18:18 / 25.04.2024
402

Devid Kemeronning Markaziy Osiyo davlatlariga safari: G‘arb nimadan xavotirda?

Devid Kemeronning Markaziy Osiyo davlatlariga safari: G‘arb nimadan xavotirda?
Joriy yilning 22 aprel kunidan boshlab Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri, hozirda tashqi ishlar vaziri sifatida faoliyat yurituvchi Devid Kemeron o‘zining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab safarini boshladi. Britaniya Tashqi ishlar vaziri dastlab Tojikiston hamda Qirg‘iziston rahbarlari bilan uchrashdi. 23 aprel kuni esa Toshkentga keldi.

Tojikiston va Qirg‘izistondan farqli o‘laroq Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri bilan davlat rahbari emas, balki O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov muzokara olib bordi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlik, ta’lim, iqlim o‘zgarishi, ikki tomonlama savdo hamda biznes aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama etilgan.

Britaniya hukumati yuqori martabali mulozimining mintaqaga tashrifi Rossiya Ukrainaga ochgan urush hanuz davom etayotgan va o‘zining uchinchi yiliga kirib borayotgan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. Bu ko‘plab savollarni paydo qildi.

“Daryo” ushbu mavzu doirasida siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov va siyosiy tahlilchi, “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy muassasasi eksperti Nargiza Umarova bilan suhbatlashdi.

Suhrob Bo‘ronov Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirining video murojaatiga e’tibor qaratib, Britaniyaning mintaqadagi qiziqishlarini taxmin qildi.

"Devid Kemeronning videodagi fikrlari diqqat bilan ko‘rilsa, Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyodagi qiziqishlarini quyidagicha tahlil etish mumkin:

Birinchidan, geosiyosiy manfaatlar. Ushbu manfaatlarni Kemeron Markaziy Osiyoning Rossiya, Xitoy, Afg‘oniston va Eron o‘rtasida joylashgani va mintaqa davlatlarining ma’lum tanlov oldida turgani bilan izohlayapti.

Ikkinchidan, iqtisodiy qiziqishlar. Yuqoridagi videoda Kemeron Tojikistondagi yirik loyihalardan biri Nurek gidroelektr stansiya loyihasi bilan tanishmoqda. Demak, Buyuk Britaniya Markaziy Osiyo davlatlaridagi yirik loyihalarga sarmoya kiritishni maqsad qilgan bo‘lishi mumkin.

Uchinchidan, milliy-mintaqaviy xavfsizlik bilan bog‘liq manfaatlar
", — deydi siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov.

Siyosatshunos Suhrob Bo‘ronov
Foto: “Daryo”

Siyosiy tahlilchi, “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy muassasasi eksperti Nargiza Umarova Buyuk Britaniya tashqari ishlar vazirining Markaziy Osiyoga kelishi, mintaqa uchun va jahon hamjamiyati uchun jiddiy signal ekanligini ta’kidladi.

Devid Kemeronning mintaqaga tashrifi Markaziy Osiyo uchun va jahon hamjamiyati uchun jiddiy signal hisoblanadi. So‘nggi vaqtlarda G‘arb dunyosi vakillari o‘zining Markaziy Osiyodagi siyosatini faollashtirdi. Masalan, buni yirik siyosatchilarning mintaqaga tashrifi va Markaziy Osiyo mamlakatlarining rahbarlarini xorijga tashriflari misolida ko‘rish mumkin. Xo‘sh, nega bunday bo‘lmoqda? Chunki Yevrosiyoda bir necha yillardan beri davom etayotgan geosiyosiy inqiroz (Rossiya va Ukraina urushi) hali ham davom etmoqda.

Bundan tashqari, Britaniya tashqi ishlar vazirining mintaqaga tashrifidan oldin Rossiya va Ukraina urushiga doir bir muhim voqealik yuz berdi. Bundan oldin mutaxassislar AQSH tomonidan Ukrainaga yordam kechiktirilishini bashorat qilgan edi. Ammo kuni kecha Amerika Kongressi Ukrainaga yirik moliyaviy yordam berishni tasdiqladi. Bu Yevrosiyodagi geosiyosiy xaus yana uzoq muddatga cho‘zilishidan darak beradi
— deydi siyosiy tahlilchi, “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy muassasasi eksperti Nargiza Umarova.

U so‘zida davom etib, G‘arbning maqsadi – Markaziy Osiyoda Rossiya va Xitoyning ta’sirini tiyib turish ekanligini ta’kidladi.

G‘arb o‘z strategiyasida har doim Markaziy Osiyoni o‘zining ikkita yirik raqiblari Xitoy va Rossiyadan muhofazalashini yashirmagan. Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligining relizlaridan ham bu narsa o‘z tasdig‘ini topgan edi. Kemeronning o‘zi ham “Dunyodagi geosiyosiy vaziyat tarang bo‘lgan bir holatda biz qo‘l qovushtirib, kabinetda o‘tira olmaymiz va manfaatlarimizni himoya qilamiz kerak”, deb aytgan edi.

Siyosiy tahlilchi, “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy muassasasi eksperti Nargiza Umarova
Foto: “Daryo”

2023 yilning dekabr oyida Buyuk Britaniya parlamenti quyi palatasining xalqaro munosabatlar qo‘mitasi tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlariga bag‘ishlangan jiddiy ma’ruza taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Bu ma’ruzadan keyin “geosiyosiy keskinlik avj olgan bir pallada Buyuk Britaniya Markaziy Osiyo bo‘yicha o‘z strategiyasiga ega bo‘lishi kerak”, degan xulosaga kelinadi. Bu juda ham katta gap. Chunki mana shundan keyin Buyuk Britaniya + C5 formatida uchrashuv o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Lekin bu sammitning vaqti aniq emas. Ammo bu Buyuk Britaniyaning mintaqaga e’tibori kuchayganidan dalolat beradi. Bu Markaziy Osiyo davlatlari uchun o‘ziga xos imkoniyat. Sababi Devid Kemeron shunchaki quruq qo‘l bilan kelgani yo‘q. U yirik tashabbuslar bilan, ayniqsa, mintaqa mamlakatlari kutayotgan tashabbuslar bilan ham keldi.

G‘arbning maqsadi — Markaziy Osiyoda Rossiya va Xitoyning ta’sirini tiyib turish hisoblanadi. Ularning maqsadi rossiyalik ekspertlar aytganidek Markaziy Osiyo mamlakatlarini Rossiyadan butunlay uzish emas, balki Xitoy va Rossiyaning mintaqada yuqorilab borayotgan ta’sirini tiyish. Bu muhim nuqta!
, — dedi Nargiza Umarova.

Ma’lumot o‘rnida, 23 aprel kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Buyuk Britaniya tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha davlat kotibi Devid Kemeronni qabul qildi. Shundan so‘ng britaniyalik mulozim O‘zbekistonga bir kunlik safarini yakunlab Qozog‘istonga jo‘nab ketdi. 24 aprel kuni Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan uchrashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Devid Kemeronning Markaziy Osiyo davlatlariga safari: G‘arb nimadan xavotirda?