00:10 / 04.06.2022
3 051

Ukrainadagi urush qanday yakunlanishi mumkin? Ehtimoliy besh variant

Ukrainadagi urush qanday yakunlanishi mumkin? Ehtimoliy besh variant
Donbassliklar rossiyaliklar zarbalaridan vayron bo‘lgan uylari xarobalaridan lash-lushlarini yig‘ishtirishmoqda, 2022 yil 1 iyun
Barcha urushlar suvi ko‘tariladigan va ortga qaytadigan okeanga o‘xshaydi, Rossiyaning Ukrainaga bosqini ham bundan mustasno emas.

Himoyalanuvchi kuchlarning tezda tor-mor bo‘lishi xavfi o‘rnini rossiyaliklarning chekinishi va ukrain qarshiligi kuchayishi egalladi. U ham o‘z navbatida, Rossiyaning Ukraina sharqida nisbatan yo‘naltirilgan yurishlariga o‘rnini bo‘shatib berdi.

Urush boshlanganidan buyon yuz kun o‘tdi. Hozir bu urush qachon tugashi haqida gapirish mumkinmi? BBC diplomatik korrespondenti Jeyms Lendeyl shu haqda fikr yuritdi.

Bu borada birdaniga beshta ehtimoliy ssenariyni keltirish mumkin, ular bir-birini istisno qilmaydi, shu bilan birga, ishonchlilik doirasida qoladi.

1. Uzoq davom etuvchi vayrongarchilik urushi

Ukrain va rus harbiylari bir-birini muntazam ravishda qirishga kuch topa olar ekan, urush yana oylar va hatto yillarga cho‘zilishi mumkin.

Tomonlarning biri taktik mag‘lubiyatga uchrashi yoki muvaffaqiyatga erishishi bilan vaziyat o‘zgarib turadi. Ammo tomonlarning hech biri taslim bo‘lishni istamaydi. Rossiya prezidenti strategik chidamlilik namoyish etib, G‘arb Ukrainaga yordam berishdan charchab, o‘z iqtisodi va Xitoy tahdidi bilan shug‘ullanishga e’tibor qaratishini kutgan holda muvaffaqiyatga erishish mumkin deb hisoblaydi.

G‘arb esa hozircha qat’iylik ko‘rsatmoqda va Ukrainani qurol-yarog‘ bilan ta’minlashda davom etmoqda. Jang maydonida amalda front chizig‘i shakllangan, urush asta-sekin «adoqsiz urush» pozitsiyasiga o‘tmoqda.

Rossiyaparast kuchlar Donetsk oblastidagi Yasinovatayadagi ukrain pozitsiyalarini o‘qqa tutmoqda
«Yaqin istiqbolda men tomonlardan birining batamom taktik yoki strategik g‘alabaga erishish imkoniyatini ko‘rmayapman. Urushuvchi tomonlarning hech biri hal qiluvchi strategik zarba berishga qodirligini namoyish eta olmadi», degan avstraliyalik iste’fodagi general Mik Rayan.

2. Putin sulh e’lon qiladi

Putin barchani hayratda qoldirib, bir tomonlama tartibda o‘t ochishni to‘xtatish haqida e’lon qilsa-chi? Shu tariqa, u egallab olingan hududlarda mustahkamlanib, g‘alaba haqida ham e’lon qilishi mumkin.

Putin «maxsus harbiy amaliyot» o‘z maqsadiga erishganini aytishi mumkin: Kremlning madadi tufayli Donbassdagi ayirmachilar ishonchli himoyalangani, Qrimga quruqlikda yo‘lak o‘tkazilgani haqida. Shundan keyin u ruhiy ustunlik pozitsiyasidan turib Ukrainani harbiy harakatlarni to‘xtatishga majbur qilishi mumkin bo‘ladi.

«Yevropaning Ukrainani shartli tinchlik evaziga qurolni tashlab, hududlaridan voz kechishga ko‘ndirish istagi bilan o‘ynashishni istasa, Rossiya bu usuldan istalgan vaqtda foydalanishi mumkin», deydi Qirollik Xalqaro munosabatlar institutining (Chatem-Haus) Rossiya bo‘yicha eksperti Kir Jayls.

Vladimir Putin G‘arb Ukrainaga yordam berishdan charchashi va e’tiborini o‘z iqtisodiyotiga qaratishga qaytishiga stavka qo‘yishi mumkin
Allaqachon Parijda, Berlinda va Rimda quyidagicha nuqtayi nazarlar yangragan: urushni davom ettirish nega kerak, global iqtisodiy muammolar bilan shug‘ullanish vaqti keldi, keling sulhga erishaylik.

Ammo bunga AQSH, Buyuk Britaniya hamda Sharqiy Yevropaning aksar mamlakatlari qarshi chiqishgan, bu davlatlar siyosatchilari Rossiya bosqini barcha jabhalarda butunlay barbod bo‘lishi kerakligiga amin.

Shunday ekan, Rossiya bir tomonlama sulh e’lon qilishi vaziyatni o‘zgartirishi mumkin, lekin harbiy harakatlar butunlay yakunlanishiga olib kelmaydi.

3. Jang maydonida boshi berk ko‘chaga kirish

Agar Rossiya ham, Ukraina ham harbiy yo‘l bilan hech narsaga erishib bo‘lmasligi to‘g‘risida xulosaga kelib, mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal qilish uchun muzokaralarga kirishsa-chi?

Aytaylik, ularning armiyalari jonli kuch va texnika jihatidan holdan toyadi. Urushning davom ettirilishi endi qon to‘kish va resurslarni sarflashga arzimaydi. Rossiyaning harbiy va iqtisodiy yo‘qotishlarini to‘ldirib bo‘lmaydi. Ukrain xalqi ham urushdan charchaydi, odamlar noaniq g‘alaba uchun jonini tikishni istamaydi.

Kiyevdagi rahbariyat G‘arb kelgusida ham Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga ishonqiramasa va muzokaralar stoliga o‘tirish vaqti keldi deb hisoblasa nima bo‘ladi?

Axir AQSH prezidenti Jo Bayden ham ochiqchasiga amerikaliklarning maqsadi - Ukrainaning muzokaralar stolida maksimal darajada kuchli pozitsiyada bo‘lishiga ishonch hosil qilish ekanini aytmoqda. Ko‘pchilik G‘arbning Rossiya mag‘lub bo‘lishini istashi va Ukraina g‘alaba qozonishini istashi o‘rtasida farq borligini aytmoqda.

Ammo jang maydonidagi hozirgi vaziyat yana ko‘p oylar davomida saqlanib qolishi, mojaroning siyosiy yechimini topish yanada murakkablashishi mumkin. Qolaversa, Kiyev Moskvaga ishonmaydi: u yerdagilar Putin bilan har qanday kelishuv nafas rostlash va yangi hujumga tayyorlanish uchun kuch yig‘ishga qaratilgan tanaffus berish bo‘ladi deb hisoblashadi.

Shunday qilib, tinchlik kelishuvi ham uzoq vaqt amal qilmasligi va harbiy harakatlar yangi kuch bilan qaytadan boshlanishi mumkin bo‘ladi.

4. Ukraina g‘alaba qiladi

Hech narsaga qaramay, Ukraina g‘alaba deb atash mumkin bo‘lgan nimagadir erisha oladimi? Ular Rossiya qo‘shinlarini chegaradan nariga surib tashlab, vaziyatni 8 yil oldingi bo‘lmasa ham, 24 fevraldan oldingi holatga qaytarishi mumkinmi?

«Ukraina bu urushda albatta g‘alaba qozonadi», dedi shu haftada Niderlandiya televideniyesiga bergan intervyusida Volodimir Zelenskiy.

Agar Rossiya Donbassni egallay olmasa va yana mag‘lubiyatga uchrasa nima bo‘ladi?

Rossiya harbiy mashinasi shusiz ham G‘arb sanksiyalari zarbasi ostida turibdi. Ukraina o‘ziga taqdim etilajak uzoq masofaga otuvchi artilleriya va juda muhim bo‘lgan baravar o‘t ochish tizimlari orqali qarshi hujumlar seriyasi o‘tkazib, Rossiya armiyasi ta’minot liniyalari o‘tgan hududlarni egallab oladimi?

Ukraina o‘z armiyasini qayta qurib, uni mudofaalanuvchidan hujum qiluvchi pozitsiyasiga o‘tkazsa nima bo‘ladi?

AQSH Ukrainaga HIMARS mobil raketa majmualari yetkazib berishni va’da qilmoqda
Bunday ssenariy ehtimoli bor va bu siyosatchilarni ehtimoliy oqibatlar haqida o‘ylantirmoqda. Putin mag‘lubiyat xavf solsa, kimyoviy yoki hatto yadro quroli qo‘llab, mojaroni yanada kuchaytirishni istab qolmaydimi?

«Menga Putin yadro quroliga ega bo‘lgan holda oddiy urushda mag‘lubiyatini tan olishi ehtimoli juda kam ko‘rinadi», degandi yaqinda bu borada Londondagi Qirollik kollejida o‘tkazilgan seminarda tarixchi Niall Fergyuson.

5. Rossiya g‘alaba qozonadi

Rossiyaning «ehtimoliy» g‘alabasi haqida nima deyish mumkin?

G‘arbdagilar Rossiya avvalgi muvaffaqiyatsizliklariga qaramay hamon Kiyevni egallash va Ukrainaning katta qismini o‘ziga bo‘ysundirish rejalaridan chekinmaganini qayd etmoqda.

Hukumat amaldorlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, bu maksimum-dasturni hech kim bekor qilmagan.

Rossiya Donbassda muvaffaqiyatga erishsa, bu hududdan bo‘shagan qo‘shinlarini boshqa yo‘nalishlarga, masalan, yana Kiyev tomon harakatlanish uchun yo‘naltirishi mumkin.

Taxmin qilish mumkinki, Rossiya harbiylarining son jihatdan ustunligi va qo‘mondonlikning bundan keyin ham o‘z askarlarini ayamasligi natija keltira boshlaydi, ukrain kuchlari esa yo‘qotishlarga uchrashi davom etadi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 29 may kuni harbiy harakatlar jadallashayotgan Xarkov oblastida askarlar bilan uchrashdi
EPA/UKRAINIAN PRESIDENTIAL PRESS SERVICE

Prezident Zelenskiyning ma’lumotiga ko‘ra, urushning har kunida ukrain jangchilaridan 50-100 nafari qurbon bo‘lmoqda, yana 500 nafarga yaqini yaralanmoqda.

Jamoatchilik fikri ham turlicha bo‘lishi mumkin: ukrainlarning bir qismi urushni davom ettirishni istasa, qolganlar sulh tuzish va odatiy hayot tarziga qaytishni talab qila boshlaydi. Qolaversa, G‘arbning ayrim davlatlari ham Ukrainaga yordam ko‘rsatishdan charchashi mumkin.

Ammo, boshqa tomondan, agar ular Rossiyaning qo‘li baland kela boshlaganini ko‘rsa, Ukraina ittifoqchilaridan kimdir mojaroni yangi bosqichga olib chiqishni istab qolishi mumkinligini istisno etib bo‘lmaydi.

G‘arblik diplomatlardan biri o‘zaro suhbatda G‘arb Rossiyani tiyib turish uchun Tinch okeanida yadro qurolini sinab ko‘rishi kerakligini aytgandi.

Shunday ekan, bu urushning kelajagi hali oldindan belgilanmagan. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainadagi urush qanday yakunlanishi mumkin? Ehtimoliy besh variant