Ravshan Ermatov OFK Bosh kotibi Dato Vindsor Jon bilan uchrashdi

  • 17 iyul 2019, 16:54
  • 572
  • Sport
  • Ravshan Ermatov OFK Bosh kotibi Dato Vindsor Jon bilan uchrashdi
    Bugun Malayziya poytaxti Kuala Lumpurda joylashgan Osiyo futbol konfederatsiyasi bosh qarorgohida Jahon chempionati-2022 hamda Osiyo kubogi-2023 musobaqalari saralash bahslariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
    Mazkur marosimda ishtirok etish uchun taklif etilgan O‘FA Birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ayni paytda OFK bosh qarorgohida bo‘lib turibdi.

    OFK va O‘FA o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, o‘rtadagi o‘zaro ishonchning yangi bosqichga olib chiqilishini ta’minlash maqsadida Ravshan Ermatov qit’a futbol konfederatsiyasi Bosh kotibi Dato Vindsor Jon bilan uchrashdi va o‘zaro aloqalar istiqboli xususida suhbatlashdi.

    Uchrashuv davomida Ravshan Ermatov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi qit’amiz futbol konfederatsiyasi tomonidan muntazam ravishda milliy assotsiatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularni har jihatdan rivojlanishini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladigan barcha loyiha va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini va endilikda O‘FA vakillari OFKning barcha loyihalarida faol ishtirok etishini bildirdi. Shuningdek, uchrashuvda ikki tashkilot o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradigan dasturlar, O‘zbekistonda xalqaro musobaqalarning saralash va final bosqichlarini o‘tkazish kabi masalalar ham muhokama etildi.

    Osiyo futbol konfederatsiyasi Bosh kotibi Dato Vindsor Jon O‘FA rahbariyatining ushbu tashrifidan mamnun ekanini bildirib, O‘zbekistonning qit’ada o‘z o‘rniga ega ekanini qayd etdi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyatining yangi tarkibiga ish faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

    Manba: ufa.uz

    » » Ravshan Ermatov OFK Bosh kotibi Dato Vindsor Jon bilan uchrashdi