«Qafas»dagi Valverde. «Barselona» o‘yini haqida

  • 03 oktyabr 2019, 17:15
  • 565
  • Sport
  • «Qafas»dagi Valverde. «Barselona» o‘yini haqida
    Kecha «Inter» ayniqsa, birinchi bo‘limda ideal o‘yin ko‘rsatdi. Italiyaliklar bemalol uch ochko olib ketishlari ham mumkin edi, agar Suaresning ajoyib zarbasi birinchi golga, Messining reydi ikkinchi golga aylanmaganda. Bundan «Barselona» o‘yini haqida umumiy xulosa paydo bo‘ladi – alohida futbolchilarning individual mahorati jamoaga g‘alaba olib kelmoqda. «Barselona» o‘yinida Valverdening chizgilari yo‘q, buni masalan, Ispaniya chempionatida, yetakchilar jarohat olib, yordam bera olmaganda ham ko‘rdik. Bu juda oddiy mulohaza.

    Valverdeni shunday oqlash mumkinki, nafaqat «Barselona», balki istalgan top-klubda ham, agar hujum chizig‘idagi asosiy uch futbolchini olib qo‘ysa, o‘yin sifatiga putur yetadi, natijalar yomonlashadi. Agar Messining dunyoning eng yaxshi o‘yinchisi, Suares eng yaxshi hujumchilardan biri ekanini e’tiborga olsak, zarar nisbatan kattaroq bo‘lishini qabul qilish mantiqan osonroq. Valverdeda ayb yo‘qdek, axir unga Messi va Suaresni berib, birato‘la, Messisiz va Suaressiz ham o‘ynay olishni o‘rgan, deyilsa, nafaqat u, balki har qanday top murabbiy uchun ham o‘ta mushkul vazifa, to‘g‘rimi?

    Ikkinchidan. «Barselona»ning «Betis» bilan o‘yini yodingizda bo‘lsa kerak. 5:2 hisobidagi g‘alaba bilan yakunlangan o‘yinda «Barselona» futbolchilari 65 marta to‘pni olib qo‘yish, egallash, blok qo‘yish kabi harakatlarni amalga oshirishgan va bundan 50tasi raqib maydonida ro‘y bergan. Birtepar usulidan tashqari, aynan o‘sha o‘yinda «Barselona» Valverdening «Atletik»dagi faoliyatini esga solib yuborgandi – yo‘qotilgan to‘pga tezlik bilan reaksiya qilish. Oldingi chiziqda harakat qilgan uchlik – Grizmann, Peres va Rafinya birgalikda 10 marta raqibdan to‘pni olib qo‘yishgan.

    Bunday ko‘rsatkichlarning asosiy sababi esa, maydonda jamoaning asosiy hujumchilari Messi va Suares yo‘qligida edi. Shubhasiz, Messi va Suares bilan bunday faollikka erishish ilojsiz. Xo‘sh, mana shu sabab bilan Suaresni zaxiraga o‘tkazish mumkinmi? Yo‘q, Suares doim Messi bilan tandem bo‘ladi, Grizmann esa, endi uch kishi uchun harakat qilishga majbur. «Betis»ga qarshi o‘yin esa, shunchaki, vaziyat taqozosi edi – aynan mana shunday vaziyat taqozosi bilan biz haqiqiy murabbiy Valverdeni ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi xolos.

    Misol uchun, Pol Pogbaning «Manchester Yunayted»dagi o‘rni hali ham bahsli – u jamoaga foyda keltiradimi yoki zarar, aniq aytish qiyin. Shunisi shubhasizki, Pogba qaysidir ma’noda «Manchester»ning rivojlanishini sekinlatmoqda. U jamoa tarkibidagi yagona jahon saviyasidagi futbolchi, faqat u yo‘q joydan vaziyat yarata oladi, u maydonda bo‘lmasa, «MYu»ning hujumdagi darajasi bir necha barobar tushib ketadi, raqib ishini osonlashtiradi. Shu bilan birga, uning himoyalanishdagi dangasaligi, ko‘pincha o‘z pozitsiyasini yoki o‘yinchisini yo‘qotib qo‘yishi sheriklarini qiynab yuboradi, ko‘p holatda, o‘tkazib yuborilgan gollarga ham sabab bo‘ladi.

    Xo‘sh, murabbiy Pogbaning soniyalarda yaratishi mumkin bo‘lgan vaziyatlaridan umid qilib, kamchiliklarga ko‘z yumishi kerakmi yoki Pogbasiz variant ustida ishlashi lozimmi? Qizig‘i, qaysi «Manchester Yunayted» kuchliroq bo‘lishini aytish ham qiyin – ba’zida jamoa Pogba bilan maydonda juda yomon o‘yin ko‘rsatsa, ba’zida Pogbasiz ham top-o‘yinlarda g‘alaba qozonishi mumkin. Aniq o‘yinda qaysi biri sodir bo‘lishini ham aytib bo‘lmaydi. Tarkibda Pogba mavjud bo‘lgan holatda esa, Pogbasiz jamoa qurishga urinish qanday oqibatlarga olib kelishini Mourino misolida ko‘rdik, masalan.

    Gvardiola «Barselona»ni shakllantirganda, Messi hali yosh futbolchi edi, undan o‘z sistemasida istalgancha foydalana olar, eslasangiz, Messi avval o‘ng qanotda, keyin markazga o‘tkazilgandi. Pep Messidan o‘sha o‘z sistemasi ichida har qanday ravishda foydalana olardi. Messining buyukligi aynan mana shu sistemaga qay darajada foydali ekani bilan o‘lchanardi.

    Bugungi Messi boshqa. «Barselona» ham boshqacha. Birin-ketin Gvardiola sistemasini tashkil qilgan asosiy futbolchilar jamoani tark etishdi. Endi Messini hech qaysi murabbiy o‘z sistemasiga kirita olmaydi, aksincha, unga mos bo‘lgan, undan ko‘proq naf kelishi mumkin bo‘lgan sistema yaratilishi va shu asosda jamoa shakllantirilishi lozim. Messi, Suares yoki Pogba kabi futbolchilarning o‘yinlarni qutqarib qoladigan individual gollari aslida murabbiyning uquvsizligidan darak emas, shunchaki, kompensatsiya. Ularning aynan mana shu individual mahorati evaziga ba’zi taktik maqsadlardan voz kechilgani uchun.

    Pogba-ku, mayli, uning yutuqlari kam, xatolari ko‘proq – Sulsher istasa, qishda uni sotib yuborib, u qadar daho bo‘lmasa-da, mehnatkashroq yarim himoyachini olib kelishi mumkin, hech kim uni ayblamaydi.

    Lekin xuddi shu mulohazani Messiga nisbatan qilsakchi, Valverde Messini qurbon qilib o‘z murabbiylik salohiyatini yuzaga chiqarish variantini amalga oshira oladimi? Yo‘q, albatta. Bu yerda Valverde, mana shu vaziyatning asiriga aylangan, xolos. Xuddi Argentina terma jamoasining barcha murabbiylari singari...
    Qahramon Aslanov

    Manba: Kun.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » «Qafas»dagi Valverde. «Barselona» o‘yini haqida