Aziz Turg‘unboyev: "Agentni tanimayman, u bilan hatto ko‘rishmaganman ham"

  • 30 yanvar 2019, 22:30
  • 2 303
  • Sport
  • Aziz Turg‘unboyev: "Agentni tanimayman, u bilan hatto ko‘rishmaganman ham"
    Bundan bir necha kunlar avval yurtimizdagi internet nashrlardan birida Azizbek Turg‘unboyevning agenti bilan bo‘lgan intervyu chop etilgan edi. Qiziq tomoni shu kungacha ko‘rinish bermagan agent endi paydo bo‘lib qolgani ko‘pchilikni ajablantirdi. Qolaversa, yangi mavsumga Qrimda tayyorgarlik olib borayotgan jamoa va Azizbekning «Navbahor»dan ketish yoki qolish haqidagi mish-mishlarga ham oydinlik kiritish maqsadida biroz avval Azizbek bilan bog‘landik va barchani qiziqtirgan savollarga javob oldik.

    "Oldin ham aytgandim, yana aytaman. «Navbahor»da qolaman. Agent bilan bog‘liq gaplarga keladigan bo‘lsak, men hatto uni tanimayman ham. Hatto u bilan ko‘rishgan ham emasman. Hech qanaqasiga u menga butsa olib bermagan ham. Qanaqasiga hayotingizda biron marotaba ko‘rishmagan odam sizga bu narsani qilishi mumkin? Bu yolg‘on. Umuman agent degan kimsa bo‘lmagan hayotimda. Keyin, meni shaxsiy hayotimni hal qilishga uning haqqi yo‘q.

    Qrimdagi tayyorgarlik a’lo darajada davom etmoqda. Kechagi nazorat uchrashuvida ham g‘alaba qozondik. 31 yanvar kuni Qrimdagi so‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushamiz. Nasib qilsa mazkur uchrashuvda ham g‘alaba qozonib muxlislarimizga xursandchilik ulashmoqchimiz.

    Ketishim yoki qolishim haqidagi gaplarga kelsak, men «Navbahor» muxlislari uchun ham jamoada qoldim. Qolaversa, shu viloyatda tug‘ilib o‘sdim. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi tufayli shu darajaga chiqdim. Muxlislardan har-xil gap so‘zlarga ishonmasliklarini so‘rardim. Hozir Farhod aka bilan o‘z fikrlarimni o‘rtoqlashyapman. Bu gaplarni shaxsan o‘zim aytyapman. Shu inson ham namanganlik muxlislarning hurmati va istagi bilan bugun men bilan bog‘landi. Bajonidil rozi bo‘ldim. Ba’zi muxlislar menga murojaat bilan chiqishmoqda. Senga «Navbahor»da qolishing uchun shartnomani majburlab qildirishdimi yoki kimdir bosim o‘tkazyaptimi deb. Yo‘q, birinchidan bunaqa narsalar umuman bo‘lmagan. Men o‘z xohishimga ko‘ra «Navbahor»da qolishni ma’qul deb bilganman. Turli xil yolg‘onlarni odamlar qayerdan topishadi hayronman. Yolg‘on gaplarga ishonmasligingizni so‘rayman. Men viloyat hokimi Xayrulla Hayitboyevichga cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman. Ushbu inson hayotim davomida ko‘plab yordam berdilar. Men uchun shunchalik kuyunib, qayg‘urayotganliklari uchun barcha ishqibozlarga rahmat aytmoqchiman. Tushuninglar! Shunday rahbarlar va jonkuyar muxlislar borligi uchun ham «Navbahor»da o‘ynamoqchiman «Navbahor»da, - deydi Azizbek Turg‘unboyev.
    Farhod Umaraliyev suhbatlashdi

    » » Aziz Turg‘unboyev: "Agentni tanimayman, u bilan hatto ko‘rishmaganman ham"