00:23 / 20.12.2019
2 179

Dragan Cheran: Superligada muvaffaqiyat qozonganimiz eng asosiysi bo‘ldi

Dragan Cheran: Superligada muvaffaqiyat qozonganimiz eng asosiysi bo‘ldi
Joriy mavsum serbiyalik hujumchi Dragan Cheran uchun ataldi desak ham bo‘laveradi. U «Paxtakor» safida barqarorlikning yuqori darajasini namoyish eta oldi. 23 ta gol urib chempionatimizning yaqqol to‘purariga aylandi. Shuningdek, Cheranning O‘zbekiston Kubogi finalida AGMK darvozasiga kiritgan uchta goli «Paxtakor»ning g‘alabasini ta’minladi. Shuningdek, ilk bor o‘tkazilgan Liga Kubogi finalida ham o‘sha AGMKni 6:2 hisobida yenggan bahsda ham Dragan o‘zini ko‘rsatgandi. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu futbolchi barcha maqtovlarga munosib ekanligini o‘z o‘yinlari va gollari bilan isbotlay oldi.

- Dragan, yakuniga yetayotgan 2019 yilni sizning faoliyatingizdagi eng yaxshisi bo‘ldi deb hisoblasak bo‘ladimi?
- Ha, albatta, men ham bu fikrga qo‘shilaman. Rostdan ham bu men uchun eng yaxshisi bo‘ldi.

- «Paxtakor»ning ushbu mavsumda hammadan ko‘ra kuchli o‘yin ko‘rsatganini barcha tan oldi. Shuning uchun chempionlikni ham ancha oldin rasmiylashtirib qo‘ydi. Lekin buning natijasida intriga ham shunga yarasha erta tugadi. Ko‘pchilik esa mavsumni u qadar qizg‘in kechmagani haqida gapirishyapti…
- Yo‘q, men bunday deb o‘ylamayman. Aksincha, mavsum qiziqarliroq kechdi. Ha, biz chempionat tugashiga oltita tur qolganida chempion bo‘ldik. Keyin esa tarkibimizdagi yoshlarga ham ko‘proq imkoniyat berildi. Bunisini esa yaxshi holat deb hisoblayman.

- «Paxtakor» o‘zi qatnashgan deyarli barcha «frontlar»da zafar quchdi. O‘zbekiston chempionligi, O‘zbekiston Kubogi sohibi va Liga Kubogining ham g‘olibiga aylandi. Sizningcha, bulardan qaysi biri siz uchun ko‘proq qadrliroq?
- Bilasizmi, men uchun har bir sovrin muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun men qaysi biri muhimroq deya alohida ayta olmayman. Lekin, o‘ylashimcha, Superligani yutganimiz eng asosiysi bo‘ldi. Chunki bu bizga Osiyo Chempionlar ligasining guruh eshiklarini ochdi. Qolaversa, oxirgi paytlarda «Paxtakor» O‘zbekiston chempioni bo‘la olmayotgandi. Oradan to‘rt yil o‘tib chempionlikni qo‘lga kiritdik.

- Siz chempionat doirasida 23 ta gol urib eng yaxshi to‘purarga aylana oldingiz. Umumiy hisobda esa joriy yilda «Paxtakor» tarkibida barcha musobaqalarda hammasi bo‘lib 33 ta gol urishga erishdingiz. Bu ko‘rsatkich sizni qoniqtirgan bo‘lsa kerak-a? Yoki «Paxtakor»ga o‘tgach gollar urishim osonlashdi deb o‘ylaysizmi?
- Avvalambor, ushbu mavsumda raqiblar darvozasiga ko‘plab gollar ura olganimdan xursand bo‘lganimni aytishim kerak. Lekin buning uchun avvalo jamoadoshlarimga rahmat aytishim lozim. Axir bir o‘zim hech nima qila olmasdim. Shunday ekan, sheriklarim menga yordam berishmaganida bunday gollar ham bo‘lmagan bo‘lardi. Shu bois aytishim joizki, bu o‘rinda jamoa bo‘lib harakat qilganimiz muvaffaqiyatimizning kaliti bo‘ldi.

- Dragan, urgan gollaringiz orasida o‘zingiz uchun eng chiroylisi deya qaysi golingizni aytgan bo‘lardiniz?
- Bilasizmi, aslida kiritgan barcha gollarim o‘zim uchun xuddi bolalarim kabi. Balki eng chiroyli golimni mavsumning birinchi turida «Lokomotiv» darvozasiga kiritgandirman. O‘shanda parashyut uslubida kiritgan golim chindan ham juda chiroyli chiqqandi.

- Chempionat tugab, hamma ta’tilga chiqib ketdi. Endi qayerda hordiq chiqaryapsiz?
- Hozirgi paytda oilam bilan birga uydaman. Ayni chog‘da esa futbol haqida umuman o‘ylayotganim yo‘q. Shunchaki, qishki ta’tildan foydalanib maza qilib dam olyapman.

- «Paxtakor» kelasi yili ham Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etadi va ko‘pchilik klubning mavqei OCHL darajasida ekanligini aytishmoqda. Umuman olganda, yangi mavsumda jamoangizning Osiyo Chempionlar ligasidagi imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Hammasi qadamba-qadam bo‘ladi. Eng asosiysi, biz mavsumga kuchli tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Qolgani keyin bo‘laveradi.

- Umuman olganda, «Paxtakor»ning bo‘lajak raqiblari haqida qanday fikr bildira olasiz? Ko‘pchilik esa klubni qiyin guruhdan joy olganligini aytishyapti.
- Albatta, o‘ziga yarasha kuchli guruh. Lekin o‘tgan yili biz bundan-da, kuchli guruhga tushgandik.

- Dragan, ko‘pchilik sizni O‘zbekiston milliy terma jamoamiz uchun o‘ynashingiz borasidagi masalani hamon muhokama qilishmoqda. Bu borada sizga chindan ham taklif bildirishganmi?
- Menimcha, hozir buning iloji yo‘q. O‘zbekistonda besh yil o‘ynashim, shundan keyin FIFAdan ruxsat olishim kerak.

- Umuman olganda, 2019 yil yakunlariga ko‘ra sizni hamma O‘zbekiston chempionatidagi eng yaxshi legioner deb hisoblashyapti. Bu borada yaqin orada mukofot olsangiz ham ajab emas. Bunga munosabatingiz qanday?
- Buning uchun xursandman va barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

- O‘zingiz O‘zbekiston chempionatida kimni eng yaxshi futbolchi deb aytgan bo‘lardingiz?
- Jaloliddin Masharipovni.

- Ayting-chi, chempionatimizdagi qaysi himoyachiga qarshi o‘ynash siz uchun qiyin bo‘ldi?
- Bilasizmi, qachondir men haqimda shubhaga borishsa, bu men uchun og‘ir bo‘ladi.

- Qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan yana qanday maqsadlaringiz qoldi?
- Bu yil endi yo‘q. Kelasi yili yanada kuchliroq o‘yin namoyish etishga va Osiyo Chempionlar ligasida ham o‘zimni ko‘rsatishga harakat qilaman.

- Futboldagi faoliyatingizda siz uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan uch nafar murabbiyni ayta olasizmi?
- Isroildan Tan Banin. O‘zbekistondan esa Ro‘ziqul Berdiyev bilan Shota Arveladze.

Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Dragan Cheran: Superligada muvaffaqiyat qozonganimiz eng asosiysi bo‘ldi