00:30 / 13.03.2019
3 209

Zidan “Real”ni oʻzgartirishni uddalay oladimi?

Zidan “Real”ni oʻzgartirishni uddalay oladimi?
11 mart kuni kechqurun Madridning “Real” klubi Zinedin Zidan jamoa bosh murabbiyligiga qaytganini eʼlon qildi. Bu xabar butun dunyodagi muxlislarning uyqusini qochirib yuborgani aniq. Oʻzi Zidan bilan bogʻliq har qanday voqea shov-shuvlarga sabab boʻlgan. Zizuning futboldan ketishi ham, murabbiylikka kelishi, “Real”dan ketishi ham oʻzgacha boʻlgan. Endi murabbiy yana bir syurpriz bilan barchaning “ogʻzini ochirib qoʻydi”. Hozircha uning futboldan, murabbiylikdan va “Real”dan faqat ketganini koʻrgandik. Zidanning qaytishi qanaqa boʻlishini esa hali bilmaymiz. Lekin bir narsa aniq, Zidanning kelishi futbolni yanada qiziqarliroq qildi.

“Jamoaga gʻalabalar uchun yangi motivatsiya kerak”
Zidanning “Real”dan ketishi kutilmagan holat boʻlgandi. Chunki, hech qaysi klub ketma-ket uch marta Chempionlar Ligasini yutgan murabbiyni isteʼfoga chiqarmaydi. Zidan nega ketganini shunday izohlagandi: “Jamoaga yangi gʻalabalar uchun yangi motivatsiya kerak”.

U “Real”dagi uchinchi mavsumi muvaffaqiyatsiz chiqqanini sezgandi. Zidan boʻlgan vaqtda “Real” Chempionlar Ligasini uzluksiz yutganini inobatga olsak, murabbiyning natijalarini La Ligaga qarab qiyoslash oʻrinli. Dastlabki ikki mavsumda Zidan La Ligada mos ravishda ikkinchi va birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Ikkinchi boʻlgan mavsumida ham jamoa “Barselona”dan atigi 1 ochko ortda qolgandi. Uchinchi mavsumda esa Zidan bor eʼtiborni Chempionlar Ligasiga qaratgani sezilib qoldi. Jamoa Ispaniya chempionatida “Barselona”dan 17 ochko ortda qolib ketdi va uchinchi oʻrinni egalladi.

Jamoadagi kichik muammolarni sezgan Zidan “Real”ni yaxshi koʻrgani uchun undan ketishga qaror qildi. Fransuz oʻz gʻoyalari futbolchilarni oldinga boshlash uchun eskirayotganini payqagandir, balki. U bilan hamma narsani yutgan superjamoa yana gʻalaba qozonishi uchun yangi shaxs kerakligini his qilgan Zidan jamoadan ketadi.

Unga nimanidir isbotlashni istayotgan jamoa kerak edi. Hozir “Real” xuddi shunday holatda. “Blankos” shunchalik koʻp oʻyinlarni boy berdiki, jamoa va muxlislarda alamzadalik kayfiyati maksimal darajaga chiqdi (“Real”ning magʻlubiyatlari hayot tarziga salbiy taʼsir qilgan kishilarni shaxsan taniyman). Shu sababli, jamoani ruhlantirish uchun sabablar yetarli. Dangalini aytganda, Zidan oʻzi yoqtiradigan, chinakamiga gʻalabalarga tashna jamoaga keldi. Murabbiy 2016 yil yanvarida “Real”ga kelganida vaziyat boshqacharoq edi. U vaqtda Madridda holat tushunarsiz edi, allaqanday parokandalik hukm surardi. Shu bilan birga, muxlislar ham jamoani hozirgi kabi tanqidlarga koʻmib tashlashmagandi. Shu jihatdan, bugungi “Real” Zidanning oldingi jamoasidan ham qoʻrqinchliroq boʻlishi mumkin.

Zidan nega qaytdi?
Zidan nega qaytdi degan savol bugun koʻpchilik tomonidan muhokama qilinmoqda. Axir u “Real”ga boshqa inson kerak» deb ketgandi-ku? Zinedinning qaytishini bir soʻz bilan ifodalash mumkin: Zizu “Real”ning xoʻrlanishiga chiday olmadi. Sevimli jamoasi barchaning koʻz oʻngida orqaga ketishi, Chempionlar Ligasini 1/8 finaldayoq tark etishi va eng yomoni “Real”ning “Barselona”dan 3 marta yengilishi Zidanga ogʻir botdi. U har qancha professional murabbiy, Yevropa grandlari “ogʻziga siqqanini beradigan” supermurabbiy boʻlsa ham, doim madridist boʻlib qoladi. Har qanday klub afsonasi oʻz navbatida oʻsha jamoaning oddiy muxlisi ham hisoblanadi. Zidan “Real”ning muxlisi sifatida barchasini yaxshi tomonga oʻzgartira olishini his qilib qaytdi. Buning nomini esa sodiqlik deyishadi.

Endi nima boʻladi?
Zidan birinchi navbatda “Real”ning kiyim almashtirish xonasiga tartib olib kiradi. Eng asosiysi, u barchaga imkon beradi. Mariano Diasga ham, Vinisius Juniorga ham, kerak boʻlsa “Siti”dan sotib olingan Braim Diasga ham. Isko katta ehtimol bilan yana oʻynashni boshlaydi, Marselo hech qayerga ketmaydi. Ispan nashrlarida Zidan Peresga qoʻygan oltita shart haqida xabarlar tarqaldi. Unda aytilishicha, Zidan Peresdan keraksiz futbolchilarni sotishni soʻraydi (katta ehtimol bilan gap Beyl haqida ketmoqda), Xames Rodriges esa ijaradan qaytarilmaydi (Esingizda boʻlsa, YECHL doirasidagi “Volfsburg”ga qarshi oʻyinda “Real” 0:2 hisobida ortda borayotganida Xames sheriklariga latifa aytib berib, ularni kuldirgan. Shu sababli Zizu kolumbiyalik futbolchini yomon koʻrib qolgandi), Marselo sotilmaydi, Neymar olib kelinmaydi (ichki muhitni buzishi mumkinligi sabab) va “Real” Mbappeni sotib olishga urinib koʻradi.

Isko porlashi mumkin
“Real”ning yetakchisi Ramos boʻlib qolaverishi aniq, lekin Zidan maydondagi oʻyin uchun yetakchini aniqlab olishi kerak. Chunki, endi jamoada Ronaldu yoʻq. Katta ehtimol bilan Zidanning yangi yetakchisi Isko boʻladi. Zidan ketgach Lopetegi ham, Solari ham Iskoga yetarlicha imkon bermadi. Solari vaqtida muxlislar Iskoning jamoada borligini bir muddat yodlaridan ham chiqarishdi. Hozir “Real”dagi eng kuchli futbolchi shubhasiz, Isko. Zidan Ronaldusiz “Real”ni boshqarib koʻrmagan. U transferlarni yoqtiradigan murabbiylar sirasiga kirmasligini inobatga olsak, bunday holatda unga Isko, Asensio kabi mavjud futbolchilar asqatadi.

Peresning “tulkiligi”...

Foto: Reuters
“Real” bosh murabbiyligiga Zidandan tashqari yana koʻplab nomzodlar bor edi. Antonio Konte, Maurisio Pochettino, Klarens Zeyedorf, Joze Mourino kabi murabbiylar “Real” taklifiga labbay deyishga tayyor edilar, biroq Peres bejizga Zidanni olib kelmadi. “Ayaks”dan uchralgan magʻlubiyat, “Barselona”ga qarshi oʻyinlardagi muvaffaqiyatsizliklar Peresning ham kursisini qimirlatib qoʻygandi. Bunday vaziyatda Peres klub taqdiri bilan birga oʻzining taqdiri haqida ham bosh qotirishi kerak edi. Shu sababli u muxlislar yoqimtoyi boʻlgan Zidanni jamoaga qaytardi. Bu madridistlar uchun shunchalik yaxshi yangilikki, ular joriy mavsumdagi har qanday omadsizlikni unutishga tayyorlar. Muxlislar bir soʻz bilan oʻzlarini ovutishlari ham mumkin: Zidan keldi, kelasi mavsumdan hammasi yaxshi boʻladi.

9 oyda tugʻilgan muammo
Zidan “Real”dan qachon ketgani yodingizdami? Oʻtgan yilning 31 may kuni murabbiy Madriddan ketganini eʼlon qilgandi. Buni qarangki, Zizu 9 oydan keyin jamoaga qaytdi. Bir inson paydo boʻlishi uchun yetarli boʻlgan bu vaqtda “Real”da ham tugʻilish boʻldi. Jamoada olam-olam muammolar tugʻildi. Zidan Benitesdan qolgan talatoʻpni jamoaga aylantirib, “Real”ni oʻz darajasiga qaytara olgandi. Endi bu ishni yana bir marta takrorlashga harakat qilib koʻradi. Eplarmikin?..
Oʻtkir Jalolxonov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Zidan “Real”ni oʻzgartirishni uddalay oladimi?