
Soqolini majburan oldirish xavfi tufayli bir tojikistonlik erkak Buyuk Britaniyada boshpana olish huquqini qo‘lga kiritdi. Sud ushbu erkakning deportatsiya qilingudek bo‘lsa, o‘z vatanida qiynoqqa solinishi yoki soch-saqoli majburan oldirilishi ehtimoli borligini e’tiborga olib, avvalgi rad javobini bekor qildi.
Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi tomonidan deportatsiya qilinishi rejalashtirilgan erkak o‘zining diniy e’tiqodiga ko‘ra soqol qo‘yganini va uni olib tashlashga majbur bo‘lishi ta’qibga teng kelishini ta’kidlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikistonda so‘nggi yillarda hukumat norasmiy tarzda soqol qo‘yishni man etgan. Rasmiy statistikaga ko‘ra, yuz minglab erkaklar soqollari tufayli hibsga olingan, ularning soqoli majburan oldirilgan va barmoq izlari olinib, rasmiy reyestrlarga kiritilgan.
Hukumat bu harakatlarni diniy ekstremizm va radikallashuvning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar sifatida asoslaydi. Ammo inson huquqlari faollari bu siyosatni diniy erkinliklarning buzilishi, shaxsiy hayotga aralashuv va kamsitish sifatida baholashmoqda.
Sudning yuqori instansiyasi dastlabki qarorda erkakning soqolini olish qarori “ijtimoiy bosim” yoki “ta’qibdan qo‘rquv” natijasi ekani aniq farqlanmagani bois, ishni qayta ko‘rib chiqishga qaror qildi.
Sudya Parminder Saynining ta’kidlashicha, agar muhojir soqolni diniy e’tiqod sababli qo‘ygan bo‘lsa, lekin deportatsiyadan so‘ng xavfsizlik nuqtai nazaridan uni olishga majbur bo‘lsa, u holda bu holat xalqaro himoya olish uchun yetarli asos bo‘lishi mumkin.
“Agar soqol diniy e’tiqodning ifodasi bo‘lsa va uni olish majburiyati inson xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lsa, bu — ta’qib deb baholanishi mumkin. Aksincha, agar u soqolini faqat ijtimoiy bosim yoki boshqa shaxsiy sabablarga ko‘ra olsa, u holda boshpana olish sharti mavjud bo‘lmasligi mumkin,” — dedi sudya.
Mazkur holat Britaniya jamoatchiligi va siyosatchilari o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hozirda hukumat Yevropa Inson Huquqlari Konvensiyasining 3- va 8-moddalariga asoslangan arizalarni qiyinlashtirish bo‘yicha islohotlarni taklif qilmoqda. Bu moddalarda inson sha’ni, oila hayoti, qiynoqlar va kamsituvchi muomala taqiqlanishi kafolatlanadi.
Tahlilchilarning fikricha, bu kabi ishlar inson huquqlari va suveren davlatlarning xavfsizlik siyosatlari o‘rtasidagi nozik muvozanatni ko‘rsatadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar