Adliya vazirligi Toshkent propiskasi shartlarini qatʼiylashtirishni taklif etmoqda

  • 02 aprel 2019, 23:09
  • 840
  • O‘zbekiston
  • Adliya vazirligi Toshkent propiskasi shartlarini qatʼiylashtirishni taklif etmoqda
    Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi” portalida eʼlon qilingan yangi hujjat loyihasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy roʻyxatdan oʻtish imkonini beruvchi shartlarni qatʼiylashtirish taklif etilmoqda.

    Endilikda boshqa davlatlardan kelgan va Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar qiymati eng kam oylik ish haqining 3300 baravaridan kam boʻlmagan miqdorida yangi qurilgan koʻchmas mol-mulk sotib olinganida –shartnoma summasining 10 foizi miqdorida toʻlov undirilishi mumkin.

    Ushbu taklif Oʻzbekiston fuqarolariga taalluqli emas, ammo quyida hujjat loyihasida aynan mahalliy aholiga aloqador taklif ham keltiriladi.

    “Agar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yangi qurilgan koʻchmas mol-mulk ikki yoki undan ortiq shaxs tomonidan umumiy mulk huquqi asosida sotib olingan taqdirda, ularning har biri mazkur kichik bandda belgilangan stavkada davlat boji toʻlaydi”, — deyiladi muhokamaga havola qilingan hujjat loyihasida.

    Gap shundaki, Kun.uzʻda eʼlon qilingan huquqshunos Xushnud Xudayberdiyevning “Propiska boʻyicha layfxak” maqolasida aynan Toshkent shahri propiskasiga manfaatli, asosiysi qonuniy yoʻl bilan erishish haqida maʼlumot berilgandi.

    OʻzR Fuqarolik kodeksining 353-moddasiga binoan, ikki yoki bir necha shaxs shartnoma imzolashi mumkin. Yaʼni, biror mulkni albatta 1 kishi sotishi yoki 1 kishi sotib olishi shart emas. Taraflar koʻpchilik boʻlishi mumkin. Shundan kelib chiqib, yangi qurilayotgan uylarni 3-4 kishi oʻrtaga pul tashlab (ulush qoʻshib) sotib olishi ham mumkin.

    Agar Vazirlar Mahkamasi taklif etayotgan hujjat qabul qilinib, u kuchga kirsa, umumiy mulk huquqi asosida yangi qurilgan uy-joylardan birini sotib olayotgan shaxslarning har biri davlat bojini toʻlashga majbur boʻladi.

    Soddaroq qilib aytganda, hukumat “mol-mulkni oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji” koʻrinishida aynan propiska qiymati belgilamoqda. Yangi qurilgan uy-joy narxi shartli ravishda oʻrtacha 400 million soʻm deb qabul qilinsa, propiska uchun yoʻl ochib beruvchi toʻlov har bir shaxs uchun 20 million soʻmdan tushadi.

    Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq, har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqli. Shunga qaramay, Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega boʻlmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish choralarini koʻrgan holda ikkilamchi bozordan koʻchmas mulk sotib olishga boʻlgan cheklovlarni bekor qilinmadi.

    Ayni paytda amaldagi qonunchilikka koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega boʻlgan jismoniy shaxslar tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan yangi qurilgan koʻchmas mol-mulk sotib olinganda — shartnoma summasining 5 foizi, ammo eng kam oylik ish haqining kamida 10 baravari miqdorida davlat boji undiriladi.

    Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga boshqa davlatlardan kelgan va Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasiga ega boʻlgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan 600 mln. soʻmdan kam boʻlmagan miqdorida yangi qurilgan koʻchmas mol-mulk sotib olinganda — shartnoma summasining 10 foizi miqdorida toʻlov undirilishi belgilangan.

    Manba: Kun.uz

    » » Adliya vazirligi Toshkent propiskasi shartlarini qatʼiylashtirishni taklif etmoqda