Jasur Hasanov: 3-tur uchrashuvida bo‘lgan xunuk holat uchun uzr so‘rayman

  • 10 aprel 2019, 07:20
  • 900
  • Sport
  • Jasur Hasanov: 3-tur uchrashuvida bo‘lgan xunuk holat uchun uzr so‘rayman
    2019 yilgi O‘zbekiston chempionati Superligasi 3-turi doirasidagi AGMK – “Qo‘qon-1912” uchrashuvining 84-daqiqasida futbolchi Jasur Hasanov bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda yuz bergan holat yuzasidan jamoa qarorgohida yig‘ilish o‘tkazildi.

    Yig‘ilishni AGMK futbol klubi bosh direktori Muhtor Qurbonov kirish so‘zi bilan ochib berdi va navbatdan tashqari yig‘ilish chaqirilishiga turtki bo‘lgan voqelik yuzasidan avvalo o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Unga ko‘ra, futbol klubida faoliyat yuritayotgan har bir shaxs har qanday holatda ham sport etikasiga doimo amal qilishi zarur ekanini alohida ta’kidlab o‘tildi.

    Shundan so‘ng, Superliga 3-turi doirasidagi AGMK – “Qo‘qon-1912” uchrashuvining 84-daqiqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir paytida Jasur Hasanov bilan bog‘liq yuz bergan xunuk manzarani izohlab berishi uchun futbolchiga so‘z berildi. – O‘zbekiston chempionatidagi 18 yildan oshiqroq faoliyatim mobaynida futbol jamoatchiligi, ayniqsa, muxlislarga bo‘lgan hurmatim doimo yuqori bo‘lib kelgan. Turli yoshdagi terma jamoalar, to‘p tepgan har bir klubimdagi faoliyatlarim mobaynida o‘z hatti-harakatlarim bilan muxlislarga xursandchilik ulashishni o‘zimning ustivor vazifam qilib kelganman va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi. 3-tur uchrashuvimiz doirasida murabbiylar tomonidan zaxiraga olinganimdan so‘ng bo‘lgan xunuk voqelikda o‘zimni oqlamoqchi emasman.

    Aksincha, futbol jamoatchiligidan, O‘FA va PFL rahbariyati, raqib jamoa vakillari, muxlislardan uzr so‘ramoqchiman. Bunday holatni nafaqat o‘zimda, balki faoliyat olib borayotgan jamoada ham boshqa takrorlanmasligiga nafaqat so‘z beraman, balki bunga amaliy ko‘makchi bo‘lib ham xizmat qilishga tayyorman. Fursatdan foydalanib, futbolchilikdagi hozirgi faxriy yoshimda yosh avlod vakillariga namuna bo‘luvchi, ularni tajribalarini oshishiga xizmat qiluvchi, ham xulqiy, ham sportchi sifatida to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish va kelajakda ulardan yaxshi futbolchilar yetishib chiqishida qo‘limdan kelganicha yaxshi amallarni qilishga tayyor ekanligimni bildirmoqchiman, - deb qattiq pushaymon bo‘lgan Jasur Hasanov o‘z so‘zini yakunladi.

    Bosh murabbiy Mirjalol Qosimov ham ushbu holat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirar ekan, quyidagilarni gapirib o‘tdi: - Sizlar el og‘zidagi, xalq ko‘z o‘ngidagi yigitlarsizlar. Nafaqat maydonda yoki uning atrofida, balki shaxsiy hayotda ham boshqalarga namuna bo‘luvchi, jamiyatdagi har bir inson kayfiyatiga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan sohada mehnat qilyapsizlar. Futbol orqali oilalarga xursandchilik ulashib, boshqa sohalarning ish unumini keskin oshishiga xizmat qilishingiz ham mumkin. Shunday ekan, chiroyli o‘yin, namunaviy xulq va sportchilarga xos bo‘lgan kun tartibi bilan boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan amallar qilishni ko‘paytiring.

    Yig‘ilish yakunida AGMK PFK futbolchisi Jasur Hasanov oylik ish haqining 50 foizi miqdorida moddiy jarimaga tortilishi hamda uning oylik maoshidan ushlab qolingan pul miqdoriga sport anjomlari, futbol to‘plari va shu kabilar xarid qilinib, aholi orasida sportning, xususan futbolning ommaviyligini oshirish maqsadida Olmaliq shahridagi mahallalar bolalariga tarqatilishiga qaror qabul qilindi.

    Shu bilan birga, bu kabi holatlar yana takrorlanadigan bo‘lsa, har qanday futbolchi bundanda og‘irroq jazoga tortilishi aytildi.

    » » Jasur Hasanov: 3-tur uchrashuvida bo‘lgan xunuk holat uchun uzr so‘rayman