
Rossiyaning Ukrainaga boshlagan urushi nafaqat ukrainlarni, balki mintaqa aholisining tinchini buzdi. Butun dunyoning desak ham xato bo‘lmaydi. Hatto rossiyaliklarning ham. Urush kasofati tufayli avvalo xalqaro savdo aloqalari buzildi. Ortidan rus mahsulotlariga qo‘yilgan sanksiyalar tufayli gaz va neft tahchilligi boshlandi. Narxlar qimmatlab ketdi.
Nafaqat ukrainlar, balki rossiyaliklar ham o‘z yurtini tashlab, boshqa mamlakatlardan panoh izlay boshladi. Bu jarayon ayniqsa Putin mobilizatsiya haqida farmonga imzo chekkanidan keyin keskin ortib ketdi. Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda ijara narxlarining ikki barobargacha ortib ketgani va bunga rossiyalik migrantlar sabab ekani qayta-qayta yozildi.
«Forbes»ning «HeadHunter» rekruting platformasi tadqiqotiga tayanib yozishicha, joriy yilning 21 sentyabridan 5 oktabrigacha Rossiya fuqaroligi bilan belgilangan faol rezyumelarning bir oy davomida eng katta (65%) o‘sishi Qozog‘istonda kuzatilgan. Gruziyada arizalarning soni 48% ga ortgan. Kuchli uchlikni O‘zbekiston yakunlab, ruslarning rezyumelari 47% dan ko‘proqni tashkil etgan.
Rossiyadan qochayotgan boylarning ham soni oz emas. Henley&Partners ekspertlari prognoziga ko‘ra, joriy yilda Rossiyani 15 ming nafar millioner tark etishi mumkin.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, 2022 yilning 9 oyi davomida O‘zbekistonga jami 318156 nafar Rossiya federatsiya fuqarolari kirib kelgan.
Boshqa yurtlarga borgan ruslar o‘sha yerda tinchgina yashasa ham mayli edi. Yangidan-yangi “sarguzasht”lar, g‘avg‘olar chiqarib, yerlik aholining tinchini buzmoqda.
Kuni kecha rossiyalik ayolning Tojikiston ichki ishlar xodimiga ko‘rsatgan xurmacha qilig‘i haqida xabar bergan edik. «Tilingizni tushunmayapman», to‘polon qilgan mutakabbir xotin Tojikiston IIV tomonidan hibsga olindi. Bu kabi holatlarni sanab tugatib bo‘lmaydi.
Rossiyaliklarning Turkiya davlatiga borishi ham keskin ortdi. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda ruslar Turkiyaga tashrif buyuradigan sayyohlar ichida yetakchilik qilmoqda. Istanbulda ham chor-atrofda ruscha gaplashayotgan ajnabiylarni uchratish oddiy holga aylandi. Parklarda, oshxonlarda, xiyobonlarda – hamma yerda ularga duch kelasiz.
Bir necha yildan beri Turkiyada tahsil olayotgan jurnalist Abror Masharipovning yozishicha, Antalya shahrida yashayotgan rossiyaliklar masjidlarda chaqirilayotgan azon ovozini pasaytirish uchun petitsiya boshlabdi. “Agar shu xabar rost bo‘lsa, bu surbetliklariga til ojiz. Mehmon degani izzatini bilsa-da...” deb o‘z fikrini qoldirgan jurnalist.
Ayni shu fikrlarni Youtube’dagi vlogerlardan biri ham ta’kidlab o‘tgan.
Blogeri Sasha Konovalova ham “2022 yilning kuzida ko‘chib kelgan rossiyaliklarni nima bezovta qilayotganini” birma-bir sanab chiqqan.
Pochtadagi holat
Turkiyadagi pochta bo‘limida xuddi biznikiga o‘xshab: elektron raqamni olib, tabloda ko‘rsatilishini kuting va deraza oldiga o‘ting. Bu yerning osoyishtaligini faqat bir rus ayol buzdi:
Birinchidan, u bitta emas, balki butun raqamlar to‘plamini oldi. Kamida 10! Nega?!
Ikkinchidan, u pochta xodimlarining rus tilini bilmasligidan qattiq g‘azablandi. Ajoyib!
Rus tilini biladigan turk ayol yordamga keldi. Va keyin rus ayol: “Rossiyada bunday qonunbuzarlik yo‘q!” Keyin u Rossiyada hamma narsa qanchalik ajoyib ekanini va turk mentaliteti qanchalik “dahshat”ligi haqida nutq so‘zladi.
Ko‘cha mushuklari va masjidlar
Internetda bir qiz qo‘shnisi hovlida ko‘cha mushuklarini yemish berayotganidan shikoyat qiladi: “Bu mushuklar axlatxonaga borishi aniq! Yirtqich, yirtqich!”
Ayting-chi, nima qilish kerak? Jiddiy emasmi? Turk mushuklariga siz kelgansiz. Aynan siz bobo ko‘p yillar davomida barchaning sevimlilarini ochlikdan qutqarib kelayotgan uyga kelgansiz. U nima qilish kerakligini so‘raydi... Rossiyaga qaytishni maslahat bergan bo‘lardim.
Azon ovozi
Ko‘pchilik hali ham bomdod azonidan noliydi. Bundan tashqari, ular buni ochiqchasiga va uyalmasdan aytadilar. Kunduzi masjid yonidan o‘tib, ko‘zlarini namoyishkorona aylantirib: "Sahar payti bizni bezovta qiladi bular!" deydi.
Bularning barchasi turk madaniyatiga hurmatsizlikdir. Mahalliy aholi har doim mushuklarni hurmat qilgan va himoya qilgan. Azon aytish esa musulmonlar orasida eng muhim odat hisoblanadi. Chet elga kelib, madaniyatini tanqid qila olmaysiz!
Rossiya shikoyatlari
Men shaxsan bir necha marta eshitganman, telegram chatlarida va postlarim ostidagi izohlarda va boshqa salbiy narsalarni o‘qiganman. Iqtibos keltiraman:
“Turklar MIR kartalarimizni o‘chirib qo‘yishdi. Biz bularga pul olib kelamiz, lekin bular bizga xizmat qilmaydi”.
“Meva bozorida bunday qoplar iflos! Va ular qo‘llari bilan pishloqni sindirib, sinab ko‘rishadi. Uh!".
“Kafedagi xizmat nolga teng. Moskvadan keyin Istanbulda – uzoq qishloqdagi kabi".
“Hamma qanday jirkanch ishlaydi! Turklar juda dangasa! Hatto davlat muassasalarida ham qandaydir tartibsizlik bor”.
“Xizmat ko‘rsatish sohasida hech kim rus tilini bilmaydi – na sotuvchilar, na ofitsiantlar. Ba’zilar hatto buzilgan ingliz tilida gaplashmaydi. Bu qanday?!".
"Buni eshitish va o‘qish meni og‘ritadi. Eng yomoni, turklar odatda rus tilini tushunadilar. Buni eshitish ular uchun qanchalik yoqimsiz ekanini tasavvur qila olasizmi? Turklar bizni qabul qilishdi va har doim yordam berishga tayyor. Va ularga xuddi cho‘chqa kabi...
Men o‘z ustavi bilan birovning ibodatxonasiga kiradigan odamlarni mutlaqo tushunmayman. Axir, turklar bizni chaqirib kelmadi – biz o‘zimiz keldik. Menimcha, urf-odatlarni, madaniyatni, mahalliy xalqni hurmat qilish kerak. Agar sizga yoqmasa, Rossiyaga qayting. U yerda azon uyqungizni buzmaydi, MIR kartochkalari ishlaydi, pochtada ruscha gaplashadi. Va bu haqda nima deb o‘ylaysiz?”.
Albatta bu fikrlar bilan har bir rossiyalik shunaqa deb umumiy tamg‘a urishdan yiroqmiz. Biroq tomchida ummon aks etgani kabi, shamol bo‘lganki, daraxtning uchi qimirlashga tushgan.
Darhaqiqat, rus blogerining yozganlarida jon bor. O‘z yurtingni tashlab boshqa davlatga keldingmi, bu yerdagilar bilan hisoblashishga, mahalliy urf-odatlarni va yerlik aholini hurmat qilishga majbursan. Yoqmasa, katta ko‘cha!
Qolaversa, o‘z vataningga ishlash uchun kelgan osiyolik mehnat migrantlarini “cherniy” deb tahqirlagani kabi turklar “kelginidi” va yo qochoq deb yerga urmayotgani bo‘lsa...
Yomonning bir qilig‘i ortiq, deb bekorga aytishmagan ekan...
Abdulaziz Muborak
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar