21:55 / 27.02.2020
2 431

Ikki bo‘limda ikki xil "Siti" yoxud "Real Madrid" - "Man Siti" o‘yini haqida

Ikki bo‘limda ikki xil "Siti" yoxud "Real Madrid" - "Man Siti" o‘yini haqida
Chempionlar Ligasi 1/8 bosqichida "Manchester Siti" "Santyago Bernabeu"da mehmon bo‘ldi.
78. "Atletiko" - "Liverpul" uchrashuvi dastlabki 10 daqiqasida jamoalar umumiy hisobda aynan shuncha aniq to‘p oshirishini bajardilar. Buni qarangki, xuddi shuncha aniq "pas" "Tottenxem" - "Leypsig" uchrashuvi 10 daqiqasida ham qayd etilgandi. Kecha bo‘lib o‘tgan yana bir o‘yinda "Lion" va "Yuventus" shu vaqt oralig‘ida 86ta aniq to‘p oshirishini amalga oshirdi. "Real" va "Man Siti" esa - 150 ta.

10 daqiqada 150ta aniq "pas" – bu shunchaki daxshat degani, aqlbovarqilmas fakt. Shu faktning o‘zi futbolchilar to‘p bilan qanday muomalada bo‘lganini, o‘yin kartinasini ochib beradi. Muhim jihati, bu raqamlarni ko‘rgan muxlis, "Ha, endi "Siti" tiki-taka qilib tashlagandir-da" degan noto‘g‘ri hayolga borishi mumkin. O‘sha 150 ta to‘p oshirishning 113tasi "Real Madrid" futbolchilariga tegishli va bor yo‘g‘i 37tasi mehmonlarga.

O‘yin avvalida butun boshli "Manchester Siti" Ramos - Varan juftligidan kamroq "pas" berdi. O‘yin esa juda yopiq tarzda davom etardi. Har ikki jamoa bir marta ham raqib jarima maydoni ichida turib, to‘p oshirishini bajarmadi. Bernarduning birinchi daqiqadagi imkoniyati, o‘shanda himoyachi zarba yo‘liga to‘siq bo‘lib ulgurgandi, yagona nisbatan xavfli vaziyat bo‘ldi.

Umuman olganda, "Real"ni bunday yopiq o‘yin qanoatlantirardi, lekin bir vaqtning o‘zida bu ko‘proq "Siti"ning tashabbusi edi. Nafaqat taktik joylashuv, balki futbolchilarning vazifalari ham, jamoa ilk daqiqalarda ko‘rsatgan o‘yini ham ispanlar uchun syurpriz bo‘lishi kerak edi. O‘yin borishini birgina gap bilan ifodalash mumkin, agar siz o‘yinni ko‘rmagan bo‘lsangiz quyidagi savollarga to‘g‘ri javob bera olmaysiz.

"Siti" uch nafar forvard bilan o‘ynadimi? Jezus markaziy hujumchi rolida harakat qildimi? De Bryoyne - yarim himoyada? Barcha savollarga javob – yo‘q.

"Siti" uchun eksperimentlar taymi
Gvardiola 4-4-2 taktik sxemasini shunchalik kam ishlatadiki, uning futbolchilari shunday joylashgan tarkib skrinshotini auksionda sotish mumkin. Lekin kutilmagan taktik sxema hali hammasi emasdi. De Bryoyne orqaroqqa yaqinroq o‘ynadi va shu sababli taktikani 4-4-1-1 deb atasa, yanada to‘g‘riroq bo‘ladi. Markaziy hujumchi esa Bernardu edi, lekin u ham "Benzema rejimini" yoqib, jamoasi to‘pga egalik qilayotganda, pastroq tushib harakat qildi. Soddaroq qilib aytsak, u "aldamchi to‘qqizlik"dek harakat qildi.

Birinchi bo‘limda Jezus Karvaxalni hujumda emas, ko‘proq o‘z maydoni yarmida qarshi oldi. Qarama-qarshi qanotda Maxrezga unchalik qiyin bo‘lmadi, sababi Ferlan Mendi jamoadoshi Karvaxal singari ko‘p ham hujumga o‘tib ketavermadi, Jezus esa katta hajmdagi ishni bajarishiga to‘g‘ri keldi. Dastlabki bo‘limda u to‘rt bor muvaffaqiyatli himoyaviy harakat amalga oshirdi.

Himoyalanishdagi rollardan tashqari, o‘sha himoyalanishdagi harakatlar borasida ham aniq vazifalar, yuklamalar belgilab berilgan chog‘i. Yorqin misol, o‘yinning 35-daqiqasida Ederson juego de posición barcha qonunlariga zid ravishda to‘pni qayerga bo‘lsa ham, darvozadan uzoqlashtirsam bo‘ldi deb tepib yubordi. Va bilasizmi, hech nima bo‘lmadi, uni almatirib yuborishmadi va u bu ishini davom ettirdi. Hujumning oldingi qismiga faqat qanot futbolchilari to‘p oshirishini amalga oshirdi (Marez, Mendi) va De Bryoyne.

Overthinking – Angliyada Gvardiolaning Chempionlar Ligasi pley-offidagi ishini shunday nomlashadi. Bu tahminan shunday tarjima qilinadi: keragidan ko‘p o‘ylaydi. Tunda biz shunday overthinking ko‘rdikki, endi uni Pep ham yangilashi qiyin bo‘ladi. Himoyaga katta e’tibor beruvchi "Siti" o‘zini-o‘zi hayron qoldirdi va to‘p bilan kam muomalada bo‘ldi, lekin asosiysi: "Real"ni ham hayron qoldirdi. To‘pga egalik qilish mezbonlarga umuman hech nima bermadi. Yagona xavfli vaziyatda Vinisius kiper qaytargan to‘pni deyarli bo‘sh qolgan darvozaga yo‘llash kerakligini unutib qo‘ydi. Mehmonlarda xavfli vaziyatlar ko‘proq bo‘ldi. Ularning eng yaxshisi Jezus va de Bryoyne kombinatsiyasidan keyin yuzaga keldi, ammo forvard imkoniyatdan unumli foydalanmadi.

Jezusning o‘sha 21-daqiqasidagi zarbasini detallarga bo‘lib o‘rgansak, "Siti"ning barcha rejalari amalga oshganini sezamiz. Bernardu markaziy forvard joyidan qanotga ketdi va o‘zi bilan Ramosni olib ketdi. De Bryoyne liniyalar oralig‘ida to‘pni qabul qildi va soniyalar ichida ajoyib "pas" o‘ylab topdi. Jezus esa qanot va markaziy himoyachi o‘rtasiga emas, qanot futbolchisining orqasiga ochildi qanotdan, ya’ni haqiqiy vingerlardek.

Kurtua davrozasi oldidagi navbatdagi xavfli vaziyat ham Jezus va De Bryoyne ijrosida amalga oshdi. Braziliyalik burchak to‘pidan keyin kiper yo‘q bo‘sh darvozaga zarba yo‘lladi. Ammo zarba qovushmadi va to‘p Ramos orqali rikoshet bo‘lib darvoza chizig‘idagi Kazemiroga tegdi.

"Siti" shu vaziyatlardan birida, birinchi bo‘lib gol urganda adolat borasida ortiqcha e’tirozlar bo‘lmasdi. Ammo Gvardiolaning rejasi shu qadar ehtiyotkor ediki, unda gollar yo‘qligi borasida e’tiroz bildirish o‘rinsiz edi. Uni ortiqcha himoyaviy deb ham bo‘lmaydi, lekin Gvardiolaga xos emas.

Ajobtovur ikkinchi bo‘lim: boshqacha futbol va De Bryoyne
Ikkinchi taymdagi ilk xavfli vaziyatni ham mehmonlar yaratishdi. Maxrez qulay vaziyatga chiqib bordi va uzoq burchakni nishonga oldi, lekin Kurtua yana jamoasi joniga oro kirdi ("Real"ning uchrashuvdagi eng yaxshi futbolchisi). Endi "Siti" butkul boshqacha harakat qila boshladi. Xuddiki, birinchi bo‘lim bo‘lmagandek. 60% to‘pga egalik qilish, raqib jarima maydoniga yaqin hududga joylashib olish va ko‘p zarba berish. Sxema 4-4-1-1 dan 4-2-3-1ga o‘zgardi.

Ikkinchi taymning dastlabki 15 daqiqasida zarbalar statistikasi 5-2 "Siti" foydasiga va bu o‘yin borishini ko‘rsatib turardi. Lekin Ederson darvozasiga yo‘llangan ikkinchi zarba golga aylandi. O‘sha vaziyatda Uoker qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi: avvaliga u to‘pni egalladi, lekin Vinisius bilan kurashda, to‘pni darvozadan uzoqlashtirish o‘rniga, nimadir qilmoqchi bo‘ldi va oldirib qo‘ydi. Vinni va Isko bir o‘zi qolgan Fernandino hech nima qila olmadi. Nega bir o‘zi qolgandi? Chunki Otamendi odatdagidek oldinga tashlangan, to‘pni olib qo‘ya olmagach, shoshilmay, futbol tomosha qilib joyiga qaytayotgandi.

Paradoks: "Siti" birinchi bo‘limda qo‘rqoqligi uchun mukofotlandi, ikkinchi bo‘lim avvalida jasurligi uchun jazolandi. Hisob 1:0 bo‘lgandan keyin, "Siti" odatiga ko‘ra, hujumkor futbol namoyish etishdan boshqa varianti qolmagandi.

O‘yinning oxirgi yarim soatini mehmonlar boshqaruvi ostida o‘tdi deb bo‘lmaydi. Ha, ular to‘pga egalik qilishdi, lekin o‘yin tizgini ularning qo‘lida emasdi va ular ketma-ket xavfli vaziyatlar bilan raqibni qiynab tashlay olmayotgandi. Hal qiluvchi omil yana De Bryoyne bo‘ldi.

De Bryoyne – daho. Javob to‘pini u yo‘q joydan "yasab berdi". Valverde va Kazemiro qo‘riqlayotganiga qaramay, oldinga harakatlana olmasdi: yo‘nalishni Modrich qo‘riqlayotgandi, Kevin yo maydon tashqarisiga harakatlanishi kutilayotgandi. Biroq KDB raqibning besh futbolchisi ichidan sherigi Jezusni payqay oldi va uning kallasi yordamida to‘pni darvoza to‘riga joylab qo‘ydi. Uzr, Kevin Ramos yetolmaydigan qilib ajoyib uzatmani amalga oshirdiki, Gabi to‘pga zarba berish uchun sakrashi ham talab qilinmadi.

Penaltini golga aylantirish uchun juda "aqlli" bo‘lish shart emasdek. Ammo "Siti"ning oxirgi antirekordlaridan (oxirgi to‘rtta penalti golga aylanmagan) keyin, bu ish ham mushkul vazifa bo‘lib qolgandi. Kevin nuqtaga kelar ekan, nafaqat jamoasini oldinga olib chiqishi va noxush an’anaga nuqta qo‘yishi mumkin edi, balki ishonch bilan harakat qilayotgan mehmonlarga ruhiy zarbaga sababchi bo‘lishi ham mumkin edi. Lekin u adashmadi, termadagi jamoadoshi Kurtua va to‘pni turli burchaklarga ravona qildi.

Yakuniy natija adolatlimi?
O‘yinning so‘nggi daqiqalarini inobatga olib, "Siti"ning omadi chopdi desak bo‘lardi. Penalti belgilangan vaziyatda ham (Karvaxal tajribasiz futbolchilardek xatoga yo‘l qo‘ydi), Ramosning qizil kartochkasi epizodida ham. Lekin bularning barchasini faqatgina omad sabab deyish noo‘rin bo‘ladi chamamda. Gvardiola nafaqat Zidanni, balki barcha-barchani hayron qoldirdi. Bundanda kutilmagan qaror qabul qilishning iloji yo‘q edi bu vaziyatda. Birinchi bo‘limni, himoyaviy, o‘ta ehtiyotkor futbol bilan o‘tkazib, raqibni qaysidir ma’noda bunga ishontirgach, Gvardiola ikkinchi bo‘limda o‘sha eski-tanish "Siti"ni qaytardi.

"Biz yaxshiroq o‘yin ko‘rsatayotganimizda gol o‘tkazib yubordik, lekin keyin "Real" yaxshiroq o‘ynayotganda gol urdik. Bu futbol", — dedi Pep o‘yindan keyin. Juda ma’noli va to‘g‘ri gap. Bu futbol va unda natijani oldindan aytish mushkul ish. "Siti" o‘zi uchun juda qulay vaziyat yarata oldi, lekin barchasi "Ettixad"da hal bo‘ladi.

Omonjon To‘xtamirzayev tayyorladi

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ikki bo‘limda ikki xil "Siti" yoxud "Real Madrid" - "Man Siti" o‘yini haqida