19:44 / 13.03.2018
3 476

Umid Ahmadjonov: "Raqobat bor joyda yuksalish bo‘ladi"

Умид Аҳмаджонов: "Рақобат бор жойда юксалиш бўлади"
Bugun, 13 mart kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekistonda sport sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan katta yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mamlakat rahbari Shavkat Mirziyeyovning sport sohasida davlat boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida ko‘rsatilgan vazifalarni tartibga solish maqsadida, MOQ Olimpiya zaxiralari kollejlari rahbariyatini bir joyga yig‘di. Tadbirda shuningdek, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari boshliqlari, respublika sport federatsiya va assotsiatsiyalar rahbarlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov olib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakram Isroilov, uning birinchi o‘rinbosari Oybek Kasimov va MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanovlar ham ishtirok etgan majlisda Olimpiya zaxirlari kollejlari va sport federatsiyalari bilan kelishgan holda u yerdagi qabul kvotalarini o‘sha xududdagi talabdan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqishga asosiy e’tibor e’tibor qaratildi.

“Kvotalarni talabga qarab belgilashimiz lozim. Sport turlari bo‘yicha o‘rinlar ham shunga qarab taqsimladi. Boksga qiziqadigan yosh sportchini majburlab voleybol yo‘nalishida o‘qitmaymizku. Shuning uchun, kollej vakillari federatsiya bilan kelishgan holda talabga qarab buni qayta ko‘rib chiqishlari kerak.

Federatsiya rahbarlari qaysi viloyatda o‘z sport turini rivojlantirish bo‘yicha istiqbol ko‘rmoqda? Bugun bu borada ular o‘z taklifini beradilar", - dedi Umid Ahmadjonov.

“Ayrim kollejlarda 29 ta sport turidan saboq beriladi. Xo‘sh, ularning hammasida darslar, mashg‘ulotlar yuqori saviyada tashkil etiladi deb ayta olamizmi? Qanday qilib bitta kollej 29 ta turni rivojlantirishi mumkin? Andijonda ko‘rgandik, voleybol uchun har yili 3 ta o‘quvchi qabul qilinadi. Aslida voleybolni 6 kishi o‘ynasa, yana zaxira o‘yinchilari bo‘lsa, 3 ta sportchi bilan nimani rivojlantirmoqchimiz?

Endi kollejlarni mintaqalarga bo‘lamiz. Boks, dzyudo va yakkakurash sport turlariga bo‘lgan talab yuqori, ularni balki Olimpiya zaxiralari kolejlarining hammasida qoldirish mumkindir. Biroq rivojlanishda oqsayotgan sport turlari bo‘yicha markaz vujudga kelishi kerak. Andijonda 3 ta, Farg‘onada 3 ta, Namanganda 3 ta voleybolchi hech narsaga erishmaydi.

Ularni butun vodiy bo‘ylab birlashtirishimiz va mashg‘ulotlar saviyasini oshirishimiz kerak. Olimpiya zaxiralari kollejlari sportni ommalashtirish bilan umuman shug‘ullanishi kerak emas. Davlatimiz rahbari bu ishni maktablardan boshlash kerakligini ko‘rsatib o‘tdilar.

Kollejlar esa o‘z nomi bilan terma jamoaning zaxirasi va bazasi bo‘ladi va unda faqatgina mohir sportchi yoshlar jam bo‘lishi shart. Ana shundagina kolejlarda faqat yetuk va iqtidorli sportchilar voyaga yetadi. Bu eng avvalo yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytiradi. Raqobat bor joyda esa, yuksalish bo‘ladi” – deb o‘z fikrini davom ettirdi MOQ Prezidenti.

O‘z navbatida Jismoniy tarbiya va sport vaziri ham reja tuzayotganda har bir detallarga alohida e’tibor qaratish lozimligi haqida gapirdi.

"Sport kollejlari bo‘yicha takliflaringizni ko‘rdik. Bundan buyon qabul qilish mezonlari ham qayta ishlab chiqiladi. Imtihonlarda MOQ va vazirlik vakillari ishtirok etishadi. Ular qabul jarayonlarini nazorat qiladi. Kerak bo‘lsa, ommaviy axborot vositalari ham u yerda jarayonni yoritib beradilar.

Xalq ko‘rishi kerak kimlar, qaysi mezonlar asosida ushbu o‘quv dargohiga qabul qilinayotganini. Chunki, terma jamoaga asosiy nomzodlar aynan Olimpiya zaxiralari kollejlaridan yetishib chiqishi kerak. Bu masala bo‘yicha viloyat Jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari boshliqlari ham mas’uliyatni zimmalariga oladilar ", - dedi Shoakram Isroilov.

Sir emaski, davlat tomonidan sportni rivojlantirish uchun milliardlab mablag‘ ajratilmoqda. MOQ rahbari tomonidan bu pullar qat’iy nazorat qilinishi, to‘g‘ri sarflanishiga qattiq e’tibor berilishi haqida ham gapirib o‘tildi.

"Davlatning pulini bekorga sarflamasligimiz kerak. Shuningdek, u yerda majburan o‘qiyotgan yoshlarimizning ham bekorga vaqtini olmasligimiz lozim. Balki, to‘g‘ri yo‘naltira olsak kelajakda ulardan yaxshi shifokor, uchuvchi, haydovchi yetishib chiqar. Qilinayotgan ishlar, sarflanayotgan mablag‘lar samara berishini istaymiz. Qabul jarayonlarida ham raqobat bo‘lsin.

Sportchilar o‘sha dargohda o‘qiyotganlaridan faxrlanib yurishlari kerak. Tashkiliy ishlar borasida muammolar bo‘lmaydi. Davlat barchasini ta’minlab beradi. Qolaversa, tanish-bilishning bolasi emas, chindan ham iqtidori bor bo‘lgan yoshlar kerak bizga.

Endi kollejlar sportchilarni ovqatlantirish haqida bosh qotirmaydi, ularning darslari va mashg‘ulotlari bilan ishlaydi. Har bir sportchining ovqat ratsioni va uning taomida, ichimligida qanday ozuqalar bo‘lishi haqida boshqa kompaniyalar ish olib boradi. Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish uchun esa xorijdan malakali murabbiylar jalb qilinadi", - dedi Umid Ahmadjonov.

Undan tashqari yig‘ilishda bundan buyon Olimpiya zaxiralari kollejlarida futbol yo‘nalishi bo‘lmasligi, sportning bu turi bo‘yicha har bir viloyatda alohida akademiya tashkil qilinishi va ushbu akademiyalar bevosita O‘FA nazoratida bo‘lishi haqida ham ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan mutasaddilar qabul jarayonlari bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar. Jarayon hamon davom etmoqda. Milliy olimpiya qo‘mitasi uchrashuvga oid batafsil ma’lumotlarni yoritishda davom etadi.

Manba: www.olympic.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonov: "Raqobat bor joyda yuksalish bo‘ladi"