20:26 / 23.11.2019
3 422

AQSh Shavkat Mirziyoyevning amaldorlar va OAV haqidagi so‘zlariga munosabat bildirdi

AQSh Shavkat Mirziyoyevning amaldorlar va OAV haqidagi so‘zlariga munosabat bildirdi
AQSh Davlat departamenti O‘zbekiston Respublikasi prezidentining davlat organlari va ommaviy axborot vositalari hamkorligi to‘g‘risidagi bayonotiga munosabat bildirdi.

Davlat departamenti O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 22 noyabr kuni videoselektor yig‘ilishi chog‘ida davlat idoralari va ommaviy axborot vositalari munosabati to‘g‘risidagi bayonotiga izoh bilan chiqdi.

Shavkat Mirziyoyev qishloqlar va shaharlarda aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida rahbarlar nafaqat o‘zining sha’nini, balki davlat idorasining obro‘sini ham saqlashga mas’ul ekanini unutmasligi kerakligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, rahbar shaxs har qanday to‘siq va qiyinchiliklarga, keskin va dolzarb muammolarga duch kelmasin, vaziyatdan og‘ir-bosiqlik va vazminlik bilan chiqib, faqat qonunga asoslangan to‘g‘ri qaror qabul qilishi shartligi aytildi.

AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Elis Uells o‘zining «Tvitter»dagi sahifasida shunday bayonot berdi:
«Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalariga nisbatan tahdidlarni qoralayotgani va OAV erkinligiga sodiqligini yana bir bor ta’kidlaganidan xursandman. Jurnalistlar va blogerlarning xavfsiz bo‘lishi hamda erkin ishlashini ta’minlash demokratiya va ochiqlikning yanada o‘sishiga turtki beradi».

Eslatib o‘tamiz, prezident rahbarlar va OAV muloqoti masalasiga bag‘ishlangan chiqishida shunday dedi:
«Ayrim rahbarlar jamoatchilik o‘rtasida turli ziddiyatlarga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish o‘rniga kibru havoga berilib, o‘ziga bino qo‘yish bilan masalani yanada qiyinlashtirmoqda. Biz ochiqlik yo‘lini tanladik va endilikda ortga qaytmaymiz».

Shavkat Mirziyoyev barcha amaldorlarni OAVni qat’iy hurmat qilish, ular bilan doimiy hamkorlik qilish va kibru havoga berilmaslikka chaqirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » AQSh Shavkat Mirziyoyevning amaldorlar va OAV haqidagi so‘zlariga munosabat bildirdi