23:24 / 30.01.2019
4 199

Ja’far Irismetov: "Hamdamov kelgach, Gonsalveshga extiyojimiz qolmadi"

Ja’far Irismetov: "Hamdamov kelgach, Gonsalveshga extiyojimiz qolmadi"
“Paxtakor” klubi yangi mavsum uchun tayyorgarlikni BAAda olib boryapti. O‘tgan yili belgilangan ishlar oxirigacha yetkazilmagani tufayli bu yil “sherlar” xato va kamchiliklaridan kerakli xulosalarni chiqargan holda rejalar ishlab chiqib, yangi mavsum uchun jiddiy hozirlik ko‘rishmoqda. “Paxtakor” 12 fevralda dastlabki sinovdan o‘tishi kerak. Shu kuni Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichida Iroqning “Eyr Fors” klubiga qarshi o‘ynaydi va undan keyin yana bir pley-off uchrashuvi kutib turibdi. Yangi mavsumda ham “Paxtakor”ning oldiga eng yuksak maqsadlar qo‘yilgan.

Jamoa tarkibidagi o‘zgarishlar esa hech kimni befarq qoldirmayapti. Ayniqsa, oxirgi paytlarda klubga kelgan va ketgan o‘yinchilar borasida gap-so‘zlar ko‘payib ketdi. Shu maqsadda klubning sport direktori Ja’far Irismetov bilan gaplashdik va u ko‘plab masalalarga oydinlik kiritdi.

“Bezerraga qatarliklar ko‘p pul taklif qilishdi”
- Bizning birinchi rejamiz 12 fevral kuni Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichidagi Iroqning “Eyr Fors” jamoasiga qarshi o‘yin uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rishdan iborat – deb gap boshladi, Irismetov. - 24 dekabrdan boshlab ilk mashg‘ulotlarga kirishgandik. Shundan so‘ng 3 yanvardan butun jamoa bo‘lib yig‘ildik. Ya’ni, shu kundan legionerlarimiz ham qo‘shilishdi. Imkoni qadar 12 fevral kuni bo‘ladigan uchrashuvga maksimal darajada tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Lekin bu masalada bizda biroz qiyinchiliklar bo‘lyapti. Chunki terma jamoalarimizga ketgan o‘yinchilarimiz ko‘p edi. Mana, endi 25 yanvardan Abu-Dabida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarimizni boshladik. Bu yerda 6 fevralgacha shug‘ullanamiz. Bor e’tiborimizni yuqorida aytganimdek, 12 fevral kuni bo‘ladigan uchrashuvga qaratganmiz.

- “Eyr Fors” jamoasini o‘rganish ishlari qanday olib borilyapti?
- Murabbiylarimiz bo‘lajak raqibni diqqat bilan o‘rganib chiqishyapti. Deyarli har kuni “Eyr Fors” haqidagi ma’lumotlarni ko‘rishyapti. Bu klubda ko‘plab muammolar borligidan ham xabarimiz bor. Lekin bu o‘yinga ta’sir qilmaydi deb o‘ylayman. Ularning tarkibida legionerlari va terma jamoada o‘ynaydigan uch nafar o‘yinchilari ham bor. Biz ularni Osiyo Kubogida ko‘rdik. Aytishim mumkinki, jamoa yaxshi shakllangan. Ularning markazida suriyalik futbolchisi bor va o‘zidan iliq taassurot qoldiryapti. “Eyr Fors” tarkibidagi futbolchilarni kurashuvchan deyish mumkin. Lekin biz aslo raqibdan qo‘rqmayapmiz. Shunchaki, ular haqidagi ma’lumotlarni aytyapman xolos. Keyingi bosqichga chiqishimizga ishonaman.

- Jamoaning o‘tgan yilgi to‘purari Tiago Bezerra Qatar klubiga o‘tib ketdi. Uni olib qolishning iloji bo‘lmadimi?
- Bezerraning biz bilan tuzgan shartnomasi tugagandi. Lekin uni osonlikcha qo‘yib yuborishni istamadik va jamoada olib qolish uchun oxirigacha kurashdik. Afsuski, Tiago bilan baribir kelisha olmadik. U Qatar klubini tanladi. Biz esa Qatar jamoalari bilan moliyaviy tomondan raqobatlasha olmaymiz. Lekin biz oxirigacha unga eng yaxshi taklif bilan chiqdik. Ammo qatarliklar bizdan ko‘ra ko‘proq pul taklif qilgani uchun ularga o‘tib ketdi. Ammo uning “Paxtakor”ga qaytib kelishini juda xohlagandik.

“QONUN BO‘YIChA TURG‘UNBOYeV “PAXTAKOR”GA QO‘ShILIShI ShART”

- Navbatdagi savolim Aziz Turg‘unboyev masalasi bilan bog‘liq. O‘ylashimcha, bu hammani qiziqtiryapti. Yaqinda “Paxtakor” OChLning qaydnomasi uchun futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi va unda Aziz Turg‘unboyev ham bor edi. Lekin u “Navbahor” bilan ham shartnoma imzolagan va hozirda namanganliklar bilan Qrimda shug‘ullanib yuribdi. Ushbu masalaga oydinlik kiritib o‘tsangiz?

- Aziz Turg‘unboyev bilan haqqoniy tarzda shartnoma tuzganmiz. Ya’ni, barcha qonun-qoidalarga zid bo‘lmagan ravishda o‘zaro kelishgan holda shartnoma imzolaganmiz. Shunday ekan, Aziz “Paxtakor”ning futbolchisi hisoblanadi. To‘g‘ri, u ayni paytda “Navbahor” jamoasi bilan shug‘ullanyapti. Terma jamoaning lageridan to‘g‘ri Qrimga uchib ketgan. Lekin biz futbolchini qaytarish masalasida PFLga murojaat qilganmiz. Bemalol aytishim mumkinki, biz uni haqqoniy ravishda PFLning ro‘yxatidan o‘tkazib Osiyo Chempionlar ligasi uchun “zayavka” qilganmiz. Albatta, bu vaziyatda futbolchining xohishiga ham qaraladi. Ammo biz Turg‘unboyev bilan shartnoma tuzayotganimizda uning jamoamizda o‘ynash uchun xohishi bor edi. Hozir ham futbolchining “Paxtakor”da to‘p surishga xohishi bo‘lishi kerak. Yana nima deyishim mumkin? Aziz avvalo “Paxtakor”ga kelib mashg‘ulotlarga qo‘shilishi lozim. Shundan keyingina agar uning o‘zi ketishni istasa, “Navbahor” bilan muzokaralarga kirishishimiz kerak bo‘ladi. Biroq qonun bo‘yicha Turg‘unboyev “Paxtakor”ga qo‘shilishi shart.

- Shuningdek, Jaloliddin Masharipovning keyingi taqdiri ham barchani qiziqtiryapti. Avvaliga futbolchi Yevropaga ketmoqchiman dedi, keyin esa “Paxtakor” bilan shartnoma imzolagani haqida xabarlar chiqdi. U chindan ham klubda qoldimi yoki ketyaptimi? Shu masalaga ham oydinlik kiritib o‘tsangiz yaxshi bo‘lardi.
- Masharipov bilan muzokaralar olib boryapmiz. Qo‘limizdan kelganicha uni jamoada olib qolishga harakat qilyapmiz. U chindan ham Yevropaga ketaman degan va u yerdan futbolchi uchun yaxshi takliflar bo‘lyapti. Agar uning “Paxtakor”da o‘ynashga qanchalik xohishi katta bo‘lsa, bu yerda qolish uchun imkoniyati shunchalik yuqori. Lekin hali muzokaralar davom etyapti. Biz u bilan hozircha og‘zaki kelishuvga erishganmiz. Biroq shartnoma imzolaganimiz yo‘q.

- Jamoada legionerlar borasida ham yangiliklar bo‘ladimi?
- Hozircha oldimizda Jaloliddin Masharipov va yana bir-ikkita o‘yinchilar bilan shartnomalarni uzaytirish va yangi bitimlar imzolash masalalari bor. Agarda o‘zimiz istagan barcha futbolchilar bilan shartnomalar tuza olsak, boshqa legionerlarga extiyojimiz qolmaydi. Ammo hozircha birgina tayanch yarim himoyachisi borasida boshimiz qotyapti. Balki ushbu pozitsiyaga yangi legionerni ro‘yxatdan o‘tkazishimiz mumkin. Bu borada o‘zbekistonlik ikki nafar futbolchi bilan gaplashyapmiz. Mabodo, ular bilan kelisha olmasak, legioner masalasini ko‘rib chiqishimiz mumkin.

“PAXTAKOR” TRANSFERLARDAN FOYDA KO‘RYaPTI”

- Umuman olganda, shu kunga qadar “Paxtakor” kimlar bilan rasman shartnomalar imzoladi va klubni tark etgan o‘yinchilar haqida ham ma’lumot berib o‘tsangiz.

- Klubdan ketgan o‘yinchilarga kelsak, Kamoliddin Tojiyev, Akmal Shorahmedov, Aleksandr Lobanov, Jamshid Iskanderov, Akbar Ismatullayev, Stanislav Andreyev, Abbos Otaxonov, Jasur Hakimov, Ismoil Gonsalvesh, Tiago Bezerra kabilar “Paxtakor”ni tark etishdi. Endi shartnoma imzolagan futbolchilarga to‘xtalsam, Doston Hamdamov, Akrom Komilov va Sardor Sobirxo‘jayev rasman “Paxtakor”ning yangi o‘yinchilariga aylanishdi. Darvoqe, Sanjar Quvvatov bilan ham ikki yillik shartnoma tuzdik. Shuningdek, Marat Bikmayev va Sadriddin Abdullayev bilan ham kelishuvga erishdik. Masharipov bilan bog‘liq vaziyatni boya aytdim, Yegor Krimets bilan esa yangi shartnoma tuzdik.

- Shorahmedov “Paxtakor”ning asosiy o‘yinchilaridan biri edi. U bilan kelisha olmadinglarmi yoki murabbiyning rejasiga to‘g‘ri kelmay qoldimi?
- Akmal AGMKga qo‘shildi. Oldin ham Mirjalol aka Qosimov bilan ishlagan. Shu bois u bilan kelishgan holda xayrlashdik.

- Gonsalvesh “Paxtakor”ning Toshkentdagi yig‘inida ham qatnashgandi. Uning ketishi nima bilan bog‘liq?
- Doston Hamdamovni qo‘lga kiritganimizdan keyin Ismoil Gonsalveshga extiyojimiz qolmadi. Qolaversa, bizda uning joyda o‘ynaydigan Jasur Yaxshiboyev ham bor. Terma jamoalarimizga nomzod bo‘lgan futbolchilardan foydalanish maqsadida Ismoildan voz kechdik. Yaxshiboyevga ham ko‘proq o‘yin amaliyotini berish uchun ham ushbu transferlarni amalga oshiryapmiz. Lekin Gonsalvesh “Paxtakor”da yomon o‘ynamadi. Ayniqsa, mavsum oxirlariga kelganda o‘yinini kuchaytirdi. Lekin endilikda Gonsalveshni Eron klubiga transfer qildik.

- Uning Eron jamoasiga transfer qilingani “Paxtakor”ning moddiy tomondan foyda ko‘rganini bildiradimi?
- Albatta, shunday. Klub bu transferdan foyda oladi. “Paxtakor” faqatgina boshqa o‘yinchilarni qo‘lga kiritish orqali transfer qilmaydi, biz ham o‘yinchilarni sotib foyda ko‘rishimiz mumkin. Gonsalvesh bunga misol bo‘la oladi.

- “Paxtakor” hozirgi seleksiya jarayonida yana qaysi o‘yinchilarning transferi orqali foyda ko‘rmoqchi?
- Abbos Otaxonov, Akbar Ismatullayev, Stanislav Andreyev kabi futbolchilarni “Metallurg” klubiga transfer qildik. Lekin aniq mablag‘ni ayta olmasam-da, yaxshi daromad oldik. Bir jamoada 30-40 nafar futbolchini ushlab turib bo‘lmaydi. Hammaga ham o‘yin amaliyoti kerak. Qolaversa, Akmal Shorahmedov bilan Jasur Hakimov ham OKMK klubiga transfer qilindi. Qishki transfer oynasida “Paxtakor” o‘yinchilarni sotish orqali yaxshi foyda ko‘rdi deb o‘ylayman. Lekin bizga birinchi o‘rinda daromad qilish emas, balki klub manfaatidan kelib chiqqan holda futbolchilar kerak. Men ham, Sobir Xodiyev ham o‘z vaqtida futbolchi bo‘lganmiz va ularni yaxshi tushunamiz. Ismatullayev, Andreyev kabilar shunday yoshdaki, ular rosa o‘ynaydigan paytda. Shu bois ikki tomonlama kelishib, ularni ham transfer qildik. Shuningdek, o‘yinchini ijaraga berayotganda ham hammasini o‘ylaymiz. Masalan, o‘sha klubda futbolchimiz 50 foizdan ko‘p o‘yinlarda maydonga tushsa, biz ijara pulining miqdorini kamaytiramiz. Bizga pul ishlashdan ko‘ra futbolchimizning o‘yin amaliyoti muhimroq. Bu bizning “Paxtakor” rahbariyati bilan o‘zaro kelishgan holdagi formulamiz hisoblanadi. Menimcha, bunday qonun-qoidalar boshqalar uchun yangilik bo‘lsa kerak.

- Hozirgi qishki transfer bozorida “Paxtakor” bilan “Lokomotiv”ning o‘zaro raqobatlashayotgani haqida ko‘p gapirilmoqda. Chindan ham ikkala jamoa tarkibini kuchli futbolchilar bilan boyitib boryapti.
- “Lokomotiv” bilan kim zo‘r transferlarni qiladi, degan mazmunda raqobatlashmayapmiz. Bu asosan klub “filasofiyasi” bo‘yicha amalga oshirilayotgan o‘zgarishlardir. O‘zimizga kerakli futbolchilarni qo‘lga kirityapmiz. “Lokomotiv” bilan kim o‘zarga o‘yinchi olayotganimiz yo‘q. Shunchaki, o‘z maqsadlarimizdan kelib chiqib futbolchilarni olyapmiz. Shu bilan birga sifat darajasiga ham e’tibor beryapmiz. Qolaversa, klubning bosh direktori Dmitriy Adisman va marketing bo‘limi boshlig‘i Avaz Mutalovning ham hissasi katta. Hammamiz oldimizga oliy maqsadlarni qo‘yib ishlayapmiz.
Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ja’far Irismetov: "Hamdamov kelgach, Gonsalveshga extiyojimiz qolmadi"