06:48 / 29.03.2025
992

AQSH harbiylari miya implantlaridan ommaviy foydalanishga tayyorlanmoqda

AQSH harbiylari miya implantlaridan ommaviy foydalanishga tayyorlanmoqda
2030 yilga borib, AQSH Qurolli kuchlari harbiy maqsadlarda miya implantlaridan keng foydalanishni boshlashi mumkin. Bu texnologiya harbiy xizmatchilarning qobiliyatini oshirish, jarohatdan keyingi reabilitatsiya jarayonini tezlashtirish va hatto jang muhitida ularning psixologik holatini boshqarish imkonini beradi.

Implantlar avval reabilitatsiya maqsadida qo‘llangan

Dastlab, miyaga o‘rnatilgan implantlar bionik protezlarni boshqarish uchun ishlab chiqilgan. Ushbu texnologiya jarohat olgan harbiylarning protezlar yordamida yana safga qaytishini tezlashtirishga yordam berdi.

Bundan tashqari, harbiy gospitalda o‘tkazilgan tajribalardan birida bemor miya implanti orqali harbiy aviatsiya simulyatoriga ulangan. Bir nechta mashg‘ulotlardan so‘ng, tajriba qatnashchisi samolyotni muvaffaqiyatli boshqarish, havoga ko‘tarish va qo‘ndirishni uddalagan. Bu esa kelajakda uchuvchilarni tayyorlash jarayonida neyroimplantlardan foydalanish imkoniyati haqida o‘ylashga turtki berdi.

DARPA implantlar ustida 10 yildan beri ish olib bormoqda

2013 yilda AQSH Mudofaa vazirligining istiqbolli tadqiqotlar boshqarmasi (DARPA) “Faol xotirani tiklash” nomli dasturni boshladi. Loyihaning asosiy maqsadi jarohat yoki kasallik tufayli xotira muammolariga duch kelgan harbiylarning xotira funksiyasini tiklay oladigan to‘liq implantatsiyalanuvchi neyron interfeysini ishlab chiqish edi.

2018 yilga kelib, DARPA Wake Forest Baptist Medical Center va Janubiy Kaliforniya universiteti olimlari bilan hamkorlikda miya implantlarini epilepsiyadan davolanayotgan ko‘ngilli bemorlarga o‘rnatish ustida ish olib bordi. Tajriba davomida implantlar nafaqat xotirani yaxshilashi, balki kayfiyatga ham ta’sir ko‘rsatishi aniqlangan.

Shuningdek, implantlar stress, charchoq va posttravmatik sindrom bilan kurashishda foydalanishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Nazariy jihatdan, askarning jang oldidan his qilgan qo‘rquvi neyroimplant yordamida "o‘chirib qo‘yilishi" mumkin.

Harbiy-havo kuchlari miya implantlarini birinchi bo‘lib joriy qilishi mumkin

2019 yilda AQSH Qurolli kuchlari Jangovar salohiyatni rivojlantirish qo‘mondonligi tomonidan e’lon qilingan hisobotda, 2030 yilga borib, miya implantlari odatiy texnologiyaga aylanishi mumkinligi ta’kidlangan.

Ayni paytda AQSH Harbiy-havo kuchlari ushbu texnologiyani amaliyotga tatbiq etishga eng yaqin turibdi. Hozirda qiruvchi samolyot uchuvchilarini tayyorlashda miya stimulyatsiyasi tizimlaridan foydalanilmoqda. Hozircha bu tizimlar elektrodlar orqali boshga joylashtirilsa-da, kelajakda neyroimplantlar bu jarayonni ancha osonlashtirishi va samaradorligini oshirishi mumkin.

Qiruvchi samolyot uchuvchilari uchun eng muhim talablardan biri – ulkan tezlikda qaror qabul qilish va tezkor reaksiyaga ega bo‘lishdir. Agar neyroimplantlar muvaffaqiyatli sinovdan o‘tsa, ular uchuvchilarning reaksiya tezligini oshirish bilan birga, bir vaqtning o‘zida bir nechta uchish apparatlarini boshqarish imkonini ham beradi.

Miya implantlari harbiy sohada yangi davrni boshlashi mumkin. AQSH mudofaa tizimi bu texnologiyani bir necha yo‘nalishda — jarohat olgan harbiylarni reabilitatsiya qilish, xotira muammolarini hal etish, jangda stressni kamaytirish va uchuvchilar qobiliyatini oshirish maqsadida sinab ko‘rmoqda. Agar bu loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshsa, 2030 yilga borib, miya implantlari harbiy amaliyotlarda odatiy texnologiyaga aylanishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo