00:52 / 09.05.2024
126

Prezident Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi organlari bilan qator yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish zarurligini aytdi

Prezident Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi organlari bilan qator yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish zarurligini aytdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev 8 may kuni Moskva shahrida kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining yubiley majlisida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan raisligida o‘tgan uchrashuvda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel, Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Bakitjan Sagintayev hamda mehmon sifatida MDH bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston yetakchisi so‘zining avvalida Vladimir Putinni Rossiya Federatsiyasi prezidenti lavozimiga kirishgani bilan tabrikladi. Yig‘ilishning barcha ishtirokchilarini Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 79 yilligi va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi ta’sis etilganining o‘n yilligi bilan qutladi.

O‘zbekiston yetakchisi bugungi sharoitda mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy aloqalarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ilgari surish va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar o‘sishi uchun sharoit yaratish birinchi darajali ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘tgan oyda Toshkentda muvaffaqiyatli o‘tgan “Innoprom” an’anaviy xalqaro ko‘rgazmasi shunday hamkorlikka ijobiy misol sifatida qayd etildi.

Bugun ushbu forum O‘zbekistonning Rossiya va Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidagi boshqa davlatlar bilan biznes muloqotini rivojlantirish uchun samarali platformaga aylandi”, — dedi prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Ushbu maydonni kengaytirish, boshqa hamkor mamlakatlar, shu jumladan Kuba, Eron, Misr, Birlashgan Arab Amirliklari, Mo‘g‘uliston, Vetnam va Indoneziya kabi davlatlardan ham kompaniyalarni jalb qilish niyati bildirildi.

O‘zbekistonning kuzatuvchi sifatida YEII bilan hamkorligi haqida so‘z yuritar ekan, davlatimiz rahbari o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi, eng avvalo, sanoat mahsulotlarini yetkazib berishni ko‘paytirish hisobidan oshganini ta’kidladi. Shu bilan birga, o‘zaro hisob-kitoblarni milliy valyutalarda amalga oshirish ulushi ortmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Mingdan ziyod qo‘shma korxona va loyihalar ishga tushirildi. Yuk tashish hajmi o‘smoqda, muntazam aviaqatnovlar soni ikki barobarga ko‘paydi.

Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan birgalikda Yuqori darajadagi ishchi guruhning uchta yig‘ilishi o‘tkazildi, Qo‘shma rejadagi barcha tadbirlar to‘liq hajmda amalga oshirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijorat, iqlim kun tartibiga oid loyiha va dasturlarga qo‘shildi.

Davlat rahbari Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtaldi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Mamlakat amaliy hamkorlikni kengaytirib, YEIIni rivojlantirish bo‘yicha strategik yo‘nalishlar doirasidagi sohaviy sheriklikning ko‘p tomonlama loyihalarini amalga oshirishda yanada faol ishtirok etishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Bu borada O‘zbekiston hukumati va Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlarning yangi kompleks rejasini tayyorlash taklif qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Ishonamizki, kuzatuvchi davlatlarning loyihalarda to‘laqonli ishtirok etishi masalalarini tartibga soladigan mexanizmning tez fursatda qabul qilinishi ushbu hujjatning samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi”, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.

YEII mamlakatlari bilan savdodagi to‘siq va cheklovlarni o‘zaro bartaraf etishga tayyorlik bildirildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston 2009 yildagi Tovarlarning kelib chiqish mamlakatini aniqlash qoidalariga qo‘shilish jarayonini boshladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident ta’kidlaganidek, bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan tovarlar va transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron almashish, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya nazorati axborot tizimlarini integratsiya qilish, texnik tartibga solish choralarini birxillashtirish rejasini qabul qilish va elektron sertifikatlashtirish bu borada aniq amaliy qadamlar bo‘ladi.

“Shimol-Janub” transport yo‘lagini Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlariga chiqadigan qilib rivojlantirish bo‘yicha yaqin muloqotni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Shu ma’noda, aprel oyi oxirida Termiz shahrida o‘tgan Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston multimodal yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha transport idoralari rahbarlarining birinchi uchrashuvi samarali yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tranzit tartibotlarini soddalashtirish maqsadida bugungi kunda joriy qilinayotgan YEII bojxona tranziti yagona tizimi bilan raqamli hamkorlik bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish taklif etildi.

Davlat rahbari sanoat kooperatsiyasi loyihalarini va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratdi.

Bu borada alohida “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, unda mamlakatlarimiz hududlarida hamkorlikda tashkil etilayotgan sanoat zonalari va texnoparklarda yangi quvvatlarni joylashtirishni nazarda tutish taklif qilindi.

Bunday loyihalarga tadbirkorlarni keng jalb qilish masalalari shu yili Samarqandda o‘tadigan O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va YEII Ishbilarmonlar kengashining birinchi uchrashuvida ko‘rib chiqilishi mumkin”, – dedi prezident.

Shuningdek, birlashma doirasidagi sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus mexanizm imkoniyatlaridan foydalanish niyati bildirildi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi organlari bilan quyidagi muhim yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi:
  • Yevrosiyo Agroekspressini rivojlantirish, “yashil” va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, qo‘shma agrosanoat klasterlari va logistika markazlarini tashkil etish;
  • iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yengib o‘tishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va yaqindan hamkorlik qilish. Tegishli ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi;
  • mamlakatlarimizda mehnat migrantlari faoliyati uchun qulay sharoitlarni shakllantirish va ijtimoiy kafolatlar yaratish, shu jumladan raqamli platformalardan foydalanish orqali;
  • turizm almashinuvini tubdan oshirishga qaratilgan birgalikdagi turizm dasturlari va mahsulotlarini ishlab chiqish.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi organlari bilan qator yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish zarurligini aytdi