Jurnalistlar Petrov va Boshirovning maxsus xizmatlarga aloqadorligi belgilarini topishdi

  • Dunyo
  • 15-09-2018, 20:35
  • 688
  • Журналистлар Петров ва Бошировнинг махсус хизматларга алоқадорлиги белгиларини топишди
    14 sentyabr kuni “The Insider” nashri va “Bellingcat” tadqiqot guruhi Rossiya Federal migratsiya xizmati (FMS)Buyuk Britaniya hukumati tomonidan Skripallarga suiqasdda gumonlanayotgan Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirovga oid tekshiruvlarining birinchi qismini eʼlon qildi. Tadqiqotchilarning soʻzlariga koʻra, ularning hujjatlaridagi belgilar ular Rossiya razvedka boshqarmasiga (GRU) aloqadorligini tasdiqlaydi.

    “The Insider” va “Bellingcat” Federal Migratsiya xizmatining Petrov nomiga pasport berish toʻgʻrisidagi ariza nusxalarini eʼlon qildi. Hujjatni birinchi boʻlib qoʻlga kiritgan “The Insider” nashri yozishicha, bu maʼlumotni Rossiya politsiyasidagi manbadan olgan.

    Federal migratsiya xizmati bazasida Aleksandr Petrovning avvalgi pasporti, uning avvalgi hayoti, umuman “2009 yilga qadar bu dunyoda mavjud boʻlgani”ga oid maʼlumot yoʻq.

    Petrovning arizasining ikkinchi tomoni - xizmat belgilari uchun moʻljallangan qismi toʻldirilmagan

    Jurnalistlar hujjatda “maʼlumot berilmasin” (“svedeniy ne davat”) qaydi qoʻyilgani, bu muhrga qoʻshimcha ravishda “mutlaqo maxfiy” (S.S. — sovershenno sekretno) belgisi qoʻyilganiga eʼtibor qaratishgan.

    “The Insider”ning qayd etishicha, bu yozuvlar Petrov maxsus xizmatlarga aloqadorligini koʻrsatadi.

    “Fontanka” nashrining aniqlashicha, yoʻlovchilarni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga koʻra, Boshirov va Petrovning xalqaro pasport raqamlari faqat bir raqam bilan farqlanadi — 1297 va 1294. Federal migratsiya xizmati bazasida har bir shaxsning xalqaro pasportga egaligi aks etadi, lekin u yerda Boshirov va Petrov haqida maʼlumot yoʻq. Petrov va Boshirovga Rossiya ichki pasportlari Federal Migratsiya xizmatining 770001 raqamli Moskvadagi boshqarmasi tomonidan berilgan. Jurnalistlarning tasdiqlashicha, bu boshqarmada oddiy fuqarolar emas, faqat huquq tartibot organlarining vakillari hujjat olishadi.

    Pasport boʻyicha Petrov 1979 yil 13 iyulida Arxangelsk oblastida, Kotlas shahrida tugʻilgan. Hujjatlarga koʻra, u 2007 yildan buyon Moskva viloyatining Chertanova tumanida istiqomat qilib keladi. Odatda migratsiya xizmati hujjatlarida “oddiy fuqarolar”ning ichki va xorijiy pasportlarni olishi, xorijga safarlari, propiska haqidagi kabi muayyan maʼlumotlar qayd etiladi. Biroq Aleksandr Petrovning dosyesi boʻm-boʻsh.

    Hujjatlardan maʼlum boʻlishicha, 2009 yilning noyabrida Aleksandr Yevgenyevich Petrov Federal migratsiya xizmatiga “yaroqsiz pasportini almashtirish uchun” murojaat qilgan. Dosyeda oʻsha “yaroqsiz pasport”ning tartib raqami bor. Faqat bunday raqamli pasport hech qachon hech kimga berilmagan.

    Rosreyestr maʼlumotlariga koʻra, 2007 yilda Chertanovodagi kvartiralardan birining egasi Petrov boʻlgan. Ammo bu shaxsning familiyasidan boshqa maʼlumotlari Buyuk Britaniya tomonidan ayblangan shaxs maʼlumotlariga mos kelmaydi. Bu kvartirada ayni vaqtda butunlay boshqa odam yashamoqda.

    Bu kvartiraga 2014 yildan buyon egalik qilayotgan ayol kvartiraning avvalgi xoʻjayinini tanimaydi. Ammo u kvartiraning sobiq egasi boʻlgan Petrovning sobiq rafiqasi Mariyani tanidi. Uning aytishicha, 2014-2016 yillarda u yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun Aleksandr Petrov nomiga yozilgan jarima qogʻozlarini olishda davom etgan. Ikki yil muqaddam bunday jarimalar kelishi toʻxtagan.

    Qoʻshnilar Aleksandr Petrov haqida hech narsa bilishmaydi.

    Petrov va Boshirovning pasportni almashtirish boʻyicha arizasida “Maʼlumot berilmasin” qaydining oldida 195-79-66 telefon raqami ham yozilgan. 195-ATS Moskvaning Rossiya Razvedka boshqarmasi (GRU) joylashgan tumaniga qarashli. Bu holda maʼlumotnomada koʻrsatilgan raqamlar uning ishxonasi raqami boʻlishini mumkinligi taxmin qilinadi.

    Migratsiya xizmatidagi manba ham, bunday shtamplar (S.S) maxsus xizmatlar xodimlari va yuqori martabali amaldorlar uchun qoʻyib berilganini aytgan. FMS bunday shaxslar haqidagi maʼlumotlarni sudlarga yoki boshqa xizmatlarga bermaydi.

    Aniqlanishicha, bu “ikki turist” Londonga aviachiptalarni uchishdan bir kun oldin sotib olgan. Bu ham ular Simonyanga berilgan intervyudagi soʻzlarga zid kelmoqda. Boshirov va Petrov Solsberiga borishni avvaldan rejalashtirib yurishganini aytishgandi. Yuliya Skripal 1 mart kuni Londonga uchish uchun aviachipta olganidan keyin negadir ular ham Buyuk Britaniyaga shoshilishgan...

    » » Jurnalistlar Petrov va Boshirovning maxsus xizmatlarga aloqadorligi belgilarini topishdi
    Яндекс.Метрика