
Eronga qarshi o‘tgan keskin va yuqori tempdagi o‘yindan so‘ng, O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Farruh Sayfiyev jurnalistlar bilan muloqotda o‘z taassurotlarini baham ko‘rdi. Unga ko‘ra, jamoa nafaqat natija, balki o‘yin sifati jihatidan ham muxlislarni xursand qila oldi.
Farruhning aytishicha, terma jamoa maydonda o‘zini erkin his qildi va raqibga qarshi ishonch bilan harakat qildi:
"Uchrashuvni yaxshi o‘tkazdik, o‘ylaymanki, muxlislar yoqtirgan o‘yinni namoyish etdik. G‘alaba bilan hammani tabriklayman", — deb ta’kidlaydi himoyachi.
“Eron bizga 10-yil avval imkoniyat qoldirmasdi”
Jurnalistlar Eron bilan bundan avvalgi yillardagi to‘qnashuvlar va hozirgi holat o‘rtasidagi katta farqni esga solishdi. Farruh Sayfiyev bu borada jamoaning ko‘p yillik mehnati hamda o‘sish jarayonini asosiy omil sifatida ko‘rsatdi:
"O‘sha paytlarda Eron bizga juda katta bosim o‘tkazardi, o‘yinda ko‘tarilib ham ulgurmasdik. Hozir esa vaziyat butunlay o‘zgardi — qiynalmay o‘ynayapmiz, kuchli raqibga qarshi ustunlik qilayapmiz. Bu bejiz emas, yillar davomida kuchli mehnat qildik. Jahon chempionatiga chiqqanimiz ham shu sa’y-harakatlar natijasi. Eron ham endi bizni jiddiy raqib sifatida ko‘ra boshladi”, — deydi u.
Kannavaro himoyachilarga alohida e’tibor qaratayapti
Farruhning aytishicha, jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro har bir futbolchi bilan bevosita muloqot qilib, individual ravishda tushuntirish bermoqda. Ayniqsa, himoyachilar bilan olib borilayotgan ishlarni u juda yuqori baholadi:
"Mashg‘ulotlarda u bizga ko‘p narsa o‘rgatyapti — to‘p bilan oldinga chiqish, hujumni tuzish, pozitsiyada to‘g‘ri turish. Kannavaro o‘zi himoyachi bo‘lgani uchun bu borada juda katta tajribasi bor. Jahon chempionatigacha hali vaqt bor, ko‘p narsani o‘rganishga ulguramiz", — dedi Sayfiyev.
Himoyachiga ko‘ra, jamoa taraqqiyotni to‘xtatmasdan, har bir o‘yinda o‘ziga talabni oshirish niyatida. Muxlislar esa bu o‘zgarishlarning amaldagi natijasini maydonda ko‘rib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.