, qoida tariqasida, yurisprudensiya, tibbiyot, psixologiya, pedagogika sohasida, shuningdek boshqa sohalarda kasbiy hamda amaliy bilimlarga ega boʻlgan vakillari orasidan shakllantiriladi.

Vakil ekspert guruhi aʼzolarining qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olishga doir vazifalarini belgilaydi, shuningdek ularga qamoqda saqlash joylariga va shaxslar turgan, oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan boshqa joylarga moneliksiz kirish huquqini beruvchi maxsus yoʻllanmalar beradi. Maxsus yoʻllanma Vakil Kotibiyatining xodimlariga ham beriladi”;

21-modda:
birinchi qismidagi “tuzilishi mumkin” degan soʻzlar “tuziladi” degan soʻz bilan almashtirildi;
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirildi:

“Kotibiyat tuzilmasida Vakilning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish boʻyicha faoliyatiga koʻmaklashuvchi sektor tuziladi”.

Oʻzbekiston Respublikasining 1997 yil 25 aprelda qabul qilingan 409–I-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritildi:

9-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi sakkizinchi – oʻninchi xatboshilar bilan toʻldirildi:

- “ob-havo sharoiti yoʻl qoʻysa, ishdan boʻsh vaqtida toza havoda jismoniy mashqlar bilan shugʻullanish;
- jazoni ijro etish muassasasining psixologik xizmat koʻrsatish xodimlari tomonidan koʻrsatiladigan psixologik yordamni olish. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning psixologik yordam koʻrsatish bilan bogʻliq tadbirlarda ishtirok etishi faqat ularning roziligi bilan amalga oshiriladi;
- mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq xavfsiz mehnat sharoitiga ega boʻlish, dam olish, taʼtilga chiqish, shuningdek mehnatiga haq toʻlanishi”;
- sakkizinchi xatboshisi oʻn birinchi xatboshi deb hisoblanadi;

84-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:
“Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar saqlash sharoitiga qarab umumiy turar joylarda, xonalarda yoki kameralarda yashaydi, ushbu turar joylar, xonalar yoki kameralar belgilangan tartibda tasdiqlangan sanitariya-gigiyena hamda qurilish normalari va qoidalariga mos kelishi kerak”;

87-modda:
quyidagi mazmundagi uchinchi – toʻqqizinchi qismlar bilan toʻldirildi:

“Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs jazoni ijro etish muassasasiga qabul qilish chogʻida, jazoni oʻtash paytida vaqti-vaqti bilan, biroq olti oyda kamida bir marta, shuningdek murojaatlarga koʻra tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish maxfiylik shartlari asosida amalga oshiriladi.

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs jazoni ijro etish muassasasiga qabul qilingan paytdan eʼtiboran oʻn besh kun ichida u bilan suhbat oʻtkaziladi, mahkum jazoni ijro etish muassasasining karantin xonalarida tibbiy koʻrikdan va sanitariya-gigiyena tadbirlaridan oʻtadi.

Jazoni ijro etish muassasasining maʼmuriyati ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar jazoni ijro etish muassasasiga qabul qilinayotganda ham, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj boʻlganda ham tibbiyot xodimlari ushbu shaxslarning yoniga zudlik bilan kirishini taʼminlashi kerak.

Shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatish zarur boʻlganda ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtiriladi.

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj boʻlgan shaxslar davolash muassasasi huquqiga ega boʻlgan koloniyalarga yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar uchun moʻljallangan ixtisoslashtirilgan kasalxonalarga yuboriladi, shuningdek ular Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining hududiy muassasalariga joylashtirilishi mumkin.

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs ogʻir kasallikka chalingan taqdirda, jazoni ijro etish muassasasining maʼmuriyati mahkumning roziligi bilan uning yaqin qarindoshlariga yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning oʻzi koʻrsatgan boshqa shaxslarga bu haqda darhol xabar beradi.

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs ogʻir kasallikka chalingan taqdirda, telefon orqali qoʻshimcha soʻzlashishga, shuningdek shifokorning ruxsati bilan qoʻshimcha uchrashuvga ruxsat beriladi”;

uchinchi – beshinchi qismlari tegishincha oʻninchi – oʻn ikkinchi qismlar deb hisoblanadi;

97-modda quyidagi mazmundagi oltinchi qism bilan toʻldirildi:
“Tarbiyaviy ishlar bosqichma-bosqich ravishda quyidagicha amalga oshiriladi:

- ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs jazoni ijro etish muassasasiga kelgan vaqtda uning psixologik qiyofasini, tuzalish yoʻliga oʻtishga moyilligini aniqlagan holda uni dastlabki tarzda oʻrganish;
- ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning ongini oʻzgartirish boʻyicha tadbirlar oʻtkazish, ularda sodir etgan jinoyatidan pushaymon boʻlish hissini uygʻotish;
- ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning talab mavjud boʻlgan kasblar va mutaxassisliklarga oid kasbiy taʼlimini tashkil etish, oʻqishni tugallaganidan soʻng tegishli hujjat berish hamda ularni keyinchalik ishga joylashtirish”;

105-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:
“Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar quyidagi hollarda intizomiy javobgarlikka tortilmaydi:

- mehnat normalarini bajarmaganligi uchun, agar bu ishni rad qilish yoki ishdan boʻyin tovlash oqibati boʻlmasa;
- ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs ruhiy holati buzilishining bevosita oqibati hisoblangan biror-bir qoidabuzarligi uchun”;

106-moddaning toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:
“Huquqbuzarlik sodir etilgan holat, mahkumning xulq-atvori va shaxsiy xislatlari, uning xulq-atvoriga va qoidabuzarlik yoki qilmish sodir etishga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan, intizomiy choralar qoʻllash uchun sabab boʻlgan ruhiy holati buzilishining mavjudligi, shuningdek olib tashlanmagan va bekor boʻlmagan intizomiy jazolari bor-yoʻqligi intizomiy jazoni qoʻllash chogʻida inobatga olinadi”.

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev mahkumlar va qamoqda saqlanayotgan shaxslarga aloqador yangi qonunni imzoladi