17:57 / 23.04.2018
3 807

Ronaldu zo‘rmi yoki Ronaldo?

Ronaldu zo‘rmi yoki Ronaldo?
MUTV tomonidan tashkil etilgan futbol haqidagi davra suhbatiga «MYu»ning turli davrlardagi 3 nafar hujumchisi taklif etildi - Markus Rashford (Angliya terma jamoasi a’zosi), Duayt York (trinidadlik futbolchi jamoa bilan «trebl»ga erishgan) va Denni Uebber (1998-2003 yillarda to‘p surgan).

Mehmonlar navbatma-navbat qora konvertlarni olib, ular ichidan chiqqan savollarga javob qaytardilar.

Savol: - Barcha davrlardagi hujumchilar orasidan kimni o‘zingizga ideal sherik sifatida ko‘rsatasiz?

Uebber: - Men uchun eng yaxshisi - takrorlanmas «to‘qqizlik» sanalgan Ronaldo. U faoliyatini juda barvaqt yakunladi, zero, jarohatlar ko‘proq o‘ynashiga imkon bermadi. Ronaldo mahoratini so‘z bilan ifodalash mumkin emas. Chinakam buyuk hujumchi namunasi!

York: - E-e, to‘xta-to‘xta, o‘zi qaysi Ronaldoni nazarda tutyapsan...?

Uebber: - O‘z davrimizdagi braziliyalik hujumchini. Axir sen ham unga qarshi o‘ynagansan-ku?

York: - To‘g‘ri, u bizni bir necha marta tiriklayin «ko‘mgan». Shubha yo‘q, Ronaldo - eng zo‘ri. Hozirgacha o‘yinlarini qayta-qayta tomosha qilishdan sira zerikmaysan. Ha, «so‘yloq» hamisha raqiblaridan baland kelardi.

Uebber: - Ronaldo «Old Trafford»da 3ta gol urgan o‘yinda ham maydonga tushgan eding...

York: - Ha, ochig‘i, o‘sha uchrashuvdan keyin butun jamoa bo‘lib, uni alohida olqishlagandik.

Uebber: - Kiyinish xonasiga olib kiruvchi yo‘lakda u shundoq yonimdan o‘tib ketganida, beixtiyor «Qoyil», deb yuborgandim.

York: - Vaholanki, bu o‘yin Ronaldo faoliyatining oxirida bo‘lgandi. Avvallari esa... «Barselona»da, hattoki, «Inter»ga o‘tganidan keyin ham har bir o‘yinda fantastik darajada to‘p surardi. Ha, sen ajoyib sherik tanlading.

Biroq men Endi Koulni ma’qul ko‘raman, baribir. Aslida chinakam yulduz darajasidagi hujumchilar ko‘p. Lekin Endi bilan o‘zgacha yengil o‘ynardik. Deylik, 3 yil hamkorlikda to‘p surib, 3 bora chempionlik shohsupasiga ko‘tarilganmiz.

Rashford: - Sizlar tilga olgan futbolchilarni faqat televizor orqali ko‘rishim mumkin edi. U payt yosh bolakay edim. Ko‘rish boshqa, yonma-yon to‘p surish boshqa. Men uchun eng zo‘r hujumchi - Ueyn Runi. U bilan birga o‘ynash... Bu hissiyotni ifodalash qi-yin. Aynan Ueyn ta’sirida keskin o‘zgardim.

Savol: - Markus Rashfordning eng yaxshi goli qaysi?

Rashford: - Hm-m... Shaxsan o‘zimga Londonda «Vest Xem» darvozasiga urgan golim ko‘proq yoqadi. O‘ta murosasiz bahs va chiroyli gol.

Uebber: - Bunga qo‘shilaman. Golni yon tomondan tomosha qilgandim. Olis burchak tomon yo‘llangan betakror zarba mahsuli!

Rashford: - Ochig‘i, o‘sha lahzada aniq bir nuqtani mo‘ljallamagandim. Shunchaki, ichki tuyg‘uga ishondim, gol bo‘lishiga shubha qilmadim. «Siti»ga qarshi derbidagi golni ham shunday izohlayman. Sezgim pand bermaganini ko‘rgach, ajoyib rohatni tuydim. Betakror lazzat!

York: - Umuman, ichki tuyg‘uga tayanish - hujumchi uchun muhim fazilat. U avvalo, o‘ziga ishonishi shart. «Men bunga qodirman, qo‘limdan keladi» qabilida ishonch bilan zarba yo‘llash kerak. Umuman, Markusning hissiyotlari menga tanish. Biroq boshqa hissiyotni ko‘proq qadrlayman - kerakli payt kerakli joyda hozir bo‘lish va voqealar rivojini oldindan his etishni.

Misol uchun, Rashfordning Angliya terma jamoasi o‘yinida urgan golini ta’kidlashim mumkin. To‘g‘ri, qaysi jamoa darvozasini ishg‘ol etgani yodimda emas. Lekin jarima maydoni tashqarisidan chiroyli zarba yo‘llagani esimdan chiqmaydi. Tan olaylik, olis masofadan urilgan golning gashti o‘zgacha.

Uebber: - Vaholanki, Markus hali o‘z fazilatlarini to‘laligicha namoyish etgani yo‘q. Uning uchun o‘rganishi lozim jihatlar ko‘p.

York: - To‘g‘ri, muhimi, saboq olishda davom etmoqda. Markus, agar sening o‘rningda bo‘lganimda, nimalar qila olishimni unutmaslik uchun gollar kolleksiyasini to‘plardim. Sir emaski, har qanday futbolchi pasayish davriga yuz tutishi mumkin.

Masalan, hujumchilarda «quruq» o‘yinlar seriyasi kuzatiladi. Shunday vaqtda oldin urgan gollaring yozuvini ko‘rsang, kayfiyating o‘z-o‘zidan ko‘tariladi, miyangda ijobiy fikr charx uradi: «Axir bu gollarni o‘zim urganman-ku, nega yana shunday qilolmas ekanman?»

Savol: - Qaysi Ronaldo kuchli?

Rashford: - Ehtiroslar nuqtai-nazaridan olganda, Krishtianuga yaqinroqman. U Runi bilan yonma-yon o‘ynagan paytdayoq yuksak saviyani namoyish etgandi. Qolgan futbolchilar shu juftlikdan o‘rnak olishardi.

Avvallari hujumchilar asosan 9-raqam ostida o‘ynashni orzu qilishardi. Lekin Ronaldu tufayli «7»ning obro‘si juda oshib ketdi. Bunday o‘yinchi butun bir avlod uchun yagona hisoblanadi.

Uebber: - Bunga javobni birinchi savol xususidagi fikrimda bayon etdim va yana nimadir deyishimga hojat yo‘q.

York: - Rashfordni tushunish kerak - gollar va sovrinlar soni bo‘yicha Krishtianu bilan birgina Messi bahslasha oladi. Ammo biz kabi faxriy futbolchilarga braziliyalik Ronaldo yaqinroq. Uni «Birinchi Ronaldo» qabilida tilga olishimiz ham bejiz emas.

Uebber: - Ha, shunday! Ronaldo har qanday jamoani tiz cho‘ktira olardi.

Savol: - Katta mablag‘ evaziga tayyor futbolchi xarid qilish yaxshimi yoki akademiya tarbiyalanuvchilariga tayanish?

Uebber: - Shaxsiy fikrimcha, rang-baranglik muhim. Deylik, York asosan mashhur akademiya tarbiyalanuvchilaridan tuzilgan tarkib o‘yiniga tezda muammosiz kirishib ketgandi. Bu namunaviy misol.

York: - Futbolda muvozanat juda muhim. Tushunarliki, akademiyaning ahamiyati katta. Shuning barobarida klub muvaffaqiyatida nufuzli yulduzlar ham beqiyos o‘ringa egalar.

Ular avvalo, yoshlarga maktab vazifasini o‘taydilar. Masalan, Erik Kantona bu vazifani a’lo darajada uddalagan. Demak, unga sarflangan mablag‘ zoye ketmagan. Qolaversa, «MYu» - xalqaro brend. Buni unutmaslik kerak.

Rashford: - Angliya klublariga dunyoning turli burchaklaridan yosh iqtidor sohiblari suvdek oqib kelishmoqda. Bu to‘g‘ri yo‘l emas, menimcha. Tajribali yulduzlarning kelishlari esa juda foydali. Chunki ular turli uslublarni namoyish etib, yosh futbolchilarga ko‘p narsalarni o‘rgatadilar.

Savol: - Sizga qarshi to‘p surgan eng qo‘pol himoyachi kim?

York: - Hozirgi himoyachilar avvalgidek qo‘pol emaslar, ularga qarshi o‘ynash ancha oson. Har holda, bizning davrda himoyachilar chindan ham, o‘ta qo‘pol va shafqatsiz o‘ynashardi. Toni Adams, Sol Kempbell, Martin Kioun, Kolin Xendri...

Hattoki, yo‘talish uchun ham ulardan izn so‘rash talab etilardi. Hozirchi? Himoyachi raqibini turtishga ham qo‘rqadi. Men hech qachon o‘z oldimga top-himoyachidan ustun kelish vazifasini qo‘ygan emasman. Bu noto‘g‘ri. Shunday maqsad bilan maydonga tushgan o‘yinchi albatta, yengiladi.

Shunchaki, saviyali himoyachilarni aldab o‘tishga intilardim. To‘g‘ri, «Arsenal»ga qarshi bahslarda Adams va Kiounni chetlab o‘tishga harakat qilardim. Chunki ular to‘pni tortib olishda benazir edilar.

Rashford: - Menga turli usullar bilan himoyalanadigan o‘yinchilar ko‘proq muammo tug‘dirishadi. Masalan, Jon Stounz. U o‘ylashga ham imkon bermaydi - to‘pni oldingmi, o‘sha zahoti zarba yo‘llashing shart, aks holda...

Uebber: - Yap Stam o‘tib bo‘lmas to‘siqdek tuyulardi. O‘zib ketishni o‘ylasang, tezligi juda yuqori, qisib qo‘yishni o‘ylasang, o‘ta baquvvat. Ko‘p hollarda to‘pni jamoadoshimga oshirib, keyin qulayroq pozitsiyaga chiqish uchun uning yonidan bemalol o‘tib ketardim...

Manba: www.iff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ronaldu zo‘rmi yoki Ronaldo?