Osiyo Kubogi kundaligi, 19-kun. Yo hayot, yo mamot!

  • 21 yanvar 2019, 00:52
  • 2 097
  • Sport
  • Osiyo Kubogi kundaligi, 19-kun. Yo hayot, yo mamot!
    Ertaga Avstraliyaga qarshi o‘yin. Yo hayot, yo mamot! Barcha buni tushunib turibdi. Barcha buni his qilib turibdi. Menga eng yoqayotgani, bosh murabbiy va yigitlarda qo‘rquv yo‘q. Ular ruhan tayyor o‘yinga. Maydonga chiqishga va jang qilishga tayyor!

    Bugun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Qiziqarli tomoni, biz matbuot anjumaniga o‘xshash tadbirlarga OFK tomonidan ajratilgan avtomashinalarda boryapmiz. Avstraliya bosh murabbiyi va futbolchi esa jamoa avtobusida kelishdi. Ularga ajratilgan mashinalar band bo‘lsa kerak, deb o‘yladik. Yo‘q, keyinroq komissar ishtirokidagi mitingga ham jamoa rasmiylari avtobusda kelishdi. Ularda o‘ziga xos shunday odat – irim bor ekan. Ikkita odammi, bitta odammi – farqi yo‘q, har bir tadbirga jamoa avtobusida borisharkan.

    Matbuot anjumanida Kuper ancha ishonch bilan gapirdi. Shu bilan birga Avstraliyani kuchli jamoa ekanini ham aytib o‘tdi. Tabiiyki, Avstraliya bosh murabbiyi Grem Arnold ham shunga o‘xshash fikrlarni bildirgan.

    Ertaga qiziqarli o‘yin bo‘ladi. Har ikki jamoa ham futbol o‘ynaydigan jamoalar. Bir biriga futbol o‘ynashga imkon beradigan jamoalar. Neytral muxlislar uchun ham qiziqarli uchrashuv bo‘lishi aniq.

    Mashg‘ulotlar doimgidek ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Futbolchilar standart vaziyatlardan gol kiritishni mashq qilishdi. Keyin qanotlardan hujum tashkil qilish va raqib hujumlarini bartaraf etish bo‘yicha ham ish olib borildi. Kuperni o‘zi futbolchilar bilan birga maydonda rosa yugurdi. Uning harakatlarini kuzatib turgan hamkasblarimdan biri hazil aralash: “Ikkinchi taymda 15-20 daqiqaga maydonga tushishgayam kuchi bor hali Kuperni”, - dedi.

    Haqiqatan ham, uning shijoatiga qoyil qolmay iloji yo‘q. Ertaga Kuper uchun ham jiddiy sinov. Yaponiyaga qarshi o‘yinda pley-off masalasini hal qilib bo‘lgandik. Shu sababli natija uchun ko‘p qayg‘urmadik. Ammo ertaga xato qilishga haqqimiz yo‘q. Bitta o‘yin, g‘olib ishtirokini davom ettiradi. Mag‘lub esa...

    Bugun nimchorak final o‘yinlariga start berildi. O‘z guruhida uchinchi o‘rinni olib keyingi bosqichga chiqqan Vetnam sensatsion tarzda penaltilar seriyasiga ko‘ra Iordaniyani musobaqadan chiqarib yubordi. Avstraliyani mag‘lubiyatga uchratgan Iordaniyani. Shuningdek, Xitoy Tayland ustidan, Eron esa Ummon ustidan g‘alaba qozonib keyingi bosqichga yo‘l oldi. Umid qilib qolamizki, ertaga biz ham ularning safida joy olamiz!
    Yoqubjon Bobojonov, O‘FA Matbuot xizmati
    Al-Ayn, BAA

    Manba: www.ufa.uz

    » » Osiyo Kubogi kundaligi, 19-kun. Yo hayot, yo mamot!