Umid Ahmadjonov: «O‘z manfaati yo‘lida futbol rivojiga to‘sqinlik qiladiganlarga oramizda joy yo‘q»

  • 05 fevral 2019, 15:27
  • 1 431
  • Sport
  • Umid Ahmadjonov: «O‘z manfaati yo‘lida futbol rivojiga to‘sqinlik qiladiganlarga oramizda joy yo‘q»
    O‘FA qoshidagi qo‘mitalar va nihoyat Aziz Turg‘unboyev masalasini yopdi. Unga ko‘ra, biryo‘la 5 kishi futboldan ma’lum muddatga chetlashtirildi. O‘FA matbuot xizmati bu mavzu yuzasidan O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning fikrlari bilan qiziqdi.

    “Aziz Turg‘unboyev masalasi o‘z yechimini topdi. Bu ishda bir emas, ikki qo‘mita a’zolari mehnat qildi. Mojaroga aloqador deb gumon qilingan shaxslar birma-bir chaqirtirilib, so‘roq qilindi. Bu esa gap nimada ekanini aniqlashga yordam berdi”, — deb gap boshladi Ahmadjonov.

    — Qo‘mita a’zolari ish olib borayotgan vaqtda ular bilan ko‘rishdingiz. Ularga nimalar dedingiz?
    — Ish boshlangan vaqtda hamma bilan uchrashdim. Gap-so‘zlar, murojaatlar, fikrlar xilma-xil bo‘layotgani, ularga e’tibor bermay, nizomlarda belgilab qo‘yilgani bo‘yicha adolatli qaror chiqarishlarini so‘radim. Ya’ni, bu yerda hech bir klubga yon bosish va kimnidir ayash shart emas edi. Har qanday holatda ham aybdorlar adolatli jazoga tortilsa, bu qolganlar uchun ham ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq bo‘lardi.

    — Bu yerda futbolchiga berilgan jazo jiddiy emasmi? Milliy terma futbolchisining keyingi taqdiri haqida o‘ylab ko‘rildimi?
    — Birinchidan, Aziz yosh bola emas. Kelajagi haqida avvalo o‘zi o‘ylashi shart. Ikkinchidan, u milliy terma a’zosi bo‘ladimi yoki oddiy futbolchi — qonun-qoida hamma uchun bir. Uchinchidan, bunday holat mamlakat futbolida adashmasam birinchi bor bo‘layotgani yo‘q. Bungacha Ilhom Yunusov degan futbolchi ham ikki klub bilan shartnomaga imzo chekkani uchun 6 oyga chetlatilgan. Va to‘rtinchidan, qanday bosim bo‘lmasin, qanday ishontirishmasin, futbolchi o‘z haqini talab qilishni o‘rganishi kerak. Kimdandir qo‘rqsa, mana O‘FAga murojaat qilsin. Qaysidir futbolchining huquqlari poymol etilayotgan bo‘lsa, uni himoya qilishga kuchimiz yetadi.

    — Ilhom Mo‘minjonovning chetlatilishiga qanday qaraysiz?
    — Men yanada jiddiyroq jazo berishlariga ham qarshi bo‘lmasdim, aslida. Biroq komissiya shu qarorga kelgan bo‘lsa, biz uni hurmat qilamiz. O‘z klubi uchun borini berish o‘rniga, uni talash, taron-taloj qilish haqida ko‘proq o‘ylaydigan kishilarga oramizda joy yo‘q. U kim bo‘lishidan qat’iy nazar, kimningdir tuzini yeb, tuzlug‘iga tupurishi kerak emas. Bu hali hammasi emas, O‘FA inspeksiyasi boshqa masalalar yuzasidan ham tekshiruvlarni davom ettiradi. Agar kimdir totalizator yoki kelishilgan o‘yinlarda ham ishtirok etgan bo‘lsa, biryo‘la butun umrga chetlashtirish masalasi ko‘rib chiqiladi. Bu gap hammaga tegishli. Kim shunday ish qilgan, qachon qilgan, nimani istagan — ahamiyati yo‘q, poyezd ketib bo‘ldi. Hamma qilmishiga yarasha jazosini olmasa, futbol shunday nopokliklar sabab tag-tomiridan chirib ketyapti. Ularni hoziroq to‘xtatishimiz shart.

    — Irismetov va Sarikov masalasida nima deysiz?
    — Qo‘mita ularni ham chetlashtirgan. Komissiya a’zolari buni izohlab berishdi. Masalan, har ikki klubni ham jarimaga tortish mumkin edi. Keyingi safar klublar o‘z ishchilarini nazorat qilmasa, tiyib turmasa, ular ham jazodan chetda qolmaydi. Chunki har bir klub o‘z xodimlari uchun javobgardir.

    — Bu kabi ishlar bir-birining ketiga ulanib ketsa, ayni vaqtda futbolda faoliyat olib borayotgan bir qator nomlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinmi?
    — Bunisi endi bizni qiziqtirmaydi. Nafsi yo‘lida futbol rivojini bir chetga surib qo‘ygan odam xoh yulduz bo‘lsin, xoh iqtidor egasi — birdek javob beradi. O‘zbekiston iqtidorlarga to‘la mamlakat, ularning o‘rni bo‘shab qolmaydi. Aslida mana shunday “bo‘rilar”ning borligi sabab ham qator iqtidorlar oyoq ostida, e’tibordan chetda qolib ketyapti. Futbolni tozalashda davom etamiz, aybdorlarga shafqat qilinmaydi. Prezidentimizning o‘zlari har sohada shunday siyosat olib boryaptilarmi, nega endi bu narsa futbolni chetlab o‘tishi kerak? Futbol xalq uchun, biz ularni alday olmaymiz. Shu kabi ishlar girdobida qolgani uchun ham stadionlardan odamlarning qadami uzilgandi. Oson bo‘lmaydi, sekin-sekinlik bilan muxlislarni qaytaramiz.

    » » Umid Ahmadjonov: «O‘z manfaati yo‘lida futbol rivojiga to‘sqinlik qiladiganlarga oramizda joy yo‘q»