16:40 / 02.09.2017
15 439

Inson organizmi haqida 40 ta qiziqarli ma’lumot: ikkinchi o‘ntalik

Inson organizmi haqida 40 ta qiziqarli ma’lumot: ikkinchi o‘ntalik
Aziz mushtariy, e’tiboringizga inson organizmiga taalluqli bo‘lgan 40 ta qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etmoqdamiz.

Marhamat, uning IKKINChI O‘NTALIGI bilan tanishing!

11-ma’lumot: inson organizmida o‘ta murakkab biokimyoviy reaksiyalar sodir bo‘lishini hammamiz bilamiz. Iste’mol qiladigan oziq-ovqatimiz tarkibida oqsil, yog‘, uglevod va mineral tuzlar bo‘lishi ham barchamizga ayon.

Oqsillar tarkibi — azot tarkibli murakkab molekulali aminokislotalar ekanligi ham ko‘pchilikka ma’lum.

Xo‘sh, tanamizdagi murakkab biokimyoviy reaksiyalar qanday, bir kunda necha marta sodir bo‘lishi mumkinligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Umuman, buni tasavvur qilish mumkinmi?

Buni qarangki, oqsil tarkibidagi 20 dan ziyod aminokislotalar 2500000000000000000 ta biokimyoviy reaksiyalar orqali oqsil moddalarning turli ko‘rinishlarini hosil qilarkan.

Reaksiyalar sonini to‘g‘ri o‘qiy oldingizmi o‘zi..?

12-ma’lumot: xalqimiz orasida “adrenalin” iborasi juda mashhur. Ushbu gormon nomini his-hayajon, g‘ayrat-shijoat kabi sifatlar bilan bog‘lashadi.

Fanda adrenalin gormoni termin sifatida 1901 yildan buyon qo‘llanib kelinadi. U birinchi marta 1905 yilda kimyoviy sintez orqali olinib, so‘ng batafsil o‘rganilgan.

Nima deb o‘ylaysiz, sizda adrenalin miqdori qancha?

Sizning his-hayajon holatingiz adrenalin paydo qiladimi yoki aksincha, adrenalin gormonining qonga ajratilgan miqdori sizni his-hayajonga solib, g‘ayrat, shijoat, qo‘rquv, xayrat kabi ruhiy holatlarga soladimi?

Buni qarangki, atigi 15 gramm adrenalin gormoni butun yer yuzidagi insonlarni “hayajonga solish” uchun yetarli bo‘larkan.

Demak, ushbu gormonning qonimiz tarkibidagi miqdori odatda juda-juda kam bo‘larkan. Biroq hayajon uchun shu ham yetarli!

13-ma’lumot: tanamizning aksariyat qismi, ayniqsa qon oqsil to‘qimalardan iboratligini ko‘pchiligimiz bilamiz. Oqsil, o‘zining tabiatiga ko‘ra, issiqlik ta’sirida tezda o‘zgaruvchan, ya’ni quyuqlashuvchan modda.

Masalan, tovuq tuxumi. U sirtki qobig‘idan tashqari 100% oqsildan iborat. Tuxum bir oz yuqori haroratda “pishib” qolishi barchamizga ayon. Demak, yuqori harorat — kishi organizmi uchun xavfli!

Tana haroratining me’yori 36.6 oC ekanligi ma’lum. Bu ko‘rsatkich sutemizuvchi hayvonlarda 32–39 oC, qushlarda 40–41 oC ni tashkil etadi. Odam isitma qilganda 40–41 oC dan so‘ng varaja, alahsirash, behushlik kuzatiladi.

Inson organizmi eng ko‘pi bilan 44–45,5 gradus, ayrim hollarda selsiy shkalasi bo‘yicha 45–46 gradus haroratni ko‘tara olishi mumkin ekan.

Harorat 45–46 oC dan oshgandan so‘ng qon tarkibidagi oqsil quyuqlashib, natijada inson nobut bo‘ladi. Shuning uchun issiq havoda yurganimizda ko‘p miqdorda suv ichamiz, tez-tez nafas olamiz, nafas chiqarish va ter ajratish orqali o‘zimizni sovutishga harakat qilamiz...

14-ma’lumot: tanamizda ro‘y beradigan murakkab biokimyoviy reaksiyalar tufayli inson organizmida kuch-quvvat paydo bo‘lishini yaxshi bilamiz.

Mazkur moddalar almanishuvi deb ataladigan reaksiyalar natijasida tanamizdan issiqlik energiyasi ham ajralib chiqadi. Shu energiya hisobidan tana haroratini bir me’yorda ushlashga muvaffaq bo‘lamiz.

Aynan o‘sha issiqlik energiyamizni behuda sarflamaslik uchun qalin kiyimlar kiyib yuramiz (kuz-qish oylarida), yoki aksincha, tana haroratini bir me’yorda ushlash maqsadida yengil kiyinamiz (bahor-yoz oylarida).

Xo‘sh, bir sutka davomida o‘rta yoshdagi o‘rtacha vaznli kishi qancha issiqlik ishlab chiqaradi? Buning o‘lchovi, miqdori bormi o‘zi?

Albatta bor! Buning o‘lchov va miqdorini misol tariqasida aniqlaymiz. Kishi bir sutka mobaynida tanasidan chiqargan issiqlik quvvati bilan 33 litr muzdek (0 oC dan) suvni qaynatsa (100 oC gacha) bo‘ladi.

Ana shunaqa!

15-ma’lumot: 1 minutda 60 sekund, 1 soatda 60 minut, 1 sutkada 24 soat borligini yaxshi bilasiz...

Xo‘sh, bir sutka davomida necha soat uxlaysiz? 8 soatmi? 10 soatmi? O‘zi umuman, hayotimizning qancha vaqtini uyquga bag‘ishlaymiz? Bu haqda hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Ma’lum bo‘lishicha, inson o‘rtacha umr yoshi — 60 yilning 20 yilini uyqu bilan o‘tkarkan. Axir kishi uxlamasdan eng ko‘pi bilan 3 sutka yurishi mumkin-da!

16-ma’lumot: tanamizda mavjud sezgi organlarining ahamiyati beqiyos. Ular tufayli och qolgach, ovqatlanamiz, toliqqach, uxlaymiz. Ko‘ramiz, eshitamiz, his etamiz va hokazo...

Eng kuchli sezgi retseptorlari til va lablarimizda joylashgan. Tanamizni qoplab olgan teri qavatining istalgan qismi ham ana shunday sezgi tugunlariga boy.

Masalan, teri sathi yuzasining 1 santimetr kvadratida 100 dan ortiq, butun teri sathida esa millionga yaqin og‘riq nuqtalar (asab tugunlari) mavjud.

17-ma’lumot: sizga “qanday eshitayapsiz”, deb savol bersak, “yaxshi” deb shu ondayoq javob qaytarasiz.

Agar sizga “«nima orqali eshitayapsiz”, deb so‘rasak, albatta “qulog‘im orqali” deb javob qaytarasiz. Biroq eshitish funksiyasi naqadar murakkab jarayon ekanligi xayolingizga ham keltirmaysiz...

Diqqat qiling: avval quloq pardasi havoda hosil bo‘lgan tovush ta’sirida tebranadi va o‘sha tebranishlar “maxsus kod” orqali miyaga yuboriladi. Miyaning eshitish hududida haligi kodlar tilsimi aniqlanib (kodlar tahlil etilib), miya hujayralari lozim topgan buyruq orqali javob qaytariladi (til, jag‘ va lablarga buyruq beradi).

Bu jarayon sekundning bir necha yuz bo‘lagidan birida amalga oshiriladi. Masalan, o‘z ismingizni 0.01 sekund ichida eshitib, 0.15 sekund ichida o‘sha tomonga qaraysiz.

18-ma’lumot: inson organizmini yuksak kompyuter texnologiyalari bilan boyitilgan millionlab ishlab chiqarish uskunalariga ega zavod-fabrikaga o‘xshatish mumkin. Bu shartli o‘xshatish, albatta...

Bitta inson organizmida kechadigan ish hajmini — Yer yuzida mavjud zavod-fabrikalar bajara olmagan bo‘lar edi. Birgina miya faoliyatining murakkabligi — shu kecha-kunduzda mavjud aloqa tizimlaridan-da murakkabroq!

Masalan, miya yarimsharlari po‘stlog‘ining 1 millimetr kubidan 30 mingga yaqin neyron mavjud. Ularning har biri sekundning bir necha yuz bo‘lagi davomida 2–5 ming neyron bilan axborot almashishga qodir. Endi butun bir miyaning ish faoliyatini tasavvur qilavering!

19-ma’lumot: oq qon tanachalari — leykotsitlar. Ular qon tarkibidagi zararli moddalarni (viruslar, bakteriyalar, yot tanachalarni) bartaraf etadi.

1 millilitr qon tarkibida leykotsitlar soni 4–9 ming atrofida bo‘lishi me’yoriy ko‘rsatkich. Buni yaxshi bilasiz...

Qizil qon tanachalari esa — eritrotsitlar. Ular to‘qimalarga kislorod tashuvchi tanachalar bo‘lib, 1 millilitr qon tarkibida eritrotsitlar soni 3.9–5.5 million atrofida bo‘lishini ham yaxshi bilasiz.

Agar inson tanasida mavjud qon tarkibidagi eritrotsitlarni minutiga 100 donadan sanashga ulgursak, ularning barchasini sanab ulgurish uchun 450–500 ming yil vaqt kerak bo‘lar edi.

20-ma’lumot: inson organizmida mavjud qaysidir modda uning ma’lum bir organi yoki to‘qimasida ishlab chiqariladi (sintezlanadi).

Biroq bu “ishlab chiqarishda” tanamizda oqayotgan qon ishtirok etmasdan iloji yo‘q...

Xo‘sh, shunday ekan, unda qizil qon tanachalari — eritrotsitlar qayerda ishlab chiqariladi? Bu haqda bilasizmi? Qancha miqdorda ishlab chiqarilishini-chi?

Bilmasangiz, bilib oling! Bir sutka mobaynida suyak ko‘miklarida 320 milliard dona eritrotsit ishlab chiqariladi. Bu bilan qon tarkibidagi eritrotsitlar o‘ziga xos tarzda “yangilanib” turiladi.

Manba: qalampir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Inson organizmi haqida 40 ta qiziqarli ma’lumot: ikkinchi o‘ntalik